09:22 / 04.02.2020
1
1045
Kimlarga korporativ va infrastruktura obligatsiyalari chiqarish huquqi berilmoqda?

Loyihaning asosiy maqsadi korporativ qimmatli qog‘ozlarning chiqarishga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish, respublikadagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, milliy fond bozori raqobatdoshligini oshirish, amalga oshirilayotgan loyihalarga aholi va institutsional investorlarning bo‘sh resurslarini jalb qilish uchun tadbirkorlik sub'yektlariga imkoniyat yaratish

Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasida Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Adliya vazirligidan mas'ul xodimlari ishtirokida “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan Ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.

Taklif etilayotgan loyihaning asosiy maqsadi korporativ qimmatli qog‘ozlarning chiqarishga qo‘yiladigan talablarni yengillashtirish, respublikadagi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, milliy fond bozori raqobatdoshligini oshirish, amalga oshirilayotgan loyihalarga aholi va institutsional investorlarning bo‘sh resurslarini jalb qilish uchun tadbirkorlik sub'yektlariga imkoniyat yaratishdan iborat.

Shundan kelib chiqqan holda, qonun loyihasi bilan bir qator yangiliklarga yo‘l ochilmoqda. Xususan, mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlarga korporativ va infrastruktura obligatsiyalari chiqarish huquqi berilmoqda. Mazkur normaning amaliyotga joriy etilishi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 150 mingga yaqin mas'uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlarga korporativ va infrastruktura obligatsiyalarni chiqarish imkoniyatini yaratadi. Bu nafaqat tashqi investitsiyalarni, balki, ichki investitsiyalarni ham iqtisodiyotga keng jalb etish imkonini oshiradi.

Shuningdek, korporativ va infratuzilma obligatsiyalari chiqarish shartlari endilikda “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari bilan emas, balki qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi (Kapital bozorini rivojlantirish agentligi) tomonidan belgilash tartibi joriy qilinmoqda.

Bundan tashqari, agar obligatsiya chiqarish to‘g‘risidagi qaror garov, bank kafolati yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usullar bilan ta'minlansa, ushbu qaror ta'minot taqdim etuvchi shaxs va ta'minot shartlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olishi lozimligi, bunday holatlarda obligatsiyalarni chiqarish to‘g‘risidagi qarorni ta'minlovchi shaxs ham imzolash tartibi belgilanmoqda. Bunda garov bilan ta'minlanmagan obligatsiya chiqarishga ham ruxsat berilmoqda.

Parlament quyi palatasiga kiritilgan qonun loyihasida “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4, 5, 6-moddalariga tegishli o‘zgartish kiritish taklif etilmoqda. Unga muvofiq, mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida belgilangan miqdorlardan oshmaydigan summada mikrokredit, mikroqarz, mikrolizing berish nazarda tutilib, mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishning hajmlari oshirilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top