22:11 / 06.02.2020
2
82466
Uxandagi koronavirus haqida birinchi bo‘lib xabar qilgan shifokor vafot etdi

Xitoyning Uxan shahridagi koronavirus haqida birinchi bo‘lib ogohlantirgan va buning uchun yolg‘on ma'lumot tarqatishda ayblangan oftalmolog shifokor Li Venlyan vafot etdi. Shifokor ham koronavirusning qurboniga aylandi.

34 yoshli Li Venlyan Uxanning markaziy shifoxonasida ishlagan. U Weibo ijtimoiy tarmog‘ida 11 yanvarda unda yo‘tal va yuqori tana harorati paydo bo‘lganini yozgan. Shifokor o‘zining 1 fevraldagi so‘nggi xabarida koronavirusga chalingani tasdiqlanganini ma'lum qilgan

2019 yil 30 dekabrda shifokor WeChat ijtimoiy tarmog‘i orqali hamkasblariga Uxandagi Xuanan dengiz mahsulotlari bozorida atipik zotiljamga (SARS) uchrash bo‘yicha 7 ta holat tasdiqlanganini yozgan. O‘shanda Li kasallikning qo‘zg‘atuvchisi koronavirusning yangi shtammi ekanini bilmagan. Lining bu xabari ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqalib ketgan, chunki odamlar SARS qaytishidan qo‘rqqanlar.

Keyingi kuni Li va avj olayotgan epidemiya haqida boshqalar bilan bo‘lishgan yana 7 shifokor politsiyaga chaqirtirilgan. Ularga ogohlantirish qilinib, jamoat tartibiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday “yolg‘on xabarlar”ni boshqa tarqatmaslik talab qilingan. 

Biroq Xitoy hukumati 31 dekabrdayoq Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini Uxanda noma'lum turdagi zotiljam avj olayotganidan ogohlantirgan. Mutaxassislar bu zotiljam 2019-nCoV koronavirusi bilan chaqirilishini aniqlashgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirus qurbonlari soni 563 nafarni, kasallanganlar 28 mingdan ko‘pni tashkil qilmoqda.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top