08:06 / 07.02.2020
9
6603

2019 yil yakunlari bo‘yicha ishsizlik darajasi 9 foizni tashkil etdi

Ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9,0 foizni tashkil etgan va 2018 yilga nisbatan 0,3 foizga pasaygan

Foto: KUN.UZ

2019 yilning dekabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan 485 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo‘jaligi va 25,8 ming nafar fuqaro qamrab olingan ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi. Bunda 108 ta shahar va tuman aholisi ishtirok etdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholiga nisbatan 9,0 foizni tashkil etgan, bu esa 2018 yilga nisbatan 0,3 foizga pasayganligini ko‘rsatadi. Ishga muhtoj bo‘lgan aholi soni 1,3 mln.ni tashkil etadi, 16-30 yoshli aholi o‘rtasida ishsizlik 15 foizni, ayollar o‘rtasida 12,8 foizni tashkil etadi.

2019 yilda mehnat resurslari soni 19 mln kishiga yetdi, bu 2018 yilga nisbatan 100,9 foizni tashkil etadi. Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13,5 mln kishini tashkil qildi (o‘tgan yilga nisbatan 102 foiz).

2019 yilda ilk bor rasmiy sektorda band aholi soni 2018 yilga nisbatan 3,7 foizga ko‘payib, 5,7 mln kishini tashkil qildi.

Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni (mehnat migrantlarini hisobga olmaganda) 5,3 mln kishini tashkil etdi. Ish o‘rinlarini legallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida norasmiy vaqtinchalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar 19,6 mingga, ro‘yxatdan o‘tmasdan va tegishli ruxsatnomasiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar 42,8 mingga kamaygan.

2019 yilda iqtisodiy nofaol aholi sonining kamayishi kuzatildi. Jumladan, ishlashni xohlamayotganlar yoki darhol ishga joylashishga imkoniyati yo‘qlar 73,9 mingga yoki 9,6 foizga kamaygan.

O‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatganki, mamlakatdan tashqariga ishga ketganlar soni 2,4 mln kishini tashkil etgan, bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 103,2 foizga teng.

2019 yilda tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga 773 452 fuqaro ish topishga yordam so‘rab murojaat qilgan (ular orasida 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 218 025 nafarni tashkil etgan). Murojaatchilarning 356 897 nafari ish bilan ta'minlandi, 263 230 kishi jamoat ishlariga, 36 750 nafar fuqaro kasbga o‘qitishga jalb qilindi. 57 874 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

Bandlikka ko‘maklashish Davlat jamg‘armasi hisobidan ishga olgan ishsiz fuqarolarning kasbiy malakasini oshirayotgan ish beruvchilarga, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsizlarga, shaxsiy tomorqalarini rivojlantirayotgan fuqarolarga, shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ishga olgan korxonalarga 12,2 mlrd so‘m miqdorda beg‘araz yordam (subsidiyalar) ajratildi, natijada 12,9 ming nafar ishsiz fuqarolarning bandligi ta'minlandi.

39,1 mingdan ortiq o‘z-o‘zini band qilib, uy sharoitida ishlayotgan fuqarolarga (bemorlar va keksalarga qarab turish, uy ishlarini bajarish, mebel ta'mirlash, santexnika va elektromontaj ishlari, avtomobillarni ta'mirlash va yuvish, repetitorlik qilish va hokazo faoliyat turlari bo‘yicha) mehnat stajini hisoblash va pensiya olish huquqini berayotgan vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top