08:56 / 06.02.2020
0
4231

O‘zbekiston vakili Parlamentlararo ittifoq ijroqo‘mi raisi o‘rinbosari etib tayinlandi

Akmal Saidov Parlamentlararo ittifoq vitse-prezidenti hamda Moliya bo‘yicha kichik qo‘mita a'zosi etib tayinlandi 

Foto: KUN.UZ

2020 yilning 30 yanvar kuni Parlamentlararo ittifoq (PAI) Ijroiya qo‘mitasi boshqaruv organlari yangi tarkibini shakllantirish doirasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov PAI vitse-prezidenti hamda Moliya bo‘yicha kichik qo‘mita a'zosi etib ham tayinlandi.

O‘zbekistonning Jyeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning oktyabr oyida tarixda ilk bor O‘zbekistondan nomzod PAI Ijroqo‘mi a'zosi etib saylangan edi. Akmal Saidov nomzodi tashkilotning barcha a'zo mamlakatlari tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.

1889 yilda tashkil qilingan PAI hozirgi paytda 179 ta davlatni birlashtiradi va dunyo parlamentlarining asosiy xalqaro organi hisoblanadi.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, jahon miqyosidagi qonun chiqaruvchi organlarning bunday nufuzli forumi faoliyatida qatnashish 24 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida qo‘yilgan vazifalarni yanada samarali amalga oshirishga hamda xalqaro parlamentlararo hamkorlik kun tartibini shakllantirishda O‘zbekistonning faol ishtirok etishiga imkon beradi, deyiladi TIV xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top