11:13 / 05.02.2020
0
17660
Xitoydan yana bir charter reys Toshkentga kelmoqda

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Xitoydan Toshkentga yana bir charter reysni amalga oshirdi. Mahalliy vaqt bilan soat 11:45da Uxandan kelayotgan samolyot Toshkent aeroportiga qo‘nadi.

Aviakompaniya matbuot xizmati xabar berishicha, samolyotda 84 nafar yo‘lovchi, ekipaj a'zolari, shuningdek, tibbiyot xodimlari va zamonaviy himoya vositalari bilan ta'minlangan virusologiya sohasi mutaxassislari bor.

Bu samolyot yo‘lovchilari ham koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalarida 14 kun davomida karantin holatida saqlanadi.

Mazkur muassasalar to‘liq karantin talablari asosida jihozlangan bo‘lib, diagnostika vositalarining zarur zaxiralari, kerakli dori hamda dezinfeksiya vositalari, shaxsiy himoya vositalari, maishiy vositalar va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta'minlangan. Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 4 fevral kuni Pekindan 250 nafar o‘zbekistonlikni olib uchgan Uzbekistan Airways'ning Boeing-767 samolyoti soat 17:21da Toshkentga qo‘ndi. Birlamchi tekshiruvlar natijasida olib kelinganlarning hech birida koronavirus alomatlari aniqlanmadi.

«Toshkent xalqaro aeroportiga 4 fevral, soat 17.20 da qo‘ngan birinchi reysda 251 nafar fuqarolar, shu jumladan, 87 nafar ayol, 162 nafar erkak (ulardan 3 nafari voyaga yetmagan bolalar) kelishdi. Aeroportning sanitariya nazorati punkti mutaxassislari tomonidan yo‘lovchilarning tana harorati portativ teplovizorlar yordamida o‘lchanganida, harorati yuqori fuqarolar aniqlanmadi. 

Yo‘lovchilar samolyotdan tushishgach, shu yerning o‘zida ularning ust-boshi hamda yuklari to‘liq zararsizlantirildi. Shundan so‘ng ular Toshkent viloyatidagi maxsus tayyorlangan sanatoriyga joylashtirildi. U yerda 310ta o‘rin tayyorlangan bo‘lib, karantin holatida 14 kun davomida tibbiy kuzatuv olib borish uchun tegishli tibbiy jihozlar va zarur dori vositalari bilan ta'minlangan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Yo‘lovchilarning vaqtincha turar joy markazida bo‘lishiga oid savollar bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligining bosh ofisiga quyidagi telefon orqali murojaat qilish mumkin: +998 (71) 276-49-66.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top