22:00 / 04.02.2020
0
39730
Olimlar: Atipik pnevmoniyaga qarshi vaksina Uxan koronavirusini to‘xtatishi mumkin

2019-nCoV koronavirusi - 2003 yilda butun dunyoga tarqalgan SARS atipik pnevmoniyasining  «yaqin qarindoshi» hisoblanadi. Yangi infeksiya qo‘zg‘atuvchining genlarini o‘rgangan xitoylik virusologlar shunday xulosaga kelishgan.

Foto: EPA

Ma'lum bo‘lishicha, Uxandagi koronavirus DNKsi 17 yil muqaddam 700dan ortiq kishini hayotdan olib ketgan og‘ir o‘tkir respirator sindromi - SARS’ning genetik kodi bilan 80 foizga o‘xshash.

O‘shanda atipik pnevmoniyadan zararlanganlarning har o‘ninchisi vafot etgan, ammo yangi virus nisbatan xavfsizroq.

«Amalda 2019-nCoV - SARS’ning osonroq tarqaluvchi, ammo kamroq zarar keltiruvchi ko‘rinishidir», - deydi Reding Universiteti virusologi Ien Jons.

Foto: EPA

Bundan tashqari, xitoylik virusologlar tadqiqotlari tasdiqlashicha, yangi koronavirus inson organizmiga ACE2 hujayra retseptori orqali kirib boradi.

«Demak, SARS uchun ishlab chiqilgan metod usullari va vaksinalar Uxan virusida ham qo‘l kelishi mumkin», - deya xulosa qilgan professor Jons.

Pandemiya yo‘q

Seshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti epidemiya bo‘yicha navbatdagi brifingni o‘tkazdi, tashkilot yangi koronavirusning global pandemiyasi boshlanganini tan olishni istamayapti, bunga asos sifatida virusdan zararlanganlarning aksari Xitoyning materikdagi qismida qayd etilgani keltirilmoqda.

Ammo boshqa mamlakatlarda ham (20dan ortiq) koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 150dan ortiq holat qayd etilgan.

Yovvoyi tabiatda SARS virusi ko‘rshapalaklarda uchraydi. Allaqachon 420dan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan yangi koronavirus tahlillari shuni ko‘rsatdiki, uning genlari «kenja yovvoyi» DNKsi bilan deyarli bir xil (96 foiz o‘xshashlik).

Dushanba kuni Nature jurnalida e'lon qilingan tadqiqot natijasi ham shunga o‘xshash.  Boshqa bir og‘ir bemordan olingan 2019-nCoV namunalarining 30 mingdan ortiq zanjirini tahlil qilgan biologlar ko‘rshapalaklardagi koronavirus bilan o‘xshashlik 90 foiz ekanligini aniqlagan.

«Bu virusning avj olishi hayvonlardan odamga yuqadigan viruslar juda xavfli kasalliklar keltirib chiqarishini ko‘rsatib qo‘ydi», - deya qayd etishmoqda olimlar.

Yangi infeksiyaning birinchi holati Uxanda 2019 yilning 12 dekabrida qayd etilgandi. Yanvar oyi oxiriga kelibgina JSST koronavirus tarqalishini jahon miqyosidagi favqulodda holat sifatida tan oldi.

4 fevral kuni butun dunyo bo‘ylab 24 mamlakatda ushbu virusni yuqtirib olganlar soni 20 ming nafardan oshdi.

Ammo, hongkonglik tibbiyotchilarning fikricha, epidemiyaning haqiqiy ko‘lami bundanda kengroq, virusdan zararlanganlar soni 200 ming nafar atrofida bo‘lishi mumkin.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, virus oqibatida halok bo‘lganlar soni 427 nafar, sog‘ayib ketganlar soni - 725 nafarni tashkil etmoqda.

Hongkongda koronavirus oqibatida birinchi o‘lim holati qayd etildi. Bu Xitoy tashqarisida qayd etilgan ikkinchi o‘lim holati. Avvalroq Filippinda 44 yoshli erkak vafot etgani haqida xabar berilgandi.

4 fevral kuni Pekindan bortida 250 nafar o‘zbekistonlik bilan uchgan samolyot Toshkentga kelib qo‘ndi. Xitoydan olib kelingan o‘zbekistonliklar koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga joylashtirildi. Yaqin vaqt ichida yana ikkita reys orqali Xitoydagi o‘zbekistonliklar vatanga qaytariladi.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top