17:00 / 06.02.2020
4
17057
Hashar, harbiylar mehnati va prezidentning paxtaga davlat buyurtmasini bekor qilishi haqida. XMT vakili bilan intervyu

O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuvchilik sohasida millionlab ish o‘rinlari yaratish salohiyatiga ega. Buning uchun xorijiy brendlar, investorlarni jalb qilish kerak. Paxta yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasining bekor qilinishi esa, qishloq xo‘jalishini diversifikatsiyalashdagi ulkan qadam bo‘ldi. Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi bosh maslahatchisi Yonas Astrup Kun.uz muxbiri bilan qisqa suhbatda majburiy mehnat va boshqa mavzularda tashkilot qarashlarini bildirdi.

 -        O‘zbekistonda barqaror ish o‘rinlarini qanday qilib ko‘proq tashkil etish mumkin?

-        O‘zbekiston noyob imkoniyatga ega, chunki sizning mamlakat dunyoda 6-eng yirik paxta tolasi yetishtiruvchi mamlakat hisoblanadi. Bundan tashqari, ishga layoqatli fuqarolar soni ham juda ko‘p. Bunga qo‘shimcha ravishda jug‘rofiy joylashuvi Yevropaga yaqin. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari Yevropaga 2 haftada kirib borishi mumkin. Bu, misol uchun, Osiyoning boshqa mintaqalarida ishlab chiqilgan shu turdagi mahsulotlarni yetkazib berish uchun talab etiladigan 6-8 haftadan anchagina qisqa muddatdir.

Bu yana shuni anglatadiki, chakana sotuvchilar, mahsulotlar ta'minotini qisqa vaqtda amalga oshira oladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida millionlab ish o‘rinlari yaratishdek ulkan salohiyatga ega. Buning uchun to‘g‘ri malakaga ega bo‘lish hamda xorijiy investorlar, xaridorlar va kompaniyalarni jalb etish talab etiladi. Bugungi kunda guvoh bo‘lib turganimiz, paxta hosilini yig‘ib olishda majburiy mehnatga barham berilishi – xorijiy brendlar, chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilarni O‘zbekistonga jalb qilish uchun ulkan qadamdir.

-        O‘tgan yili harbiylar va ichki ishlar idoralari xodimlari paxta terimiga jalb qilindi. Xalqaro mehnat tashkilotining bu masalada qarashi nimadan iborat?

-        Harbiy xizmatchilar mehnati borasida Xalqaro mehnat tashkiloti o‘z qarashiga ega. Nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning har qanday mamlakati iqtisodiy taraqqiyot yoki boshqa maqsadlarda harbiy xodimlar kuchidan foydalana olmaydi. Davlat favqulodda vaziyatlar va mojarolarga barham berishda harbiylarni jalb eta oladi, xolos. Bu qoidaga ba'zi istisnolar ham bor, ammo odatdagi ishlarda harbiylar o‘zlari xohlasa ham, ularning mehnatiga pul to‘langan taqdirda ham, ularning kuchidan foydalanish mumkin emas. XMTning ushbu masaladagi qarashi shuki, bu tashkilot me'yorlariga to‘g‘ri kelmaydi. Albatta, bizga aytganlaridek, bular vaqtinchalik choralar bo‘lgan va to‘xtatiladi.

-        Hasharlar borasida tashkilot nima deydi? Chunki, o‘tgan yili ko‘plab viloyatlar hokimlari hasharlardan haddan ortiq ko‘p foydalandi.

-        Hashar – o‘zbek an'anasi bo‘lib, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham shunga o‘xshash odatlar mavjud. Mahalliy jamoatchilik vakillari, o‘z xohish-tashabbuslari bilan jamiyatdagi biror infratuzilmani tuzatish, daryolarni tozalash, atrofni obodonlashtirish kabi ishlarda birlashib turadi.

Albatta, bunday ishlarni amalga oshirish borasida ham XMTning o‘z nuqtai nazari bor. Bu jarayonlar ko‘ngilli ravishda amalga oshirilishi va jamiyat hamda o‘sha insonlar yashab turgan mahalla foydasiga bo‘lishi darkor. Shunga ko‘ra, insonlarni paxta terimiga chaqirishni hashar deb bo‘lmaydi.

-        Qishloq xo‘jaligi vaziri, davlat rahbarining topshirig‘i bilan bu yildan e'tiboran hokimlar paxta yetishtirish bilan shug‘ullanmasliklarini bildirdi. Nima deb o‘ylaysiz, prezidentning bu qarori nimalarni o‘zgartiradi?

-        Bu juda ulkan olg‘a siljish bo‘ldi. Bu qaror, paxta hosilini yig‘ib olishdagi majburiy mehnat bilan bog‘liq ayrim boshqa holatlarga ham barham berishga yordam beradi. Paxta yetishtirishning fermerlar, tadbirkorlar zimmasiga yuklatilishi sababli ular chigit, yoqilg‘i va boshqa ehtiyojlar uchun zarur moliyaviy mablag‘larni xususiy banklarga murojaat qilib oladi. Agar, fermer davlatdan qarz olgudek bo‘lsa, masalan, sizdan 1000 dollar qarz evaziga ma'lum miqdorda paxta yetishtirib berishingiz talab etilar edi. Endilikda, bu tizim yo‘qolmoqda.

Bu nimani anglatadi? Endi fermerlarda mahsulot ishlab chiqarish rejasi bo‘lmaydi. Bu rejani bajarish uchun mavsum so‘ngigacha ishchilarni dalaga chiqarmaydi. Shu bilan majburiy mehnat ehtimoli ham yo‘qoladi. Shuningdek, mahalliy hokimlar va hukumat paxta terimchilarini jalb qilish ishi bilan shug‘ullanmasligini, ya'ni O‘zbekiston bozor tamoyillariga asoslangan model tomon harakatlanayotganini, fermerlar ham o‘zlari istagan narsani yetishtirishlarini anglatadi.

-        XMT O‘zbekiston hukumatining bo‘lg‘usi qadamlari borasida qanday tavsiyalarni beradi?

-        Paxta terimchilariga to‘lanadigan ish haqining eng kam miqdorini ko‘paytirishda davom etish kerak. Misol uchun, o‘tgan yili ayrim to‘qimachilik korxonalari davlat belgilagan to‘lovdan ko‘proq to‘laganiga ham guvoh bo‘ldik. Bu juda ham ijobiy, shunday davom etish lozim. Ishlash va yashash sharoitlarini yaxshilashda davom etish darkor. Mehnat inspektorlarining dalada va boshqa korxonalardagi sharoitlarni o‘rganishi uchun faoliyatini kuchaytirish kerak.

Bu ishlarga fuqarolik jamiyatlarini ko‘proq jalb qilish kerak, ko‘proq ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Ular hukumatga mehnat huquqlariga rioya etilishini nazorat qilish, voqealardan xabardor bo‘lishda yordam beradi. Xorijiy investorlarni sohaga jalb qilishda davom etish zarur. Qishloq xo‘jaligi sohasini paxta xom-ashyosi yetishtirishga qaramlikdan qutqarishni kuchaytirish, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar, xususan, to‘qimachilik va tikuvchilik sohalarini rivojlantirish zarur. Bular 2020 va undan keyingi davrlar strategiyasidir.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top