11:37 / 08.02.2020
0
3964
«Dori-Darmon» 150 mlrd so‘mlik budjet ssudasi muddatini uzaytirmoqchi

Moliya vazirligi “Dori-Darmon” AKga 150 mlrd so‘m miqdorida 2 foizli budjetdan ssudani uch yil muddatga bergan. Kompaniya ssuda muddatini uzaytirishni so‘ramoqda

Foto: doridarmon.uz

Vazirlar Mahkamasining “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasini boshqarish samaradorligini va O’zmedimpeks davlat unitar korxonasining moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 22 oktyabrdagi 849-son qarori bilan Moliya vazirligi “Dori-Darmon” AKga 150 mlrd so‘m miqdorida 2 foizli budjetdan ssudani uch yil muddatga bergan.

Endi kompaniya yuqoridagi qarorning 6-bandidagi “uch yil muddatga” degan so‘zlarni “ikki yillik imtiyozli davr bilan besh yil muddatga” degan so‘zlar bilan almashtirishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 maydagi 284-son qarori bilan tasdiqlangan Farmatsevtika faoliyatini (dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish bundan mustasno) litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3-bandi uchinchi xatboshisi “chakana” degan so‘zdan oldin “ulgurji va” degan so‘zlar bilan to‘ldirilishi mumkin.

Ya'ni, dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash faoliyati yo‘nalishiga litsenziya olish lisenziatlarga ular tayyorlagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni nafaqat chakana, balki ulgurji realizatsiya qilish huquqini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil dekabr oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi United Investment Healthcare Group (AQSh) kompaniyasi sho‘'ba tuzilmasi bilan ishonchli boshqaruv to‘g‘risidagi bitimni imzolagandi. Hujjat doirasida Amerika kompaniyasi “Dori-Darmon” AJdagi davlat ulushini (AJ ustav kapitalidan 71 foizi) olishi kerak edi.

2019 yilning fevral oyi oxirida esa Amerikaning United Investment Healthcare Group MChJ bilan 2018 yil 6 dekabrda tuzilgan aksiyadorlik kompaniyasi ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarish shartnomasi bekor qilindi. “Dori-darmon” AK kuzatuv kengashi qaroriga binoan kompaniya boshqaruvi raisi Ravshan Azimovning vakolatlari ariza berganligi sababli muddatidan avval tugatildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top