13:32 / 06.02.2020
0
51497
Faktlarni yashirish va chaquv uchun to‘lov: Xitoyda koronavirusga qarshi qanday kurashilmoqda

Uxan ma'murlari yaqinlashib kelayotgan koronavirus epidemiyasi haqida yanvar oyi boshida xabardor bo‘lishgan, ammo bu ma'lumotni bor kuch bilan yashirishga harakat qilishgan. Buni Li Venlyan ismli xitoylik shifokor hikoyasi tasdiqlaydi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu virusdan 565 kishi vafot etgan, 28 mingdan ortiq odam kasallangan. Virusni yuqtirib olganlar asosan Xitoy aholisidir, biroq virus butun dunyoga tarqalmoqda. 

Xitoydan tashqarida 201ta yuqtirish holati tasdiqlangan. Materikdan tashqaridagi birinchi o‘lim 2 fevral kuni Filippinda, seshanba kuni Hongkongda yuz bergan. 

Doktor Li hikoyasi

Doktor Li Venlyan shifoxonada olingan suratini Weibo’dagi sahifasiga joylagandi.
U epidemiya haqida u tarqala boshlashidan bir necha hafta oldin ogohlantirgan.

Halokatli virus tarqalishidan bir oz oldin Uxan markaziy kasalxonasining oftalmologi Li Venlyan hamkasblarini yetilib kelayotgan muammo haqida ogohlantirgan, ammo ko‘p o‘tmay politsiyachilar uning oldiga kelib, «og‘zini yopishgan».

Bir oy vaqt o‘tgach, yanvar oyi oxirida doktor Li kasalxonadaligida Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi posti orqali bu voqeani batafsil bayon qildi. Unda koronavirus aniqlangandi.

Ma'lum qilishicha, u o‘tgan yilning dekabr oyida kasalxonada 2003 yilgi global epidemiyani keltirib chiqargan atipik pnevmoniyaga (SARS) o‘xshash virusni yuqtirib olgan yetti bemorni payqaydi. 

Ularning barchasi karantinga olinadi. Shifokorlar kasallanish holatlari u yoki bu yo‘l bilan Uxandagi baliq bozori bilan bog‘liq deb o‘ylashadi. 

30 dekabrda Li Venlyan shifoxona shifokorlarining umumiy chatida xabar yozib qoldiradi. U hamkasblarini yaqinlashib kelayotgan epidemiya haqida ogohlantirib, ularga himoyaviy kiyim kiyishni maslahat beradi.

O‘sha vaqtda u dunyo yaqin orada mutlaqo yangi koronavirus turiga duch kelishini bilmas edi, shunchaki avj olish yaqinlashayotganini anglab yetgandi. 

To‘rt kun o‘tgach uning oldiga huquq-tartibot idoralari xodimlari kelib, shifokorga u jamoat tartibiga zarar keltiruvchi yolg‘on mish-mishlarni tarqatishda ayblangan hujjatni imzolashni buyurishadi. 

«Biz sizni ogohlantiramiz, agar o‘jarlik bilan qonunga zid xatti-harakatlarni davom ettirsangiz, sudga tortilasiz. Hammasi tushunarlimi?», - ulardan iqtibos keltiradi doktor Li. U quyiga «Ha,  hammasiga tushundim» deb yozishga majbur bo‘ladi. 

«Umid qilamizki, siz o‘zingizni bosib olasiz va o‘z harakatlaringizni o‘ylab qilasiz»,
deya yozilgan politsiyachilar doktor Lini imzolashga majburlagan nomada

Li Venlyan ushbu hujjat nusxasini Weibo'dagi postiga ilova qilgan. Uxan ma'murlari uni ta'qib qilgani uchun undan uzr so‘rashdi, shuningdek, u hukumat rasmiylari tomonidan zararli mish-mishlar tarqalishida gumonlanib tekshirilgan sakkiz kishidan biri ekani ma'lum bo‘ldi.

Doktor Lining eslashicha, yanvar oyining birinchi haftalarida Uxan amaldorlari odamlarni kasalxonaga kelishga majbur qilayotgan virus odamga faqatgina hayvonlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish orqali yuqishi mumkinligini ta'kidlashgan. Shuning uchun ham shifokorlarga kasallikdan o‘zlarini qanday himoya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmagan. 

Politsiyachilar uning oldiga kelganidan bir hafta o‘tgach, u glaukoma bilan og‘rigan, ammo virus alomatlari kuzatilmagan bemorni qabul qiladi, u virus tashuvchisi bo‘lgan.

10 yanvar kuni shifokor Li yo‘tala boshlaydi, ertasi kuni uning harorati ko‘tarilib, ikki kundan keyin kasalxonaga yotqiziladi. Ko‘p o‘tmay, uning ota-onasi ham kasalxonaga yotqizildi. 

Yana 10 kun o‘tib shifokor Weibo’dagi postida Xitoy hukumati virus yoyilishini rasman tan olgani va favqulodda holat e'lon qilgani haqida yozdi. 

30 yanvar kuni Li Venlyan ijtimoiy tarmoqqa yana bir qisqa xabar yozdi, unda uning tashxisi - koronavirus keltirib chiqargan kasallik tasdiqlangani aytilgan. Minglab odamlar ushbu yozuv ostida qo‘llab-quvvatlash so‘zlari va tiklanishni tilab izohlar qoldirishgan.

Foydalanuvchilardan biri shifokor Lini qahramon deb atagan va uning hikoyasi Xitoydagi xavotirli vaziyatni aks ettirishi haqida yozgan: «Yuqumli kasallik alomatlarini sezuvchi kelajak shifokorlari vahima uyg‘otishdan qo‘rqib qolishadi. Umumiy salomatlik sohasidagi holatni yaxshilash uchun o‘n millionlab Li Venlyanlar kerak».

Nafrat kampaniyasi

Karantin holatiga o‘tishidan oldin Uxanni tark etganlarga boshqa hududlarda nafrat bilan qarashmoqda

Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosining Doimiy qo‘mitasi xokimiyatning halokatli koronavirus tarqalishiga xato munosabatda bo‘lganini tan oldi. Bu kabi tan olish holatlari Xitoy siyosiy elitasida kamdan-kam kuzatiladi. Politbyuro favqulodda vaziyatlarga qarshi turish tizimini takomillashtirishga undadi.

New York Times gazetasining yozishicha, shu orada Xitoy hukumati fuqarolarni o‘z qarindoshlari va qo‘shnilariga kasallik belgilari haqida xabar berishga undab mamlakatda shubha va adovat muhitini atayin qo‘zg‘agan. 

Hatto biror alomatlarga ega bo‘lmaganlar ham yoqimsiz vaziyatga tushib qolishadi.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganidan keyin mehmonxonadan haydash holatlari ma'lum bo‘ldi. Xavotirdagi aholi boshqa birovni qishloqdan haydab yuborgan. Yana bir odam shaxsiy ma'lumotlarini hokimiyatga topshirganidan so‘ng ular internetda ochiq ommaga havola etilganidan xabar topgan.

«Bularning barchasi epidemiya tarqalishi oldini olish uchun qilinmoqda, ammo faqat avtoritar rejimlar shunday yo‘l tutishadi», deb yozadi NYT.

Kasallik avj olganidan so‘ng Uxan kollejlaridan birining talabasi Xarmo Tan o‘z ona shahri Linxayga qaytib keldi. Besh kun o‘tgach unga mahalliy xavfsizlik xodimlari murojaat qilishadi. 

U ularga tashqi dunyo bilan aloqadan uzilganligi va uyda bo‘lganligini aytadi,  ammo undan barcha shaxsiy ma'lumotlari, shu jumladan pasport raqami va Uxandan qaytgan kunini ham so‘rashadi.

Ko‘p o‘tmay, uning ma'lumotlari Uxanga tashrif buyurgan Linxayning boshqa aholisi ma'lumotlari bilan birga tarmoqqa tarqatila boshladi. 

Bir necha kundan keyin politsiya Xarmo Tan eshigini muhrlab qo‘ydi va «bu yerda Uxandan qaygan odam yashaydi» degan yozuv osib qo‘yiladi. Yozuvda shuningdek, qo‘shnilar Tan yoki uning oila a'zolarini kvartiradan chiqib ketishayotganini ko‘rishsa, qo‘ng‘iroq qilishlari kerak bo‘lgan telefon ko‘rsatilgan. 

Chaquv uchun mukofot

Xitoy hukumati mamlakatda favqulodda vaziyat yuzaga kelgani va yuzlab kishilar koronavirusdan vafot etganini hisobga olib, bu kabi choralarni tushunishni talab qilmoqda.
Biroq huquq himoyachilari va faollarning virus tarqalishi boshlangan Xubey viloyati aholisiga qarshi maqsadli kampaniya olib borilayotganiga ishonchi komil. 

Mamlakatning shimoliy viloyatlaridan biri bo‘lgan Xebeyda (Xubey bilan adashtirmaslik kerak) mahalliy aholiga Uxanga qilgan har tashriflari to‘g‘risida ma'lumot uchun ming yuan (taxminan 140 dollar) miqdorida mukofot va'da qilingan.

Tszyansu shahrida ma'murlar yaqin orada Uxanda bo‘lgan bir oila xonadonining eshigini qamoqxona kamerasiga o‘xshagan temir panjara bilan to‘sib qo‘yishdi, deb yozadi New York Times. Qo‘shnilar oziq-ovqat mahsulotlarini arqonga bog‘lab, yuqoridagi balkon orqali yetkazib berishmoqda.

Uxandagi texnik uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniya xodimi oilasini ijaraga olingan mashinada shahardan olib chiqib, Pekindagi qarindoshlari tomon yo‘l oladi. Ammo yo‘lda boshqa viloyatlardagi mehmonxonalarda to‘xtashning iloji bo‘lmaydi. 

Faqatgina Nanszindagi bir qimmatbaho mehmonxona ularni ro‘yxatdan o‘tkazishga rozi bo‘ladi va Endi Li mahalliy ma'murlar ularni va boshqa qochoqlarni Uxandagi maxsus karantinli mehmonxonaga ko‘chirmaguncha oilasi uchun to‘rt kunlik karantinni uyushtirishga erisha oladi, xolos.

«Ular uxanliklarni Nanszin aholisidan ajratib turishni istashyapti xolos va Uxandagi odamlar ushbu mehmonxonada bir-birlariga yuqtirishlari mumkinligi haqida o‘ylab ham ko‘rishmayapti», — dedi Endi Li hatto asosiy choralar ham ko‘rilmagan karantin haqida izoh berib. 

Xitoyning markazidagi ona shahriga Uxandan qaytib kelgan 21 yoshli talabaga qo‘shni qishloqqa bobosining dafn marosimiga borishga ruxsat berilmagan, vaholanki u virus avj olgan hududdan qaytganiga karantin uchun mo‘ljallangan 14 kundan ko‘proq vaqt o‘tgan. 

Uning shaxsiy ma'lumotlari internetda tarqatilgan va unga tahdidli qo‘ng‘iroqlar boshlangan. Qiz ulardan birini eslaydi: «Nega bizning shaharga qaytib kelding, uxanlik it».

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top