19:00 / 04.02.2020
6
23309
Xitoydan olib kelinganlar orasida koronavirusga gumon qilinayotganlar yo‘qligi ma'lum qilindi

Xitoydan olib kelingan 250 nafar O‘zbekiston fuqarosi orasida koronavirus yuqtirib olganlikda gumon qilinayotganlar yo‘q. Ular 2 hafta Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tibbiy muassasalarda karantinda bo‘lib turadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Xitoydagi koronavirus epidemiyasi sababli bu mamlakatda yashayotgan 250 nafar fuqarosini 4 fevral kuni Pekindan Toshkentga olib keldi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi matbuot kotibi Muhammadjon Bozorovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, birlamchi tekshiruvlarda ularning hech birida koronavirus alomatlari aniqlanmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu fuqarolar 14 kun mobaynida karantinda bo‘ladi.

Shu bilan birga, 250 nafar o‘zbekistonlikning qanchasi koronavirus o‘chog‘i – Uxan shahri yoki Xubey provinsiyasidan olib kelingani ma'lum qilinmadi.

Ayni paytda, Uxanda qolayotgan boshqa vatandoshlarni olib kelish uchun yana bir samolyot Xitoyga yuborilgan.

Avvalroq Uzbekistan Airways 4-5 fevral kunlari Pekin-Toshkent yo‘nalishida ikkita, Uxan-Toshkent yo‘nalishida bitta charter reysni amalga oshirishi ma'lum qilingan. Xitoy poytaxtidan reyslar uchun aviabiletlar o‘rtacha tarifdan past, Uxandan parvoz esa bepul etib belgilangan.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top