00:36 / 06.02.2020
15
79785

1 fevraldan ctipendiya to‘lashning yangi tartibi joriy etildi. Bu haqda 5 fevralda e'lon qilindi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi OTM talabalariga stipendiya to‘lashning yangi tartibi hukumat qarori bilan 1 fevraldan amal qila boshlaganini e'lon qildi. Amaldagi qonunchilikka asosan esa, normativ hujjat kuchga kirishi uchun u rasman e'lon qilinishi kerak.

O‘zbekistonda OTM talabalariga stipendiya to‘lash tartibi rasman 1 fevraldan boshlab o‘zgardi. Amalda esa 1 oktyabrdan buyon studentlar avvalgidek tabaqalashgan tarzda emas, bir xil stipendiya olib kelishyapti.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining ma'lum qilishicha, hukumatning 59-sonli tegishli qarori 31 yanvarda qabul qilingan.

Qabul qilinganiga 6 kun, kuchga kirganiga esa 5 kun bo‘lganiga qaramay, hujjat hamon jamoatchilikka e'lon qilingani yo‘q.

Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi – lex.uz saytiga hukumatning 31 yanvardagi uchta, 5 fevraldagi ikkita qarori joylashtirilgan bo‘lsa-da, ular orasida stipendiyaga doir qaror uchramaydi.

Vazirlikning bir enlik xabariga ko‘ra, qaror bilan talabalarga stipendiya to‘lashning yangi tartibi joriy etilgan. Xabarda bu yangi tartib haqida hech qanday ma'lumot yo‘q. Katta ehtimol bilan bu yerda gap 1 oktyabrdan boshlab amal qilib kelayotgan hozirgi tartib haqida bormoqda.

Qayd etish kerak, qonunchilikka asosan normativ-huquqiy hujjatlarning e'lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir. Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosi, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bu holatga e'tibor qaratib, jumladan shunday yozadi:

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunga binoan, normativ hujjatlar rasman e'lon qilingandan keyingina kuchga ega bo‘ladi. Lekin stipendiya to‘g‘risidagi qaror 5 fevralda ham hali rasman e'lon qilinmadi, unda qanaqa qilib 1 fevraldan yangi tizimga o‘tiladi?

Vazirlar Mahkamasining qarorlari 5 kundan buyon hech qayerda e'lon qilinmayotganini kimdir tayinli asos bilan tushuntirib bera oladimi?»

Bloger normativ hujjatlarni e'lon qilishning aniq ishlaydigan tizimi yo‘qligini savol ostiga olgan.

«Shunchalik qiyinmi bu ish? Yoki bunga ham albatta eng yuqoridan «siyosiy iroda» kerakmi? Qabul qilingan qarorlarni rasman e'lon qilish uchun Adliya vazirligiga o‘z vaqtida yetkazib berishni kimdir nazorat qiladimi o‘zi? Vazirlikni tushunaman, ular yuqori turuvchi organ sifatida «KabMin»ga ortiqcha e'tiroz yoki qat'iy talab qo‘ya olmasa kerak. Lekin Vazirlar Mahkamasining o‘zida ijro nazoratini kimdir yuritishi kerak–ku axir», – deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosining fikricha, hukumatning ta'lim bo‘yicha qarorlar masalasi azal-azaldan «toshbaqa misoli sekin» bo‘lgan.

Qayd etish kerak, 2019 yilda «Suvsoz» davlat unitar korxonasi Toshkentda sovuq suv narxlari 24 apreldan boshlab oshgani haqida o‘z saytida 25 aprel kuni e'lon qilgan, jamoatchilik e'tirozidan keyin korxona bu to‘g‘risida 9 aprel kuni «Toshkent oqshomi» va «Vecherniy Tashkent» gazetalarida xabar berilganini aytgandi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev talabalar bilan stipendiyalar qayta hisob-kitob qilinishi kerakligini aytmoqda.

«Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan stipendiyaga oid yangi tartib 1 fevraldan amal qilar ekan. Demak, bundan xulosa qilish mumkinki, 1 fevralgacha eski tartib kuchda bo‘ladi. Eski tartib kuchda bo‘ladi degani, talabalarga 1 fevralgacha tabaqalashtirilgan (1 - 0,75 - 0,5 koeffisent) stipendiya to‘lanishi kerak bo‘lgan.

Ammo sentabr oyidan buyon amalda qonuniy kuchda bo‘lgan Yo‘riqnomaga rioya qilinmadi, hech bir qonuniy asosi bo‘lmasa ham talabalarga stipendiyalar boshqacha tartibda to‘landi.

Ammo qonun ustuvor davlatlarda bunday bo‘lmasligi kerak. Qonunni hurmat qilgan Moliya vazirligi talabalarga asossiz kam yoki ko‘p stipendiya to‘lamaydi. Qonunni hurmat qilgan Oliy ta'lim vazirligi bu jarayonni qo‘llab-quvvatlamaydi. Qonunni hurmat qilgan Hukumat bunga tomoshabin bo‘lib turmaydi va oldini oladi.

Shu sababli, talabalar bilan toki 1 fevralgacha bo‘lgan 5 oy (sentabr-oktabr-noyabr-dekabr-yanvar) uchun qayta hisob-kitob qilinishi kerak. Bunday qayta hisob-kitob 4 va 5 bahoga yopganlar uchun foydali, 3 bahoga yopganlar uchun zarar (taxminan 150 ming so‘m) bo‘lishi mumkin. Ammo nailoj, qonunchilik talabi shunday, unga hamma bo‘ysunishi kerak.

O‘zi qabul qilgan muhim qarorni 5 kundan buyon rasman e'lon qilishni tashkil qila olmagan Hukumat hech bo‘lmasa talabalar haqqini joyiga qo‘yib qo‘ygani ma'qul, menimcha. Yana ham o‘zingiz bilasiz, mening ishim qonunni eslatish xolos», – deb ta'kidlagan Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Hozircha Vazirlar Mahkamasi yoki Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi talabalar bilan qayta hisob-kitob qilinishi borasida qanday qarorga kelgani noma'lum. Avvalroq vazir Inomjon Majidov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu savolga aniq izoh bermagan, «Talabalarga pullar qaytariladimi» deya berilgan savolga «ha» deya javob qaytargan edi.

Agar qayta hisob-kitob amalga oshadigan bo‘lsa, u holda «3» bahoga yopgan ko‘pchilik talabalar ularga 5 oy davomida ortiqcha to‘langan taxminan 150 ming so‘mni qaytarishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Xushnudbek Xudoyberdiyev bu masalaga quyidagicha huquqiy baho berdi:

«Stipendiyani qaytarishga majburmizmi, degan savolga kelsak, bu bo‘yicha biror qonun normasiga duch kelmaganman. Ammo Mehnat kodeksida ish haqi bo‘yicha shunga yaqin qoida bor. Ya'ni MK 279-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan, shu jumladan qonunni noto‘g‘ri qo‘llanish oqibatida to‘langan ortiqcha ish haqi qayta undirib olinishi mumkin emas.

Agar shu qoidani huquq analogiyasi sifatida stipendiyaga nisbatan ishlatsak, unda «uchlik» talabalar ham ortiqcha stipendiyani qaytarishi shart emas. Lekin yana qaytaraman, stipendiya bo‘yicha aniq bunday normaga duch kelmaganman», – deydi u.

Huquqshunosning qo‘shimcha qilishicha, bu yerda gap faqat sessiyani «3» bahoga yopganlar haqida ketyapti. «4» va «5» bahoga yopganlar bilan so‘zsiz qayta hisob-kitob qilinishi kerak, bu muhokama ham qilinishi shartmas», deya ta'kidlagan Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top