16:30 / 04.02.2020
0
6230
«Mazkur muassasalar JSST tavsiyalari asosida jihozlangan» - Vazirlik karantin hududidagi sharoitlar haqida

Prezident farmoyishi bilan koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha tuzilgan respublika maxsus komissiyasi 3 fevral kuni o‘tkazgan navbatdagi yig‘ilishida Xitoydagi fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish bilan bog‘liq dolzarb vazifalar muhokama qilindi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston fuqarolarini Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelish uchun charter reyslar tashkil etilib, dastlabki charter reyslar 4-5 fevral kunlari amalga oshirilishi, Pekin shahridan bugun keladigan birinchi charter reys yo‘lovchilari maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga joylashtirilishi ma'lum qilingan.

«Mazkur muassasalar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida to‘liq xalqaro karantin talablari asosida jihozlangan. Xususan, koronavirus diagnostikasi vositalarining zarur zaxiralari yaratilgan, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, uskunalar, sarflash materiallari, shuningdek, shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlangan. Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish bilan bir qatorda barcha zarur xavfsizlik choralari ko‘riladi. Shuningdek, mazkur tibbiyot muassasalarida kerakli maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlangan», – deydi Sanitariya-epedimiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov.

Charter reyslarga Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy tekshirish institutining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis va epidemiologlari shaxsiy himoya vositalarida hamrohlik qilishadi. Ular tomonidan evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar samolyotga chiqish paytida dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Lozim bo‘lganda zarur tibbiy yordam ko‘rsatish va parvoz paytida biologik xavfsizlikni ta'minlash uchun barcha zarur vositalar taqdim etiladi. Mazkur samolyotlarda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi buyurtmasiga asosan mamlakatda qolib, faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan hamyurtlarimizga zarur antiseptik va dezinfeksiya vositalari yetkaziladi hamda bepul beriladi.

«Xitoydan kelgan fuqarolarimiz ushbu kasallikning yashirin davrida, ya'ni 14 kun davomida qat'iy karantinga olinadi. Xalqaro sanitariya — epedimiologiya mezon va talablaridan kelib chiqib, barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Shuning uchun ham Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga bundan ortiqcha sarosimaga tushishning hojati yo‘qligini yana bir bor eslatib o‘tadi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top