21:30 / 05.02.2020
1
13209
TIV: Charter reysda 5 nafar Qozog‘iston fuqarosi ham Toshkentga olib kelindi

5 fevral kuni Uzbekistan Airways charter reysida Xitoydan olib kelingan 84 kishidan 5 nafari – Qozog‘iston fuqarolari.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi koronavirus epidemiyasi tufayli Xitoydagi o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish bo‘yicha 5 fevral kuni amalga oshirilgan ikkinchi reys bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Mamlakatimizning Pekindagi Elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, vataniga qaytishni istagan 260ga yaqin vatandoshlarning dastlabki ro‘yxati tuzilgan.

Diplomatik vakolatxona tomonidan Xitoyning turli mintaqalarida tahsil olayotgan 800dan ortiq o‘zbekistonlik talabalar bilan kun-u tun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatilgan. Tushuntirish ishlari muntazam ravishda davom ettirilmoqda, xavfsizlik choralari to‘g‘risidagi dolzarb tavsiyalar hamda vatandoshlarni olib ketish bo‘yicha choralarning har bir bosqichi to‘g‘risida ma'lumotlar tizimli tarzda yuborildi va yuborilmoqda, zarur hollarda turli masalalarni hal qilishda Xitoy hukumati bilan birgalikda yordam ko‘rsatildi.

Avval 4 fevral kuni Pekin shahri aeroportidan Toshkent shahriga charter reys bilan 250 nafar O‘zbekiston fuqarolari olib kelinib, karantinga joylashtirildi.

Elchixona tomonidan Xitoy rasmiy idoralari, jumladan Xubey provinsiyasi ma'muriyati bilan birgalikda karantin hududidagi O‘zbekiston fuqarolarini bosqichma-bosqich evakuatsiya qilish rejasi ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Mazkur provinsiyadagi 20dan ortiq manzildan hamyurtlarimiz, asosan 14ta oliy ta'lim muassasasi talabalari Uxan shahri aeroportiga yetkazilib, 5 fevral kuni ertalab «Uzbekistan Airways» AJning charter aviareysi orqali Toshkentga olib kelindi.

Samolyot bortida 84 yo‘lovchi, jumladan 79 nafar vatandoshimiz vatanga qaytarildi. Qozog‘iston tomonining so‘roviga binoan, mazkur samolyot bortida 5 nafar Qozog‘iston fuqarosi ham Xitoydan ortga qaytdi. Ularning ham barchasi karantin davrida maxsus jihozlangan tibbiyot muassasalariga joylashtirildi», – deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bildirishida.

Xabarda rejadagi uchinchi reys haqida ma'lumot keltirilmagan.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top