08:48 / 08.02.2020
0
5400
Rossiya shirkati O‘zbekistonda GES bo‘yicha 4ta loyihani boshlaydi. Qiymat - 138 mln yevro

2020 yilda Rossiyaning “Siloviye mashini” shirkati O‘zbekistonda 4ta shartnoma asosida 275 MVt quvvatga ega bo‘lgan GESlarning qurilishi hamda modernizatsiyasi ishlarini boshlaydi. Ishlar qiymati - 138,4 mln yevro

Foto: RIA Novosti

“O‘zbekgidroenergo” AJda boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh hamda “Siloviye mashini” OAJ bosh direktori Timur Lipatov boshchiligidagi kompaniya vakillari bilan kelgusi hamkorlik doirasidagi muzokaralar o‘tkazildi.

Ushbu xorijiy kompaniya bilan Sirdaryo viloyatidagi Farhod GES ni modernizatsiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihani amalga oshirishni yakunlash 2021 yilga mo‘ljallangan.

2020 yilda o‘zaro hamkorlik doirasida 28,3 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtiriladi. Ushbu mablag‘ zamonaviy texnologiya uskunalari hamda qurilish-montaj ishlariga sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yildan e'tiboran, qo‘shimcha ravishda tuzilgan 4 ta shartnoma asosida 275 MVt quvvatga ega bo‘lgan GESlarning qurilishi hamda modernizatsiyasi ishlari boshlanadi. Bu, o‘z navbatida, 138,4 mln. yevro miqdoridagi keng ko‘lamli hamda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilishini anglatadi.

Hamkorlikdagi yangi loyihalar qatoriga “Sardoba suv ombori qoshidagi kichik GES qurilishi”, “Darg‘om kanalining 102+00 piketida kichik GES qurilishi va Darg‘om kanalida Bog‘ishamol kichik GES qurilishi”, “Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi” hamda “To‘palang GESni modernizatsiya qilish” investitsiyaviy loyihalari kiradi.

Loyihalar muhimligi jihatidan strategik ahamiyatga ega bo‘lib, davlat investitsiyaviy dasturlariga kiritilgan. Ularning texnik-iqtisodiy asoslarini tasdiqlashga oid Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilingan.

2021 yil iyul oyida Sardoba GES (10,7 MVt), 2021 yil avgust oyida Darg‘om kanalining 102+00 piketida KGES (6,4 MVt) va ushbu kanalda Bog‘ishamol KGES (6,45 MVt), 2021 yil dekabr oyida To‘palang GES (175 MVt), 2022 yil dekabr oyida Quyi Chotqol GES (76 MVt) ni ekspluatatsiyaga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

Ikki tomonlama amaliy hamkorlik doirasida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan har bir loyihaga mas'ullar biriktirildi.

“Siloviye mashini” kompaniyasiga har bir loyiha bo‘yicha alohida ishchi guruhini tashkil qilish, ushbu guruhning tarkibiy personalini tuzish taklif qilindi.

Muzokaralar yakunida “O‘zbekgidroenergo” AJ hamda “Siloviye mashini” OAJ tomonidan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tezkor ish jadvalini ishlab chiqishga doir masalalar yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top