22:17 / 07.02.2020
1
49310
Kruiz layner bortida epidemiya. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar

Yaponiyaning Yokogama shahri qirg‘oqlari yaqinida to‘xtatilib, karantinga olingan «Daymond prinsess» kruiz layneri yo‘lovchilari orasida yana 41 kishi yangi koronavirusni yuqtirib olgani ma'lum bo‘ldi. Bortdagi zararlanganlarning jami soni 61 nafarni tashkil etmoqda.

Diamond Princess kamida 19 fevralgacha karantinda qoladi / GETTY IMAGES

Laynerdagi yo‘lovchilarning jami soni 3700 kishiga yaqin - 2700 yo‘lovchi va kema ekipajining mingga yaqin a'zosi. Kema yana ikki haftaga yaqin vaqt davomida karantinda bo‘ladi.

Ushbu kema 20 yanvar kuni Yokogama shahridan Kagosima-Hongkong-Okinava yo‘nalishi bo‘yicha ikki haftalik kruizga jo‘nagan. Sayohat 4 fevralda tugashi kerak bo‘lgan. 

Biroq 20 yanvar kuni kemaga chiqib, 5 kun o‘tgach Hongkongda qirg‘oqqa tushgan yo‘lovchilardan biri, hongkonglik 80 yoshli pensionerda virus aniqlangach, bortdagilarning barchasini yoppasiga tekshirish boshlandi. 

Bu holat haqda Yaponiya hukumati xabardor qilingach, kruiz 3 fevral kuni Yokogamaga qaytganida unga portga kirishga ruxsat berilmagan.

Xuddi shu vaqtda yana bir kruiz layner Hongkong yaqinida karantinga olindi, uning qirg‘oqqa tushgan yo‘lovchilaridan 8 nafarida koronavirus aniqlangan. «Uorld drim» bortida qolgan 3600 kishida hozircha virusdan zararlanish holati tasdiqlanmadi.

Britaniya-Amerika kompaniyasiga tegishli bo‘lgan «Uesterdam» layneriga ham yapon portlariga kirish taqiqlangan, holbuki uning bortida virusdan zararlanish holati haqida ma'lumot yo‘q.

Yo‘lovchilarning aytishicha, karantindagi sharoitlar ideal emas / GETTY IMAGES

Ayni vaqtga kelib Yaponiya hududida koronavirusni yuqtirib olganlar soni 86 kishini tashkil etmoqda. Bu Xitoydan tashqaridagi hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Barcha zararlanganlar bir necha prefekturada tashkil etilgan maxsus jihozlangan shifoxonalarga joylashtirilgan.

Kemadan evakuatsiya qilingan bemorlar orasida 58 yoshli britaniyalik ham bor, u 41 yoshli rafiqasi bilan asal oyini o‘tkazayotgandi. Uning rafiqasida koronavirus simptomlari aniqlanmagan va u boshqa yo‘lovchilar bilan birga kema bortida qolgan.

Karantinda qolayotgan yo‘lovchilarning ayrimlari sharoitlardan shikoyat qilishgan, ular qariyb bir oyni kayutada o‘tkazishga majbur bo‘lishmoqda. Yo‘lovchilardan biri buni suzuvchi qamoqxonaga o‘xshatgan.

Layner bortida dori-darmon tanqisligi yuzaga kelgan. Yo‘lovchilardan biri Yaponiya bayrog‘ini ko‘targan, uning oq rangli qismida «dorilar yetishmayapti» deb yozilgan.

Yaponiya telekompaniyalaridan birining qirg‘oqda turgan jurnalisti unga javoban plakat ko‘targan, unda, aynan qaysi dorilar yetishmovchiligi kuzatilayotgani so‘ralgan.

Yo‘lovchilardan biri dori tanqisligi haqida xabar bergan / REUTERS

«Daymond prinsess» bortida 56 davlat fuqarolari bor. Zararlanganlar quyidagi tartibda: 

  • Yaponiya: 28 kishi
  • AQSh: 11 kishi
  • Avstraliya: 7 kishi
  • Kanada: 7 kishi
  • Xitoy: 3 kishi
  • Buyuk Britaniya, Argentina, Yangi Zelandiya, Filippin va Tayvan: bir kishidan.

Karantin holatida qolayotganlar orasida Rossiyaning 24 nafar fuqarosi bor.

Ushbu kruiz safarini tashkillashtirgan Princess Cruises kompaniyasi karantin holatidagilarning sharoitlarini yaxshilash uchun bor imkoniyatlar ishga solinishi, yo‘lovchilar televideniye, filmlar, stol o‘yinlari va bolalar uchun o‘yinlar, ingliz va yapon tilidagi gazetalar, oziq-ovqatlarni kayutalarga yetkazib berish xizmatlari, shuningdek, tekin internet va telefon aloqasi bilan ta'minlanishini va'da qilgan.

Vaqti vaqti bilan yo‘lovchilarga kayutalarni tark etib, banket zallariga tashrif buyurish imkoniyati yaratilmoqda, ularni Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari nazorat qilmoqda, ammo ularning soni bir necha nafar xolos.

Layner bortidagilar qanday yashamoqda?
«Daymond prinsess» bortidagi britaniyalik yo‘lovchi Devid Abel feysbukdagi sahifasi orqali layner hayotini yoritib bormoqda.

  • «Biz doimiy ravishda o‘z tana haroratimizni o‘lchab borishimiz kerak, agar u ko‘tarilgan bo‘lsa bu haqda tibbiyot xodimlariga xabar berish kerak»
  • «Kichik kayutalarda illyuminatorlar yo‘q, bunday xonalarga kunduz kuni ham yorug‘lik tushmaydi, toza havo kirmaydi. Ammo, kema kapitani bunday xonalardagi yo‘lovchilarga vaqti vaqti bilan palubaga chiqish va jismoniy mashqlar bajarish imkoniyati taqdim etilishini bildirdi»
  • «Agar bizni palubaga qo‘yishsa, biz yuz niqobi kiyishimiz va boshqalardan kamida bir metr masofa saqlagan holda harakatlanishimiz kerak»
  • «Styuardlar endi kayutalarga kirib to‘shakni yig‘ishtirishmaydi. Biz gigiyena va xona ozodaligi to‘g‘risida o‘zimiz qayg‘urishimiz kerak»
  • «Kiyimlarni yuvishning iloji yo‘q, biz ustimizda nima bo‘lsa shunda yuribmiz. Ichki kiyimlarni rakovinada yuvishga harakat qilamiz - sovun bor»
  • «Karantinning birinchi kunida oziq-ovqat kam edi. Hozir bu borada hammasi yaxshi, lekin menyu butunlay o‘zgargan va bu endi lyuks emas».
GETTY IMAGES

Xitoy sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar soni 638 kishiga yetdi, kasallanganlar soni dunyo bo‘yicha 31 479 kishini (Xitoyda 31211) tashkil qilmoqda, koronavirus 24ta davlatda 268 nafar kishida laboratoriya usulida tasdiqlangan. Vafot etganlarning katta qismi — 618 kishi Xubey provinsiyasida joylashgan Uxan shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Uxandagi krematoriylar koronavirus sabab to‘lib ketgan. 

7 fevral kuni Uxandagi gospitalda yangi turdagi koronavirus xavfi haqida birinchilardan bo‘lib ogohlantirgan shifokor Li Venlyan koronavirus oqibatida vafot etdi. Li Venlyan 2019 yilning dekabrida virus yuqtirib olgan bemorlar haqida hamkasblarini ogohlantirishga uringan. Dastlab u atipik pnevmoniya epidemiyasini chaqiradigan virus haqida WeChat orqali ommaga ma'lum qilgandi.

O‘zbekistonda hozircha koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi ma'lumotiga ko‘ra, I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 6 fevral kuni xorijiy davlatlardan 38ta samolyot qabul qilinib, 4374 kishi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ markaziy Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6ta sanitariya-karantin punktidan 6ta poyezdda jami 1399 kishi, Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlari orqali 28863 kishi termometriyadan o‘tkazildi.

6-7 fevral kunlari Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqa tegishli tashkilot va idoralar mutaxassislari bilan hamkorlikda Toshkent viloyati, Toshkent tumanida joylashgan «Navoiy» chegara-bojxona postida «Yangi koronavirus infeksiyasini respublika hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishi oldini olishda FVDT rahbar organlari va kuch-vositalarining hamkorlikdagi harakatlari» mavzusida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Bu kabi amaliy mashg‘ulotlar butun respublika bo‘ylab tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Savdo sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning «Salomatlik» poliklinikasi xodimlari hamda «Toshkent-Volgograd» va «Andijon-Ufa» yo‘nalishidagi vagon kuzatuvchilari bilan «Yangi koronavirus infeksiyasi, uning birlamchi simptomlari, kasallikka gumon qilingan bemorlar aniqlanganda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar» mavzusida seminarlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta'minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya qoidalar talablari asosida amalga oshirilmoqda. Bu kasallik respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishi oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top