21:56 / 07.02.2020
10
25720
Rag‘batlantiruvchi stipendiya tayinlash tartibi e'lon qilindi

Har bir OTMda Stipendiya komissiyasi tuziladi. Komissiyaga o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor raislik qiladi. Komissiya a'zolari – dekan, o‘qituvchilar, Yoshlar ittifoqi vakillari bo‘ladi. Rag‘batlantiruvchi stipendiya tayinlashda vakillik huquqi shu komissiyaga berilmoqda.

Bugun, 7 fevral kuni talabalarga stipendiya to‘lash tartibini o‘zgartirish yuzasidan hukumat qaroriga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov 2020 yil 1 fevraldan faoliyatini boshlagan Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi, Talabalar kengashi va Stipendiya komissiyasi bo‘yicha axborot berdi.

«2020 yil 1 fevralidan boshlab OTMda Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi shakllantiriladi va shu orqali iqtidorli, faol va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar qo‘shimcha rag‘batlantirib boriladi», – dedi u.

Ma'lum qilinishicha, endilikda:

  • o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari «a'lo» baho (reyting ko‘rsatkichi – 86 ball va undan yuqori) bo‘lgan, to‘lov-kontrakt asosida (stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda ekanligidan qat'i nazar) ta'lim olayotgan talabalarga stipendiya bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida;
  • iqtidorli, jamoat ishlarida faol, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalarga ularga belgilangan stipendiyalarga nisbatan qo‘shimcha 50 foiz miqdorida rag‘batlantirish beriladi.

Vazir o‘rinbosari bu imtiyozlarni qo‘llashda poraxo‘rlik holatlari bo‘lmasligi uchun qanday tizim ishlab chiqilganiga izoh berdi.

«Bunda OTMdagi Talabalar kengashi jamoatchilik nazoratini vazifasini bajaradi. Har bir oliygohda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor raisligida Stipendiya komissiyasi tashkil etiladi. Dekan, o‘qituvchilar, Yoshlar ittifoqi a'zolaridan iborat ushbu tuzilma rag‘batlantiruvchi stipendiya tayinlashda vakillik huquqiga ega bo‘ladi.

Talabalar kengashi xulosasi asosida ushbu komissiya qaysi talabaga rag‘batlantiruvchi stipendiya tayinlashni hal qiladi», – degan Buzrukxonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top