19:00 / 04.02.2020
1
14389

UzAuto Motors: Savdo tizimida inson omili aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi

UzAuto Motors kompaniyasi avtomobillar xaridida tamagirlikka yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirdi.

Foto: KUN.UZ

«Hurmatli xaridorlar!

Bugungi kunda kompaniya tomonidan joriy etilgan yangi tizimda avtomobil yetkazib berish navbatlarni yaqinlashtirishda inson omilining aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi, barcha avtomobillar faqatgina shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda xaridorlarga yetkazib berilishi haqida avval ham xabar berganmiz.

Biroq shunga qaramay ko‘p hollarda diler tomonidan avtomobilni shartnomada ko‘rsatilgan muddatdan ilgari yetkazib berish kabi bahonalar bilan qo‘shimcha pul mablag‘larini talab qilish holatlari yuzaga kelmoqda. Avtomobillar modellar kesimi bo‘yicha qancha muddatlarda yetkazib berilishi bilan quyida tanishishingiz mumkin:

Shu bilan birga kompaniyaning rasmiy dilerlarida hozirgi kunda Tracker hamda Malibu 1.5 Turbo avtomobillarini navbatsiz hamda kompaniya tomonidan bugungi kunda e'lon qilingan qulay shartlarda xarid qilish imkoni ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya avtomobillar savdosida shaffoflikni ta'minlash maqsadida «Uzavtosavdo» mobil ilovasini ishga tushirgan. Mazkur ilova orqali xaridorga navbat raqami va dilerdagi avtomobillar soni haqida ma'lumotlar beriladi. Agar unga zarur bo‘lgan avtomashina dilerda yo‘q bo‘lsa, buyurtma to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomobil zavodiga yuboriladi. 

«Uzavtosavdo» ilovasi xaridorga barcha jarayonlarni boshidanoq nazorat qilish, o‘z navbati va avtomobilni olish sanasini bilib borish imkonini yaratmoqda. Bugungi kunda avtomobil navbati bo‘yicha holatingizni kompaniyaning rasmiy saytida ham tekshirish imkoni mavjud.

Agarda sizdan dilerlik korxonalari tomonidan avtomobillarni tez muddatlarda chiqarib berish evaziga pul talab qilish holatlari kuzatilsa kompaniyaning 78 141-77-77 ishonch telefonlariga murojaat qilishingiz so‘raladi. 

Kompaniya savdo tizimida inson omilining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi! Ogoh bo‘ling!», - deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top