17:26 / 04.02.2020
5
15399

So‘rovnoma: O‘zbekiston aholisining volontyorlikka munosabati qanday?

Respondentlarning chorak qismi volontyorlik nimaligini bilmasligini aytgan. Ko‘pchilikning fikricha, muammolarga befarqlik va moddiy sharoit – volontyorlikni rivojlantirishdagi asosiy to‘siqlardir.

«Street Law» loyihasi / Foto: Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi

Dekabr oyida O‘zbekistonda «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida» qonun qabul qilingan edi. Yu-Report loyihasi Yoshlar ittifoqi bilan birga mamlakat yoshlarining volontyor faoliyatiga munosabatini o‘rgandi.

So‘rovnomada butun mamlakat bo‘ylab 4500dan ortiq respondent qatnashgan, ularning 38 foizi – xotin-qizlar.

Volontyorlik haqidagi so‘rovnomaning asosiy natijalari

1. Respondentlarning aksariyati (68 foiz) ular volontyorlik nimaligini bilishlariga ishonishadi, respondentlarning 26 foizi esa bu qanday faoliyat ekanini bilishmaydi.

2. Yu-Reportyorlarning yarmidan ko‘pi (58 foiz) volontyorlikni «ezgulik uchun beg‘araz mehnat» bilan bog‘lashadi. 14 foizi esa «vatan ravnaqi uchun yordam» variantini tanlashdi.

3. Respondentlarning 18 foizi ular hozirda volontyor ekanliklarini aytishgan va bu variant barcha yosh toifalarida teng ravishda tanlangan. Yu-Reportyorlarning 1/3 qismi hech qachon volontyor bo‘lmagan, shu bilan bir vaqtda 1/4 qismi avval volontyor bo‘lishgan. So‘rov ishtirokchilarining 1/5 qismida volontyor bo‘lish istagi bor, lekin buni qanday qilishni bilmaydi.

4. Ta'lim loyihalari – volontyorlik faoliyatning eng jozibali sohasi. Respondentlarning 20 foizi ushbu variantni tanladi. Ikkinchi o‘rinda – yoshlar bilan ishlash (17 foiz).

5. Qizig‘i shundaki, ta'lim sohasida volontyorlik qilish 35 yosh va undan katta yoshdagi respondentlar uchun eng jozibali bo‘ldi.

6. So‘rovda qatnashgan yoshlarning aksariyati (60 foiz) odamlarga yordam berish istagi ularni volontyorlik bilan shug‘ullanishga undaydi, deya e'tirof etishgan. Ikkinchi eng muhim rag‘batlantiruvchi omil – bu o‘z-o‘zini rivojlantirish istagi (13 foiz). Uchinchi o‘rinda – bir jamoaning qismi bo‘lish istagi (11 foiz).

7. 38 foiz respondentlarning fikriga ko‘ra, bugungi kunda OTM talabalari ko‘proq volontyor bo‘lishadi. Quyidagi variantlar 10 foizdan ovoz oldi: kattalar (30 yoshdan katta), ishlayotgan yoshlar va maktab/kollej o‘quvchilari.

8. Yu-Reportyorlarning fikricha, jamiyat muammolariga befarqlik (24 foiz), moddiy imkoniyatlarning yo‘qligi (21 foiz), volontyorlik haqida cheklangan ma'lumotlar (18 foiz), shuningdek volontyorlik mohiyatini tushunmaslik (14 foiz) O‘zbekistonda volontyorlikni rivojlantirishdagi asosiy to‘siqlardir.

9. Respondentlarning aksariyati (92 foiz) O‘zbekistonda volontyorlikni rivojlantirish kerak, deb hisoblashadi. Shu bilan birga, erkaklarga (90 foiz) qaraganda, buni ayollar ko‘proq istaydi (94 foiz). Erkaklarning 4 foizi buni keragi yo‘q, deb hisoblashadi (ayollar orasida bu ko‘rsatkich 1 foiz). Respondentning yoshi qanchalik katta bo‘lsa, u «javob berish qiynalyapman» variantini tanlashga moyil.

10. Yu-Reportyorlarning aksariyati (73 foiz) jamiyatdagi mavjud muammolarni volontyorlarni jalb qilgan holda hal qilish mumkin, deb o‘ylashadi. 14 foiz respondent volontyorlar/ko‘ngillilar yordamida buni amalga oshirish mumkin emas, deb hisoblaydi. 13 foiz esa bu savolga javob berishni qiynalgan.

So‘rovnomaning batafsil tafsilotlari loyiha rasmiy saytida keltirilgan.

Ma'lumot uchun, Yu-Report – tezkor mobil so‘rovlar o‘tkazish bo‘yicha YUNISEF loyihasi. Loyiha jamiyatda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida yoshlarning fikrlarini bilish, ulardagi ijtimoiy kayfiyatni o‘rganish va olingan ma'lumotlar yoshlar siyosatiga oid qarorlar qabul qilayotganda inobatga olishga yordam beradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top