12:12 / 05.02.2020
1
4278

Qorako‘lchilik sub'yektlariga subsidiya berish tartibi aniqlashtirildi

Tegishli tartib Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqildi

Hujjat Prezidentning 16.08.2019 yildagi PQ-4420-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida tasdiqlangan, deb yozmoqda Norma. 

Unda 2019-2023 yillarda qorako‘lchilik sub'yektlariga yetishtirilgan va eksportga sotilgan har birlik mahsulot uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratilishi nazarda tutilgan:

qorako‘l terisi uchun – 50 ming so‘mdan;

qorako‘lcha (vaqtidan oldin tug‘ilgan qorako‘lchalar terisi) terisi uchun 75 ming so‘mdan.
 
Qorako‘l terisini o‘zida yetishtirmasdan boshqa qorako‘lchilik sub'yektlaridan xarid qilgan yoki ularni eksportga yo‘naltirmagan qorako‘lchilik sub'yektlariga subsidiya ajratilmaydi.
 
Subsidiya olish uchun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga belgilangan shaklda ariza topshiriladi va unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

tuman statistika bo‘limi tomonidan berilgan mavjud qorako‘l qo‘ylar bosh soni va yetishtirilgan qorako‘l va qorako‘lcha teri soni to‘g‘risida ma'lumotnoma;

eksport shartnomasi hamda eksportga yuborilgan mahsulotlar uchun hisob-faktura hujjatlari nusxalari;

tovar eksport qilganligi to‘g‘risida bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi.
 
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi arizani kelib tushgan sanadan boshlab 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi hamda natija ijobiy bo‘lsa, ariza beruvchiga tegishli xabarnomani yuboradi. Bir vaqtning o‘zida Moliya vazirligiga subsidiya berish to‘g‘risida buyurtmanoma taqdim etiladi, Vazirlik 1 ish kuni ichida buyurtmanomada ko‘rsatilgan mablag‘larni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi. Ushbu mablag‘lar yana 1 ish kuni ichida qorako‘lchilik sub'yektlarining tijorat banklaridagi hisobraqamiga o‘tkazib beriladi.  
 
Moliyaviy yil yakunlariga ko‘ra foydalanilmagan, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hisobraqamida qolib ketgan mablag‘lar Davlat budjetiga qaytariladi.
 
Qorako‘lchilik sub'yekti belgilangan shartlarga mos kelmaganda, shuningdek soxta yoki noto‘g‘ri ma'lumotlar mavjud hujjatlar taqdim etilganda subsidiya ajratilishi rad etiladi. 
 
Subsidiyalar ajratilishi jarayoni Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan nazorat qilinadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top