13:13 / 04.02.2020
0
10314

O‘zbekistonning 2020 yilda MDHdagi raisligi konsepsiyasi taqdim etildi

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi raisligi konsepsiyasi e'lon qilindi

Foto: TASS, Valeriy Sharifulin

O‘zbekiston Respublikasining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi raisligi MDHni yanada rivojlantirish Konsepsiyasi hamda Tashkilot doirasida hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha qabul qilingan rejalar va dasturlarga asoslangan holda amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi.

Bildirilishicha, O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida Davlat rahbarlari kengashida, Hukumat rahbarlari kengashida, Tashqi ishlar vazirlari kengashida, Iqtisodiy kengashda va Hamdo‘stlikning boshqa tuzilmalari huzuridagi a'zo davlatlarning doimiy vakolatli vakillari kengashida, MDH Iqtisodiy kengashi huzuridagi Iqtisodiy masalalar bo‘yicha komissiyada ham raislik qiladi.

O‘zbekistonning raisligi MDHning asosiy hujjatlariga muvofiq tarzda vorislik tamoyilidan kelib chiqadi va rivojlanishning jadal dinamikasini, ishtirokchi davlatlar xalqlarining farovonligini va hayot sifatini yuksaltirishni ta'minlash maqsadida birinchi galda tashkilot ishtirokchi davlatlarining tenglik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatlarni hurmat qilish va hisobga olishga asoslangan sherikchilik munosabatlarini kengaytirish va mustahkamlashga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari quyidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratiladi:

Hamdo‘stlikni mintaqaviy davlatlararo tashkilot sifatida yanada mustahkamlash va rivojlantirish, MDHning xalqaro maydondagi nufuzini hamda Tashkilotning ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini hal qilishdagi rolini oshirish;

ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va Tashkilot ishtirokchi davlatlarining MDH doirasida ilgari surayotgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlarini birlashtirish;

ishtirokchi davlatlarning tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi sherikchilikni faollashtirish, tomonlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish va ularni turli xalqaro maydonlarda ilgari surish;

MDH ishtirokchi davlatlarining mamlakatlararo munosabatlarning dolzarb masalalariga yechimlarni ishlab chiqishdagi parlamentlararo hamkorligini kuchaytirish;

MDH ishtirokchi davlatlarining mamlakatlararo munosabatlarning dolzarb masalalariga yechimlarni ishlab chiqishdagi parlamentlararo hamkorligini kuchaytirish;

MDH erkin savdo zonasining rivojlanishi va to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi, yanada ko‘proq iqtisodiy hamkorlik qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish, tovarlar oqimining tuzilishini diversifikatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni faollashtirish va tovar aylanmasi, jumladan qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan tovarlar va boshqa talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, bojxona tartibini soddalashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish chog‘ida «yashil yo‘laklarni» yanada kengroq joriy qilish;

transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va yanada takomillashtirish, shuningdek, Hamdo‘stlik davlatlarining tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, kelishilgan va samarali tarif siyosatini amalga oshirish, yuk tashishning qo‘shimcha hajmlarini jalb qilish va yangi transport marshrutlarini tashkil etish, logistika markazlarini rivojlantirish;

terroristik va ekstremistik kuchlarga, narkotrafikka, uyushgan jinoyatchilikka va kiber tahdidlarga qarshi birgalikda va harakatlarni muvofiqlashtirgan holda kurashish, huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar o‘rtasida hamkorlik qilish;

harbiy sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va harbiy-texnik hamkorlik darajasini oshirish, MDH ishtirokchi davlatlari o‘rtasidagi amaldagi shartnoma va bitimlar doirasida qo‘shma dastur va loyihalarni ishlab chiqish;

MDH doirasida ilmiy-texnik sherikchilik va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish;

sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga, moliya sektoriga raqamli texnologiyalarni joriy qilish hamda elektron xizmatlardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish;

madaniy-gumanitar aloqalarni, ta'lim yo‘nalishida va yoshlar almashinuvlarini, turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish.

«O‘zbekistonning raisligi davrida yuqorida qayd etilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan kompleks va izchil choralar amalga oshiriladi. Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish va MDH ishtirokchi davlatlarining integratsiyasini chuqurlashtirish maqsadida Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari samaradorligini oshirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq qilishni hamda Tashkilot tuzilmalari faoliyatining zamonaviy voqelikka moslashishini ko‘zda tutuvchi yangi tahrirdagi Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish Konsepsiyasini qabul qilishni tezlashtirish bo‘yicha ishlar faollashtiriladi», - deyiladi ma'lumotda.

Tashqi siyosat

Tashqi siyosat sohasida siyosiy muloqotlar amaliyoti saqlab qolinadi, jumladan tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha, MDH ishtirokchi davlatlarining xalqaro tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish masalalari borasida maslahatlashuvlar o‘tkazish davom ettiriladi.

Parlamentlararo hamkorlik

Parlamentlararo hamkorlik sohasida Hamdo‘stlik nizomidagi vazifalarni amalga oshirishda parlamentariylarning rolini mustahkamlash maqsadida «parlament diplomatiyasi», xususan MDH Parlamentlararo Assambleyasi doirasida hamkorlikni faollashtirish uchun mavjud barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Iqtisodiy hamkorlik

Iqtisodiy hamkorlik sohasida sa'y-harakatlar MDHning 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun Iqtisodiy rivojlanish strategiyasini va uning birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasini tayyorlashga, o‘zaro savdoda qulay sharoitlar yaratishga, jumladan bojxona tartibini soddalashtirishga, savdodagi mavjud istisno va cheklovlarni, xususan texnik to‘siqlarni bartaraf etishga hamda ishtirokchi davlatlar hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga, jumladan MDHning 2030 yilgacha bo‘lgan mintaqalararo va chegaradosh hududlar hamkorligi Konsepsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishga yo‘naltiriladi. 2020 yilda O‘zbekistonda turli yo‘nalishlar bo‘yicha hududlararo hamkorlikni faollashtirish maqsadida MDH hududlari Forumi o‘tkaziladi.

Transport

Transport sohasida yangi transport marshrutlarini tashkil etish, MDH davlatlarining tranzit salohiyatidan keng foydalanish bo‘yicha aniq choralarni nazarda tutuvchi Tashkilot ishtirokchi davlatlarining 2030 yilgacha hamkorligining Ustuvor yo‘nalishlarini tayyorlash masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.

Huquqni muhofaza qilish sohasida

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va maxsus xizmatlarning hamkorligi sohasida terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashishda 2019-2023 yillarda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha Davlalararo qo‘shma chora-tadbirlar dasturini, 2020-2022 yillarda terrorizm va ekstremizmning boshqa zo‘ravonlik ko‘rinishlariga qarshi kurashishda MDH ishtirokchi davlatlarining Hamkorlik dasturini hamda Tashkilot ishtirokchi davlatlarining axborot xavfsizligini ta'minlash Strategiyasini amaliy bajarish borasida maqsadli ishlar yo‘lga qo‘yiladi.

Harbiy hamkorlik

Harbiy va harbiy-texnik hamkorlik sohasidagi harakatlar hamkorlikning erishilgan darajasini saqlab qolish va rivojlantirishga, shuningdek MDH ishtirokchi davlatlarining 2025 yilgacha bo‘lgan harbiy hamkorligi konsepsiyasini tayyorlash yo‘li bilan yangi istiqbolli yo‘nalishlarni taraqqiy ettirishga va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Ilmiy-texnik soha

Ilmiy-texnik va innovatsion hamkorlik sohasida MDH ishtirokchi davlatlarining 2030 yilgacha bo‘lgan Hukumatlararo innovatsion hamkorlik dasturini tayyorlash bo‘yicha ishlar tashkil etiladi. Mazkur dasturning amalga oshirilishi ilmiy-texnologik ishlanmalar va ixtirolardan samarali foydalanish, uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini amalga oshirish va innovatsion loyihalarni amalga chiqarish uchun resurslarni jamlash imkonini beruvchi ilmiy-texnik va innovatsion faoliyatni rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi. Jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasida informatsion hamkorlik to‘g‘risida Bitimni qabul qilish bo‘yicha ishlar faollashtiriladi.

Madaniy-gumanitar soha

Madaniy-gumanitar sohadagi harakatlar yoshlar siyosati, madaniyat va sport, fan va ta'lim, sog‘likni saqlash hamda turistik aloqalarni kengaytirish jabhasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratiladi. 2021-2030 yillar uchun mo‘ljallangan yoshlar hamkorligi, turizm hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha uchta Strategiyalarni tayyorlash borasidagi ishlar tashkil etiladi. Bu ishtirokchi davlatlarning har birida galma-gal MDH davlatlarining har yilgi turizm yarmarkalarini va Madaniyat kunlarini o‘tkazishni, Hamdo‘stlik ijodkor yoshlarining har biri aniq mavzuga bag‘ishlangan muntazam uchrashuvlarini tashkillashtirishni hamda MDH mamlakatlari madaniy merosining virtual muzeyini yaratishni v.h. nazarda tutadi. O‘zbekiston Respublikasi «Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti» Davlatlararo dasturini kelgusida ham amalga oshishida faol ishtirok etadi.

MDH Davlat rahbarlari kengashining 2017 yil 11 oktyabrdagi 2020 yilni Hamdo‘stlikda 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligi yili deb e'lon qilish to‘g‘risidagi qarorini bajarilishi tinchlik, hamfikrlik va do‘stlik muhitini, shu jumladan MDH yoshlari o‘rtasidagi mustahkamlashga yo‘naltirilgan birgalikdagi sa'y-harakatlarni birlashtirishga imkon beradi.

1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 75 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni nishonlash bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar Rejasini bajarish, jumladan ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, harbiy-ilmiy ishlar bo‘yicha xalqaro tanlovlar, badiiy va hujjatli film kinofestivali hamda harbiy orkestrlarning musiqiy festivali va boshqa qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga alohida e'tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Hamdo‘stlik xalqlari hayot darajasini yaxshilash uchun qulay sharoitlarni yaratishdagi MDHning rolini yanada kuchaytirish va tashkilotning nufuzini mustahkamlash maqsadida ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlaridagi ishlarni faollashtirishda bor imkoniyatlarni ishga soladi, deyilgan ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top