10:52 / 07.02.2020
0
10489
Shahrixonning talaba-hokimi: «10 kunda yuzdan ortiq yoshlarni ishga joylamoqchimiz»

Andijon viloyatida yoshlar o‘n kunligi loyihasi doirasida yosh kadrlarni rahbar lavozimida sinab ko‘rish amaliyoti qo‘llab ko‘rilmoqda.

Loyihaga asosan faol va iqtidorli yoshlar viloyatdagi shahar va tumanlarga 10 kun muddat davomida vaqtincha hokim sifatida tayinlandi. Bu muddat mobaynida yoshlar tuman/shahar rahbarligi faoliyati bilan tanishib, buni o‘zlarida sinab ko‘rishadi, hudud uchun yangi g‘oyalarni taklif etishadi.

Kun.uz muxbiri shu loyiha doirasida Shahrixon tumaniga vaqtincha hokim sifatida tayinlangan Andijon mashinasozlik instituti to‘rtinchi bosqich talabasi Abdulhamid Akbarov bilan suhbatlashdi.

Talabalar Shuhrat Abdurahmonovdan viloyat boshqaruvini bir kunga yoshlarga berishni so‘ragan

– Loyiha tashabbusi shu o‘quv yilining boshida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov oliy ta'lim muassasalari talabalari bilan uchrashganda o‘rtaga tashlangan edi. Talabalar viloyat boshqaruvini bir kunga yoshlarga berib ko‘ring, degan taklifni o‘rtaga tashlashgan. Bu paytda tuman/shahar hokimligiga tayinlash haqida gap yo‘q edi.

Oliy Majlisning Bosh vazir tasdiqlangan yig‘ilishida Shuhratbek Abdurahmonov Shavkat Mirziyoyevga qarab, «Yoshlarga oid davlat siyosatida Andijon namunasini ko‘rsatib beraman», degan va'dani berdi.

Shu va'daga ko‘ra, tuman hokimlari 10 kunga Davlat boshqaruv akademiyasiga tajriba orttirish uchun ketishidan foydalangan holda Andijondagi OTMlar talabalari, ishlab chiqarish korxonasi egalari bo‘lgan yoshlar viloyatdagi 16ta tumanga birinchi rahbar qilib tayinlandi. Ushbu amaliyot 10 kun davom etadi.

Bizni bu lavozimlarga tayinlash chog‘ida viloyat hokimi yoshlarga qarata: «Har qaysi sohada o‘zingizni yangi g‘oyalar bilan sinab ko‘ring, bor harakatni ishga soling», degan. 10 kundan keyin vaqtincha hokimlikni bajarganlardan o‘zining hududi bo‘yicha takliflar qabul qilinadi. Qaysi tumandagi hokim eng zo‘r ishlasa, ishonchni oqlasa, uni viloyatdagi kadrlar zaxirasi ro‘yxatiga kiritish topshirig‘i berilgan.

Bizga imzo, muhr bosish, qaror qabul qilish huquqidan boshqa hokimning barcha vakolatlari berilgan. Yakuniy qaror chiqarish uchun, albatta, tajribamiz ham yetarli emas. Asosiy maqsad hokimlikni o‘z tanimizda sinab ko‘rish, tuman muammolarini boshqa rakursdan ko‘rish va ularning yechimi uchun o‘z g‘oyalarimizni berishdir.

«Asosiy istagim – yoshlar muammolarini hal qilishga urinish»

– Tayinlov bo‘lgan kuni kechasi bilan o‘ylab chiqdim, rejalar tuzdim. O‘zim o‘ylab yurgan g‘oyalarni pishitdim.

Shahrixon – viloyatning aholisi eng ko‘p tumani. 350 mingdan ortiq odam istiqomat qiladi. Shunga yarasha, muammoning soni va salmog‘i ham ko‘p bo‘ladi. Aholi bilan ko‘proq muloqotga kirishib, ularning muammosini imkon qadar tuman mutasaddi vakillari bilan hal qilishga harakat qilyapman.

10 kun uchun mo‘ljallagan rejalarimdan asosiysi – yoshlar masalasi. Ko‘pchilik uyushmagan yoshlar deb ataydigan qatlamni men mehnat bilan ta'minlanmagan yoshlar deyman. Kollejni bitirib, hech qayerda ishlamayotganlar, chetga chiqib ketmoqchi bo‘lganlar, universitetni bitirib, ish bilan band bo‘lmaganlar talaygina. Ularni imkon darajasida o‘zimizda olib qolib, o‘zimizda mavjud investitsiya dasturi doirasida ishga tushgan korxonalar, eksporter firmalarga joylashtirishni o‘ylab qo‘yganman.

Shu bois birinchi qilgan ishim Mehnat bandligi bo‘lim boshlig‘i bilan gaplashish bo‘ldi. 10 kun muddat ichida 100dan ortiq yoshlarni ishga joylash bo‘yicha loyihani taxt qildik.

«Hokimlik binosiga birinchi kirishim edi»

– Bu vazifa topshirilganidan so‘ng birinchi bo‘lib hokimiyat jamoasi bilan tanishdik. To‘g‘risi, bu hokimlik binosiga birinchi bor qadam xatlab kirishim bo‘ldi.

10 kun davomida tumandagi holat bilan yaqindan tanishish uchun bir kunni bitta komleksga bag‘ishlayapman. Birinchi navbatda, iqtisodiy komleks bilan tanishib chiqdim. Keyin ijtimoiy soha, keyin agrar...

«Eng nozik ish aholi bilan muloqot ekan»

– Nazarimda, hokim uchun eng nozik ish – aholi bilan muloqot qilish. Murojaatlarga o‘ziga yarasha me'yorlarda javob bermasangiz, javobingiz boshqacha talqin qilinishi, bir og‘iz so‘zning o‘ziyoq nafaqat o‘zingizga nisbatan, balki butun hukumatga nisbatan hurmatning yo‘qolishiga sabab bo‘lishi mumkin ekan. Shuning uchun har bir gapimni o‘ylab, yetti marta o‘lchab, adolat tarozilariga solib ko‘rib gapirishga harakat qilyapman.

«Tumanning eng katta muammosi ― bozor»

– Tumandagi ishlar bilan bir hafta davomida shug‘ullanib tushunganim – Shahrixonda eng e'tiborga muhtoj soha bozorni tartibga solish ekan. Biroq shu vaqtgacha bozorni tartibga solish oson emasligini ming bora his qilganman va hozir ham his qilyapman. Sababi Shahrixonda aholi juda ko‘p va ular asosan hunarmandchilik, dehqonchilik va savdogarlik bilan shug‘ullanishadi.

Shahrixon bozori juda katta va viloyatda mashhur. Bozor har kuni ishlaydi va Qorasuvdan to Marg‘ilongacha odamlar xarid uchun keladilar. Chunki bu yerda raqobat juda kuchli va shunga yarasha narxlar ham juda arzon.

Bozor muammosini hal qilish ishlari bilan ham tanishdim. Tumanimiz hokimi bu muammoga yechim topishga kirishgan. Loyihaga ko‘ra, bozor hududiga sig‘magan savdogarlar uchun yana alohida ikki qavatli bino qurilishi davom etmoqda.

«10 kunlik hokim»ga muvofiq «bir kunlik talaba»

– Maktab bitiruvchilarining oliy ta'limga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida «Bir kunlik talaba» loyihasini ishlab chiqdik. Barcha OTMlar prorektorlarini maktablarda ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan tumandagi maktab direktorlari ishtirokida muhokama-yig‘ilishga taklif etdik.

Endi shahrixonlik maktab bitiruvchilari OTMlarga shunchaki borib ekskursiya qilmaydi, balki «Bir kunlik talaba» («10 kunlik hokim»ga hamohang tarzda) loyihamizda ishtirok etishadi. Ya'ni institut professorlari tomonidan o‘quvchilarga kamida 1 para tanishtiruv va mutaxassislik fanlaridan ma'ruza o‘qiladi. Bu o‘quvchilarni ilm yo‘lidan borishga, oliy ma'lumotli bo‘lishga bo‘lgan rag‘batini oshiradi, deb o‘ylayman.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top