13:26 / 06.02.2020
0
5059
Samarqandda transport vositasini takroran olib qochgan voyaga yetmagan shaxsga hukm o‘qildi

Samarqand viloyatida transport vositasini takroran olib qochgan voyaga yetmagan shaxsga hukm o‘qildi

Foto: Tergov departamenti

2019 yilning 23 oktabr kuni taxminan soat 10:30larda voyaga yetmagan 17 yoshli D.H. Urgut shahri “Mergancha” mahallasi hududidagi avtoturargohda fuqaro F.N.ga tegishli oq rangli Nexia-3 rusumli avtomashinasi qarovsiz qoldirilganligidan foydalanib, avtomashinani o‘t oldirish joyida qoldirilgan kalit yordamida yurgizib, transport vositasini olib qochgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2019 yilning 24 oktabr kuni voyaga yetmagan D.H. Kattaqo‘rg‘on shahridagi dehqon bozori oldida avtomashinani boshqarib borayotgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov jarayonida D.H. avval ham xuddi shunday jinoyatni sodir etgani uchun sudlanganligi aniqlanib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “a” bandi (xavfli retsidivist tomonidan transport vositasini olib qochish) bilan ayblov e'lon qilingan hamda “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov yakuniga ko‘ra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudlov muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining hukmiga ko‘ra, fuqaro D.H. aybdor deb topilib, unga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top