16:54 / 05.02.2020
1
13456
DXX katta miqdordagi xorijiy valutaning noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘ydi
Foto: Reuters

DXX Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida katta miqdordagi valuta qimmatliklarining noqonuniy tarzda qo‘shni davlatga olib chiqilishiga chek qo‘yildi.

1989 yil Andijon viloyati Qorasuv shahrida tug‘ilgan «Sh.B.» tomonidan davlat chegaralarini buzgan holda 200 ming AQSh dollari hamda 4,1 mln. Rossiya rublini Qirg‘iziston Respublikasiga olib chiqilishining oldi olindi.

Shuningdek, DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan Kosonsoy tumanining chegaraoldi hudud hisoblangan «Xonqo‘rg‘on» mahallasida 1996 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro «A.E.» tomonidan 119 960 AQSh dollarini Qirg‘izistonga noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘yildi.

Ma'lum qilinishicha, to‘xtatib qolingan xorijiy valutalarning milliy valutadagi umumiy qiymati 3,6 mlrd so‘mdan ziyodni tashkil etadi.

«Hozirda ushbu holatlar yuzasidan DXX tergov idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», – deyiladi rasmiy xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top