15:41 / 06.02.2020
3
27737

Toshkentda o‘quvchilarni aldagan nodavlat ta'lim markazi mansabdorlariga jinoiy ish ochildi

Prokuratura organlari Kun.uz saytidagi maqoladan keyin Toshkent shahrida bir yil mobaynida o‘quvchi va abituriyentlarni aldab kelgan nodavlat ta'lim muassasasi faoliyatiga e'tibor qaratdi.

Toshkent shahridagi «BRITISH FOUNDATION TASHKENT» nodavlat ta'lim markazi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berdi.

«Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy huquq manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «BRITISH FOUNDATION TASHKENT» nodavlat ta'lim markazi mansabdor shaxslari markazga o‘qish istagida murojaat qilgan fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni aldab, Buyuk Britaniyaning ta'lim standartlari yo‘nalishi bo‘yicha 3 oydan 9 oygacha sifatli ta'lim berishni va kelgusida Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetlaridan birida tahsil olishlariga, markazning yakuniy imtihonlaridan o‘tolmagan o‘quvchilar Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti yoki Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga o‘qishga qabul qilinishiga ishontirib yolg‘on va'dalar berib, 30 nafar o‘quvchining har biridan 7 000 AQSh dollaridan jami 210 000 AQSh dollarini o‘quv to‘lovi sifatida qo‘lga kiritganliklari aniqlangan. 

Shuningdek, tekshiruvda markaz mansabdor shaxslari o‘quvchilardan olingan jami 82,7 mln. so‘m pul mablag‘larini markazga kirim qilmaganliklari, markazga tegishli bo‘lgan korporativ plastik kartaga juda ko‘p miqdordagi pullarni tushirib, o‘zlariga ortiqcha ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni hisoblab, jami 674,6 mln. so‘m miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan «BRITISH FOUNDATION TASHKENT» NTM mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati ma'lumotida.

Bundan avvalroq Kun.uz saytida «Talaba bo‘lish orzusi sarobga aylandi. Noma'lum ta'lim dasturi jabrlanuvchilariga kim yordam beradi?» sarlavhali material e'lon qilingan, unda Angliyaning yetakchi universitetlarida va O‘zbekistonda joylashgan xalqaro universitetlarda o‘qish orzusida bo‘lgan 41 nafar yoshlar qariyb 7000 ming AQSh dollaridan to‘lab, «Foundation year» degan yangi dastur asosida 6 oy o‘qiganidan so‘ng o‘zlari kutgan natijaga erisha olmagani, natijada to‘lagan pullariga kuyib qolishgani bayon qilingandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top