19:00 / 06.02.2020
0
22621

4 dollarga qulupnay, o‘rmon ichidagi «qilko‘prik» va oyoqdagi voleybol - Tailandning eng quvnoq qishlog‘iga sayohat

Foto: KUN.UZ

Tailandga safarimiz davomida mamlakatning 5 shahrida bo‘ldik. Ular orasida eng chiroyli va eng tozasi Chiang Rai edi. Bangkokdan keyin bu shaharga borsangiz, birinchi navbatda u yerning tozaligiga e'tibor berasiz, chunki to‘g‘risini aytish kerak, Bangkok juda kir shahar... Tailand shimolidagi Doi Tung qishlog‘ini bir kun davomida aylandik. Bu ajoyib qishloq haqida oldin ham yozgan va alohida galereya ham e'lon qilgandik. Bugun Doi Tung qishlog‘ining boshqa jihatiga e'tibor bersak.

Safarimiz davomida Doi Tungdagi maktablardan birida bo‘lib mamlakatdagi o‘qitish tizimi bilan qiziqdik. Tailandda 12 yillik majburiy ta'lim tizimi joriy etilgan. Bolalar maktabda bir kunda 6-8 soat dars oladi. Darsdan keyin ham ko‘pchilik bolalar maktabda qolib qo‘shimcha dars oladi. O‘g‘il bolalarning aksari Tailandning milliy o‘yiniga aylanib ketgan oyoqdagi  voleybol bilan shug‘ullanadi. Bilasiz, bu sport turi sifatida Osiyo o‘yinlariga ham kiritilgan.

Biz borgan maktabning ichida bolalar bog‘chasi ham bor edi. O‘qituvchilarning aytishicha, aksar bolalar avval maktab qoshidagi bog‘chada maktabga tayyorlanib keyin 1-sinfga qabul qilinadi. Bolalar bog‘chasida va maktabning 1-sinfidan boshlab hammaga ingliz tili darsi o‘tiladi. Bizga aytishlaricha, maktabda eng ko‘p o‘qitiladigan fanlardan biri aynan ingliz tili.

Maktab hovlisini aylanar ekanmiz u yerdagi bir jihat e'tiborni tortdi: tartib. Hamma narsa havas qilarli darajada tartibli. Masalan bolalar sinfxonaga kirishdan avval oyoq kiyimlarini tashqariga yechib kiradi. Har kim oyoq kiyimini faqat o‘zining ismi yozilgan joyga qo‘yadi, ular bog‘cha vaqtidan shunga o‘rgatilgan. Bolalarning darsi tugagach bolalar bilan oyoqda voleybol o‘ynab keyingi manzilimiz tomon yo‘l oldik.

Navbatdagi manzil hozirgi mamlakat qirolining oilasiga bag‘ishlangan kichik muzey bo‘ldi. U yerda qirol, uning Doi Tung qishlog‘ini obod qilgan onasi, butun qishloq tarixi haqida hikoya qiluvchi eksponatlar bor. Aynan hozirgi qirolning onasi Doi Tung qishlog‘ining obod bo‘lishiga sababchi bo‘lgan, shu bois qishloqda qirol onasining suratlari ko‘p. Muzeyda bir vaqtlar faqat narkotik ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan Doi Tung qanday qilib toza hududga aylangani haqida lavhalarni ham ko‘rishingiz mumkin.

Muzeydan chiqishingiz bilan Doi Tungning ajoyib bog‘iga ko‘zingiz tushadi. Doim sayyohlar bilan gavjum bo‘ladigan bu bog‘ Doi Tungni narkotik o‘chog‘idan toza makonga aylantirish boshlangan vaqtda ramziy ma'noda qurilgan. Biz butun mamlakatni mana shunday bog‘ga aylantiramiz, deb qurilgan go‘yo bu chiroyli bog‘. Bog‘ga kiraverishda kichik bozorcha bor. U yerda har xil mevalar uchraydi. Bu mevalar orasida bizni e'tiborimizni tortgani qulupnay bo‘ldi. O‘zbekistonda qish chillasi bo‘lib turgan vaqtda qulupnay ko‘zga mo‘jizadek ko‘rinadi-da axir.

Qulupnayga havasimiz kelib uni sotib oldik. Bir quti qulupnay uchun 120-130 bah (Tailand pul birligi) to‘laysiz, bu 4 AQSh dollari atrofida bo‘ladi. Bog‘ning ichkarisi esa kichik bir shaharchaga o‘xshaydi. U yerda har qanaqa narsani topish mumkin bo‘ldi. Bog‘ ichidagi eng ajoyib joy bizningcha o‘rmon ichidagi attraksion bo‘ldi. U yerda belingizga himoya vositasi taqib qo‘yishadi va o‘ziga xos «qilko‘prik»dan o‘tasiz. Bu sayohat xavfli bo‘lishi bilan birga odamga adrenalin beradi. Xullas, Doi Tungni Tailandning eng quvnoq qishlog‘i desak bo‘ladi. Ushbu galereyamiz orqali xayolan Doi Tung qishlog‘iga sayohat qilishingiz mumkin.

 O‘tkir Jalolxonov, Muhammadjon G‘aniyev (foto) 

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top