18:24 / 07.02.2020
0
6213
O‘zbekistonda nodir kitoblarni endilikda telefon orqali o‘qish mumkin

Foydalanuvchi internet orqali onlayn tizimida qo‘lyozmalar, nodir kitob, albom, gazetalar katalogi hamda to‘liq matni bilan tanishadi 

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida nodir va alohida qimmatli nashrlarni ehtiyotlab saqlash, ularni konservatsiya va restavratsiya qilishning zamonaviy metodlarini joriy qilish, bosma nashrlar, adabiyot va san'at asarlari, qo‘lyozma va grafik hujjatlar, tarixiy hujjatlar va nodir nashrlarning elektron fondini shakllantirish dolzarb vazifalardan etib belgilangan.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan «Nodir nashrlar va qo‘lyozmalar» ma'lumotlar bazasi dasturi joriy etilgan.

Dasturga nodir nashrlar katalogi va asarning to‘liq matni kiritilgan. Shuningdek, alohida foydalanuvchilar (olimlar, mutaxassislar va tadqiqotchilar) mazkur dastur yordamida o‘zlarini qiziqtirgan mavzular bo‘yicha sharhlar, sohaviy maqolalarni  joylashtirish imkoniga ega bo‘lishadi.

Milliy dasturning afzalligi shundaki, foydalanuvchi internet orqali www.nodir.natlib.uz onlayn tizimida qo‘lyozmalar, nodir kitob, albom, gazetalar katalogi hamda to‘liq matni bilan tanishadi. Ya'ni, qayerda bo‘lishdan qat'iy nazar, qo‘ldagi smartfon orqali ikki-uch asr avval bitilgan manbani bemalol o‘qish mumkin.

Hozirda bazaga 1855 ta kitob, 118 ta qo‘lyozma, 22 ta albom, 2670 vaqtli matbuot nashri kiritilgan bo‘lib, bu ishlar tizimli davom etib kelmoqda.

Dastur foydalanuvchiga qisqa vaqtda barcha axborot resurslarini bir makonga umumlashtirish, keng ko‘lamli ma'lumotlarni sifatli taqdim etish imkonini beradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top