14:30 / 04.02.2020
3
32675
Koronavirusdan qutulishga harakat: Tailandlik shifokorlar dorilar «kokteyli»ni tayyorlashdi

Tailandlik shifokorlar viruslarni davolashda qo‘llanadigan an'anaviy preparatlarni OIVga qarshi dori-darmonlar bilan aralashtirish orqali yangi koronavirusga qarshi kurashda katta natijalarga erishganliklarini da'vo qilishmoqda, deya xabar beradi Reyter agentligining Bangkokdagi muxbiri.

Foto: AFP

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday kokteylni qabul qilgandan so‘ng, hatto og‘ir holatdagi bemorlarda ham vaziyat 48 soat ichida yaxshilanadi.

Ushbu usul Bangkokdagi kasalxonalardan birida bir necha bemorda sinovdan o‘tkazilgan, ular orasida Uxandan kelgan 70 yoshli xitoylik ayol ham bor. Uning 10 kunlik qon tahlillarida virus borligi ketma-ket aniqlangan va ahvoli og‘irligi tasdiqlangandi.

To‘g‘ri, bemorlardan birida allergik reaksiya kuzatilgan, ammo shifokorlarning fikriga ko‘ra, bu ahamiyatsiz va uning umumiy ahvoli yaxshilanmoqda. 

Dori tarkibiga OIVni davolovchi preparatlar, ya'ni lopinavir va ritonavirga virusga qarshi qo‘llaniluvchi oseltamivirning katta dozasi qo‘shilgan holati kiradi.
Koronavirusni davolash uchun ushbu komponent qismlarini ishlatish g‘oyasi yangilik emas. O‘tgan hafta Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi lopinavir va ritonavirdan foydalanishni taklif qilgandi, ammo unda yana boshqa ikki dori ham sanab o‘tilgandi. 

Biroq, Rossiyaning RNC Pharma tahliliy kompaniyasi mutaxassislari ushbu taklifga shubha bilan qarashdi va tarkibiy qismlarning har biri ko‘plab nojo‘ya ta'sirga ega ekanligini ta'kidlashdi.

Asosiy komponent

Tailandda koronavirus 19 kishida aniqlangan / EPA

Tailandlik shifokorlar, o‘z navbatida, avvaldan taxmin qilingan oseltamivirni asos sifatida tanlab olishdi. 

«Biz xalqaro miqyosda qabul qilingan tajribaga amal qildik, ammo shifokorlarimiz bitta dori dozasini oshirishdi xolos», - deya tushuntiradi Tailand tibbiy xizmat ko‘rsatish departamenti bosh direktori Somsak Akkslim. 

Tailandlik shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, ularning xitoylik hamkasblari ushbu yangi davolash usulini allaqachon qo‘llab ko‘rishgan. 

Bangkok kasalxonasi pulmonologi Kriangska Atipornvanichning aytishicha, «Prognoz qoniqarli, ushbu vositani haqiqatan ham koronavirusga qarshi deb tan olish uchun keng qamrovli tadqiqotlar talab etiladi». 

Tailandda shu kungacha koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 19ta holat qayd etilgan. Sakkiz bemor to‘liq sog‘ayib, shifoxonadan chiqarildi, 11 kishi tibbiy nazoratda qolmoqda. 

Somsak Akkslimning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi 70 yoshli bemorni muvaffaqiyatli davolashga erishishni muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazadi, ammo davoning yangi usulidan barcha holatlarda foydalanish mumkin, deyishga hali erta.

«Hozircha biz bu usul bilan faqat eng og‘ir holatdagi bemorlarni davolashimiz mumkin», - deydi Akkslim.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top