14:15 / 05.02.2020
0
1955
Chilonzorda sifati kafolatlanmagan dorilar aylanmasiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Toshkent shahar boshqarmasi va Toshkent AERO IBK xodimlari bilan hamkorlikda Chilonzor tumanida tezkor tadbir o‘tkazishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Tezkor tadbir davomida «Gentra» avtomashinasi xolislar ishtirokida nazoratdan o‘tkazildi. Natijada avtomashina haydovchisi fuqaro B.O.ning yonidan 16 dona «Regapen» va 5 dona «Tropikamid» dori vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, avtomashinada yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan fuqaro L.S.ning yonidan ham 56 dona «Regapen» nomli dori vositalari yashirilgani ma'lum bo‘ldi.

Tadbir davom ettirilib, fuqaro L.S.ning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirildi. Natijada, uning uyida 210 dona «Regapen» va 71 dona «Tropikamid» dori vositalari yashirilgani aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbir davomida umumiy miqdori 10 million so‘mlik 282 dona «Regapen» va 76 dona «Tropikamid» dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda bu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, bojxonachilar tomonidan Toshkent va Namangan viloyatlarida ham tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Namangan viloyatida o‘tkazilgan tadbir davomida fuqaro A.D.ning yashash xonadoni o‘rnatilgan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan o‘tkazildi. Tekshiruv davomida ushbu shaxs o‘z uyidan yama sifatida foydalanib, noqonuniy tarzda umumiy qiymati 53 million so‘mlik 30 dona televizor va 8 dona duxovkani saqlayotgani aniqlandi.

Tezkor tadbir Toshkent viloyatida davom ettirilib, fuqaro T.B. boshqaruvidagi «Isuzu» avtomashinasi nazoratdan o‘tkazildi. Natijada avtomashina yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 51,8 million so‘mlik 5 dona konditsioner, 10 dona muzlatgich, 10 dona stabilizator va 539 dona g‘altak ip borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida umumiy qiymati 104,8 million so‘mlik maishiy texnika tovarlari ashyoviy dalil sifatida olindi. Surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top