19:38 / 07.02.2020
3
3703
Qorako‘l tuman elektr tarmoqlari korxonasining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Mamlakatimizning chekka hududlaridan biri hisoblangan Qorako‘l tumanida zamonaviy talablarga javob beradigan elektr ta'minoti korxonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qorako‘l tuman elektr tarmoqlari korxonasi binosida muhandis-texnik va ishchi-xodimlar hamda bu yerga tashrif buyuradigan mijozlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, konferens-zal, korxona mutaxassislarini o‘qitish va boshqa xonalar ish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Mijozlar uchun qulaylik tug‘dirish maqsadida fuqarolarni qabul qilish xonasi va elektron tablo ham ishga tushirilgan.

Ta'kidlash joizki, tuman elektr ta'minoti korxonasi tasarrufida 34 706 dan ziyod aholi va 2 132 dan ziyod yuridik shaxsga xizmat ko‘rsatuvchi 6 ta podstansiya, 535 km uzunlikdagi 10 kVli, 1 013 km uzunlikdagi 0,4 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari, yangidan qurilayotgan kabel liniyalari, shuningdek, 475 ta transformator punkti ekspluatatsiya qilinmoqda. Tabiiyki, ushbu sa'y-harakatlar qorako‘lliklarni sifatli va uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Tantanali ochilish marosimining uzviy davomi sifatida «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJning tarkibigi kiruvchi 12 ta tuman va shahar elektr ta'minoti korxonasining mutasaddilariga xizmat avtomashinalari topshirildi.

«Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top