07:56 / 08.02.2020
0
11230

Sergeli tumanida avtobus ag‘darilib ketdi

Sergeli tumanida avtobus va yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi, natijada avtobus ag‘darildi

Foto: Toshshahartransxizmat

Joriy yilning 7 fevral kuni soat 17:45 atrofida poytaxtning Sergeli tumani Nilufar va Nilufar-3 tor ko‘chalari chorrahasida avtobus va yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. 

“Toshshahartransxizmat” ma'lumotlariga ko‘ra, 12-avtobus saroyi tasarrufidagi 117-yo‘nalishda qatnovchi "Isuzu" rusumidagi avtobus o‘z yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajali yo‘ldan, ya'ni Nilufar ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda, ikkinchi darajali yo‘ldan ya'ni, Nilufar 3-tor ko‘chasidan harakatlanib kelayotgan “Captiva” rusumidagi yengil avtomobili avtobusning chap orqa qismiga bergan zarbi natijasida avtobus o‘z muvozanatini yo‘qotib, ag‘darilgan. 

YTH natijasida ikki nafar yo‘lovchi yengil shikastlandi va ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatildi. Hodisa yuzasidan YHXB tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

“Hurmatli haydovchilar! Avtomobil yo‘llarining tartibga solinmagan qismlarida yo‘l harakati qoidalariga rioya qiling, hushyor bo‘ling”, - deyiladi xabarda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top