11:17 / 07.02.2020
15
47883
«Vatandoshingizning ojizligini ko‘rib, ichingiz achiydi» – Rossiyaga safardan jurnalist taassurotlari

Kun.uz muxbirlari Rossiyadagi vatandoshlar hayotini yoritish, ular duch kelayotgan qiyinchiliklarga bevosita guvoh bo‘lish uchun xizmat safari bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib qaytdi.

Shu asosda tayyorlangan materiallar saytimizda e'lon qilib borilmoqda. Biz muxbirlarimizning bir oydan ko‘proq vaqt davom etgan safari taassurotlari bilan qiziqdik.

«O‘zbekiston poyezdini nega chegaradan tashqari tranzit bekatlarda ham tekshirishadi?»

Tolib Rahmatov: Poyezd safarida bir narsaga hayron qoldim. Uch kunlik yo‘lning deyarli ikki kuni Qozog‘iston hududidan o‘tadi. O‘zbekiston temir yo‘llariga qarashli tarkib tranzit hududdan o‘tyapti. Bilishimcha, o‘zi odatda tranzit hududdan o‘tayotgan temir yo‘l tarkibi, vagonlari O‘zbekiston hududi hisoblanadi. Biz ruxsat berilgan joyda 10-15 daqiqaga bekatlarda tushishimiz mumkin, lekin uni tark eta olmaymiz.

Meni nima ajablantirdi? Bojxonadan o‘tdik. Ikki kun davomida Qozog‘iston hududidan yurishimiz davomida har bir bekatda qanaqadir navbatchi chiqib, O‘zbekiston poyezdi – ya'ni O‘zbekiston hududida tekshirish o‘tkazishi meni ajablantirdi. Hukumatlar kelishuvida bu narsa bor-yo‘qligidan xabarim yo‘q, lekin menimcha, bunday bo‘lishi kerak emas. Noqonuniy mol olib o‘tilayotganiga shubha bo‘lsa, ikkita chegarada bojxona punkti bor – ana o‘sha yerda aniqlashsin, o‘sha yerda ko‘radigan chorasini ko‘rsin.

«Vatandoshingizning ojizligini ko‘rib, ichingiz achirkan»

Rahmatilla Isroilov: Yaqinda pasportimni yo‘qotib qo‘yib, yangisini olgandim. Qozog‘istondan o‘tib, Rossiya chegarasiga kelganda bu kuzatuvchilarda shubha uyg‘otdi. Pasportdan boshqa hujjatim yo‘q edi. Bu soxta pasport degan gumon bilan meni shubha ostidagilar xonasiga olib kirishdi.

O‘sha yerda turganimda yoshi 50ga yaqinlashgan kishi bilan suhbatlashib qoldim. Hujjatlari bilan tushunmovchilik bo‘layotgan ekan. «O‘zi qarz olib kelyapman, uyoqda 3-4 bolam bor... Rossiya chegarasidan O‘zbekistonga qanday qaytaman, uyga nima deb kirib boraman?» Yordam bergingiz keladi, lekin chegaradan o‘tkazishmayapti. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bildim. Vatandoshingizning ojizligini ko‘rib, ichingiz achirkan.

Rossiyaga kelayotgan yurtdoshlarimiz yangi pasport olishgan bo‘lsa, qo‘shimcha hujjatlarini ham (haydovchilik guvohnomasi, bank kartochka va hk.) olib olishgani ma'qul ekan. Yangi pasportdan baribir shubhalanishadi.

«Rus politsiyasiga osiyoliklarga shubha bilan qarash buyurilgan»

Tolib Rahmatov: Safar davomida bir necha marta politsiya xodimlari ko‘chada to‘xtatib, hujjatlarimizni tekshirishdi. Kelib, o‘zini tanishtirib, hujjatlarni ko‘raylik, deydi. O‘zi sizni to‘xtatib, hujjatingizni tekshirishga bir nechta asoslar bo‘lishi kerak. Lekin odatda ular bu asoslarni umuman aytmaydi, bunga sizni yaqinlashtirmaydi ham.

Politsiya xodimlaridan birining aytishicha, ularga tashqi ko‘rinishi osiyolik bo‘lganlarni tekshirish buyurilgan. Biz hujjatlarimizni ko‘rsatamiz, lekin keyin sen ham bizga shu haqdagi topshiriqni bizga ko‘rsatasan, desak, bu faqat og‘zaki ko‘rsatma, dedi.

Rahmatilla Isroilov: Politsiya xodimlari O‘zbekiston elchixonasi va konsulxonasiga boradigan yo‘llarda turib olisharkan. Bilishadiki, diplomatik vakolatxonaga hujjatida muammosi bor fuqarolar tez-tez murojaat qiladi. Saylov arafasida operatorimiz bilan Moskvadagi elchixonamizga ketayotganimizda bizni ham to‘xtatib, hujjatlarimizni tekshirishdi. Sal nariroqda bir o‘zbek shu politsiyachilarni ko‘rgani uchun u yerdan keta olmay turgandi. Havo sovuq. Yoshi kattaroq inson ekan, «Hozir chiqsam, ushlab olib ketadi», deydi.

Ruschada oddiy savolga javob bera olmagan o‘zbek yigit va Moskvadagi qurilishda ishlayotgan fermer haqida

Tolib Rahmatov: Patent olish uchun bordim. Bir yosh yigit mendan keyingi darchaga borishi kerak edi – qo‘lida navbati yozilgan raqam bor. Qaysi darchaga borishi kerakligini katta ekranda ko‘rsatib turibdi, yana u darchadagi ayol aytib turibdi. Lekin foydasiz, yigit ruschani tushunmaydi. Hatto navbat raqamini anglamayapti. Bir kishi qayerga borishi kerakligini ko‘rsatib yubordi, mening yonimdagi darchaga keldi. U yerdan «Rossiyaga nega kelding?» deya rus tilida berilgan savolga javob berolmay, pasportini uzatdi. Mana ta'lim tizimining ahvoli. U ertaga kimning qo‘liga tushadi? Qanday qilib o‘z huquqini talab qila oladi?

Patent bilan qurilish kompaniyasiga ishga bordim. Bilasizmi, o‘rtacha kattalikdagi xonada 16ta krovat. Ishchilar orasida ko‘pni ko‘rganlar ham bor. Ishonasizmi, ikkitasi fermer ekan... «Menga yuz gektar qilasan, deb majburlab qo‘yishdi, – deydi ulardan biri. – Traktorim bor edi, boshqam bor edi, baribim imkonim bo‘lmadi. Paxta ekmaslik kerak bo‘lgan joyga paxta ektiradi… Ketdim».

Masalan necha gektarni eplay olasan, deb so‘radim. Menga bir gektar bo‘lsa yetadi, deyapti. Bu yerda qancha ishlayapsan, desam: «Uyimga 300 dollar jo‘natyapman, menga shu yetadi. Boshog‘riq kerak emas», deydi. Mana taassurot. O‘zbek fermeri Rossiyada qurilishda ishlab yuribdi.

«Ruslar ba'zida so‘rab qoladi: «Siz o‘zbeklarda ham maktablar bormi?»

Rahmatilla Isroilov: O‘zimiz guvohi bo‘lgan holatlardan yana biri – bir xonada yashayotgan ikki er-xotin. O‘rtalariga parda vazifasini bajaruvchi mato tutib qo‘yishgan...

Tolib aka qurilishga ketgan paytda men tungi smenadagi ishga chiqdim. Ko‘pgina muhojirlar kunduzi asosiy ishida ishlab, kechasi hujjat so‘ralmaydigan norasmiy ishda ishlashadi. Borib, ro‘yxatga yozilishadi va bir necha soat ishlab, pulini olib ketishadi. Tipografiyada ishlab ko‘rdim. Kuniga 1200-1300 rubl berisharkan. Ishchilar – asosan yoshi katta erkak va ayollar. Kunduzi asosiy ish joylarida bo‘lib, kechasi mana shu yengilroq ishda ishlashadi.

Ish jarayonida farg‘onalik bir ayol bilan suhbatlashdim. Farg‘onada adashmasam kotiba bo‘lib ishlagan, 800 ming oylik olgan ekan. «Uyda ikki bolam bor. Bu yerga kelishdan oldin bir tanishim bilan gaplashgandim, u meni aldadi – u aytgan ish yo‘q ekan. Hujjatim ham yo‘q...»

Bir muhojir akamiz aytib qoldi: «Ruslar ba'zida savol berib qoladi: «Siz o‘zbeklarda ham maktablar bormi, sizlar ham o‘qiysizlarmi?» Bu savolni eshitib, o‘zimdan o‘zim xafa bo‘lib ketaman».

Muhojirlar – oson daromad izlab, romantika istab ketuvchilarmi?

Rahmatilla Isroilov: Kunduzi asosiy ishida ishlab, kechqurun yana tungi smenadagi ishga chiqadi. Mana romantika.

Ikki smenada ishlab, halol mehnat qilyapsiz. Uyda ota-onangiz, farzandlaringiz kutib turibdi. Lekin masalan 30-35 ming rubl oylik olganingizda har gal 2 ming patentga, 5 ming kvartiraga, yana har uch oyda qandaydir registratsiyasiga, o‘z xarajatlaringizga olib qo‘yasiz... Xullas, bir oy shuncha mehnat qilib, topganingizning yarmini Moskvaga tashlab ketyapsiz.

Tolib Rahmatov: Xotini, oltita farzandi bilan Rossiyaga kelib, endi ajrashaman deyapti. Mana romantika. Qaynonasi aytyapti ekan: «Sen beshta qizni chiqarguningcha, tamom bo‘lasan. Bo‘ldi, yangi uylanasan».

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top