07:38 / 08.02.2020
2
18208

Toshkentda noturar joy obektlari buzilishga tushgan shaxslarga bino va yer ajratish tartibi e'lon qilindi

Toshkent shahrida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yilishi munosabati bilan noturar joy obektlari buzilishga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga teng qiymatli bino-inshoot va yer uchastkalari ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

Muhokama uchun e'lon qilingan tegishli hujjat loyihasiga ko‘ra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish - faqat quyidagi maqsadlarda yo‘l qo‘yiladi:

mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni berish;

xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;

avtomobil yo‘llari va temir yo‘llar, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obektlari va aviatexnika markazlari, temir yo‘l transporti obektlari, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellar, energetika tizimi obektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

aholi punktlari bosh rejalarini Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga obektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va prezident qarorlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollar.

Davlat organining mulkdorga tegishli noturar joy binolari joylashgan yer uchastkasi yoki uning bir qismini yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishgan holda olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinishi munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga faqatgina qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yilib, bunda mulkdorning buzilishiga tushgan ko‘chmas mulk obekti evaziga avvalgi noturar joy obektining umumiy maydonidan kichik bo‘lmagan (teng qiymatli) ko‘chmas mulk obekti beriladi va ular o‘rtasidagi tafovut o‘rnatilgan tartibda tomonlarning notarial tasdiqlangan kelishuviga asosan qoplanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida Nizomning:

1) 36-bandiga muvofiq xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashlari tomonidan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi olib qo‘yilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng Toshkent shahar hokimligi va mulkdorlar bilan ikki tomonlama Kelishuv imzolanib, notarial tartibda tasdiqlanadi;

2) 42-bandiga asosan, ko‘chmas mulk obektlari buzib tashlanishi munosabati bilan mulkdorlarga kompensatsiyaning quyidagi turlari berilishi sharti bilan kelishuv imzolanadi:

a) pul mablag‘lari;

b) boshqa ko‘chmas mulk obektlarini mulk qilib berish;

v) yer uchastkasini ajratib berish;

g) kelishuvda nazarda tutilgan kompensatsiyaning boshqa turlari bilan qoplash ishlarini amalga oshirish.

Tomonlarning kelishuviga binoan mulkdorga ko‘chmas mulkni baholash qiymatini hisobga olgan holda kompensatsiyaning bir necha turlari berilishi mumkin.

Buzib tashlangan ko‘chmas mulk o‘rniga yangi qurilayotgan ko‘chmas mulk obekti berish muddati boshqa ko‘chmas mulk obekti vaqtincha foydalanishga berilgan kundan boshlab 24 oydan oshmasligi kerak. Agar ko‘rsatilgan muddatda yangi ko‘chmas mulk obekti berilmasa, tashabbuskor mulkdorga har bir kechiktirilgan kun uchun 0,01 foiz miqdorida jarima to‘laydi. Bunda jarima miqdori buzib tashlangan ko‘chmas mulk obekti qiymatining 50 foizidan oshib ketmasligi lozim.

Kompensatsiya sifatida mulk taqdim etilishi nazarda tutilgan Kelishuv qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risida qarori qabul qilingandan so‘ng, Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati ushbu hududdagi buzilishga tushgan noturar joy binolari ro‘yxatini tegishli tuman komissiyasiga taqdim etadi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan so‘ng, yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash va kompensatsiya (ko‘chmas mulk obekti yoki yer uchastkasi) berish masalalarini hal etish uchun noturar joy binolari mulkdorlari tomonidan tuman komissiyaga buzilishga tushgan ko‘chmas mulk obektiga tegishli mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlar (davlat orderi, hukumat va boshqa davlat boshqaruv organlari qarorlari, sudning qonuniy kuchga kirgan hukm, qaror, ajrimlari, oldi-sotdi shartnomasi va boshqa turdagi bitimlar), kadastr hujjatlari, baholash hisoboti (fotosuratlar va mulk huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar) topshiriladi.

Komissiya taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, buzilishga tushgan noturar joy bino va inshootlar evaziga kompensatsiya tariqasida boshqa manzildan avvalgi noturar joy obektining umumiy maydonidan kichik bo‘lmagan (teng qiymatli) ko‘chmas mulk obektlarini yoki yer maydonini ajratib berish to‘g‘risida bayonnoma mulkdor bilan kelishilgan holda rasmiylashtiradi.

Bayonnomaning tasdiqlangan nusxasi Toshkent shahar hokimligiga taqdim etiladi.

Mazkur bayonnomaga muvofiq, mulkdor buzilishga tushgan noturar joy bino va inshootlari evaziga boshqa manzildan avvalgi noturar joy obektining umumiy maydonidan kichik bo‘lmagan (teng qiymatli) ko‘chmas mulk obekti yoki yer uchastkasi ajratib berish to‘g‘risida Toshkent shahar hokimligiga ariza bilan murojaat qiladi.

Toshkent shahar hokimligi arizani taalluqliligi bo‘yicha Toshkent shahar hokimligining “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” DUK yoki Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasiga munosabat belgisi bo‘yicha mulkdorga taklif berish uchun yuboradi.

Markaz yoki Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi buzilishga tushgan (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinayotgan yer uchastkasidagi) noturar joy bino va inshootlar o‘rniga yoki olib qo‘yilgan yer uchastkasi o‘rniga mulkdorga Toshkent shahar hududidagi boshqa manzillardan avvalgi noturar joy obektining umumiy maydonidan kichik bo‘lmagan (teng qiymatli) ko‘chmas mulk obektlarini yoxud yer uchastkasini taklif qiladi.

Taklif etilgan ko‘chmas mulk obektlaridan biri mulkdor tomonidan ma'qullanganidan so‘ng, ushbu ko‘chmas mulk obektini buzilishga tushgan ko‘chmas mulk obekti o‘rniga mulkdorga ajratib berish to‘g‘risidagi Toshkent shahar hokimining qarori loyihasi besh ish kuni davomida Markaz tomonidan tayyorlanadi.

Qaror loyihasiga mazkur Nizomning 7-bandidagi hujjatlar nusxalari, tegishli tuman hokimligining komissiyasi bayonnomasi ilova qilinib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, Qurilish bosh boshqarmasi, markaz, mulkdor va Toshkent shahar hokimligining mas'ul shaxslari bilan kelishiladi.

Qaror qabul qilingandan so‘ng, Markaz buzilishga tushgan (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinayotgan yer uchastkasidagi) hamda o‘ringa-o‘rin berilayotgan ko‘chmas mulk obektlarini baholash bo‘yicha baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan baholovchi tashkilotga besh ish kuni mobaynida buyurtma beradi.

Buzilishga tushgan (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinayotgan yer uchastkasidagi) hamda o‘ringa-o‘rin berilayotgan ko‘chmas mulk obektlarini baholash va baholash hisobotini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha to‘lovlar baholovchi tashkilotlar bilan tuzilgan tegishli shartnomalar asosida Markaz tomonidan amalga oshiriladi.

Baholash jarayonida amalga oshirilgan ishlarning ishonchliligi va to‘g‘riligiga baholovchi mas'uldir.

Baholash natijalariga ko‘ra mulkdor hamda Markaz o‘rtasida kelishuv bitimi rasmiylashtiriladi.

Kelishuv bitimida:

bitim tuzilgan joy va sana;

bitimni tuzish uchun sabab bo‘lgan qaror sanasi va raqami;

tomonlarning rekvizitlari;

buzilishga tushgan (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinayotgan yer uchastkasidagi) hamda o‘ringa-o‘rin berilayotgan ko‘chmas mulk obektlarining baholash qiymati;

o‘ringa-o‘rin berilayotgan obektning baholash qiymati, buzilishga tushgan (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinayotgan yer uchastkasidagi) obekt qiymatidan ko‘p bo‘lsa, ular o‘rtasidagi tafovut mulkdor tomonidan o‘n ish kuni davomida davlat budjetiga (Markaz tomonidan taqdim etilgan hisob raqamga) to‘lab berilishi;

obektlarni baholash uchun tegishli to‘lovlar mulkdor tomonidan amalga oshirish masalalari aks ettiriladi.

O‘ringa-o‘rin berilayotgan obektning baholash qiymati, buzilishga tushgan (davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinayotgan yer uchastkasidagi) obekt qiymatidan kam bo‘lsa, mulkdor ular o‘rtasidagi tafovut evaziga qo‘shimcha bino va inshootlar yoki boshqa turdagi kompensatsiya turini ajratilishini so‘rab, Toshkent shahar hokimligiga murojaat etishga haqli.

Kelishuv bitimiga muvofiq, mulkdor tomonidan tegishli to‘lovlar amalga oshirilgandan so‘ng, o‘ringa-o‘rin berilayotgan ko‘chmas mulk obekti balansda saqlovchisi va mulkdor o‘rtasida topshirish-qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.

Topshirish-qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilgandan so‘ng, o‘ringa-o‘rin berilgan ko‘chmas mulk obekti Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan mulkdor nomiga egalik huquqi bilan davlat kadastri ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Mulkdor tomonidan buzilishga tushgan ko‘chmas mulk obekti yoki yer uchastkasi olib qo‘yilishi evaziga kompensatsiya sifatida boshqa manzillardan yer uchastkasi tanlangan taqdirda, yer uchastkasi ajratish bo‘yicha materiallarni tayyorlash ishlari yer uchastkasi ajratilayotgan mulkdor - buyurtmachi hamda Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi tomonidan shartnoma asosida bajariladi.

Yer uchastkasini ajratish haqidagi hujjatlar yig‘ma jildiga quyidagilar ilova qilinadi:

yer uchastkasi, jumladan, maydoni (gektarda), yer uchastkasining yer fondi toifasi, mavjud majburiyatlar, qaysi maqsadga mo‘ljallanayotganligi, ball boniteti va boshqalar haqida qisqacha ma'lumot;

yer uchastkasini topografik xaritada (koordinatali nuqtalari bilan), yer uchastkasining chegaralari va manzillarini (aholi punkti va ko‘chalar, ko‘cha bo‘lmaganda esa - mavjud obektdan metr hisobidagi masofa ko‘rsatiladi) M 1:500 dan M 1:1000 gacha kattalikda ko‘rsatilgan holda joylashtirish rejasi;

chegaradosh yer uchastkalaridan foydalanish turlari ko‘rsatilgan vaziyat bilan bog‘liq sxema;

yer uchastkasining kamida ikki tomondan o‘rab turgan obektlar bilan birgalikdagi fotosurati (15x20 sm);

buziladigan binolar va inshootlar, ko‘p yillik daraxtzorlarni baholash haqidagi ma'lumotlar.

Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi yig‘ma jildni shakllantirganidan so‘ng xulosa olish uchun hujjatlarni Qurilish bosh boshqarmasiga yuboradi. 

Qurilish bosh boshqarmasining ijobiy xulosasi olingan kundan keyingi ish kuni mobaynida yig‘ma jild quyidagi vakolatli organlarga yuboriladi:

a) xulosa olish uchun:

Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga;

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga;

Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga;

"Suvsoz" DUK korxonasiga;

"Toshkent elektr tarmoqlari" AJ korxonasiga;

"Toshshahargaz" AJ korxonasiga;

b) kelishish uchun:

Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasiga - madaniy meros yodgorliklari muhofaza qilinadigan zonada joylashgan yer uchastkalari bo‘yicha;

Toshkent shahar IIBB YHXBga - bo‘sh yer uchastkasi avtomobil turar joylari va yo‘l harakati xavfsizligiga ta'sir qiladigan boshqa obektlar uchun ajratilganda.

Tegishli bosh boshqarma va korxonalar yig‘ma jild kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida yig‘ma jild kelishiladi yoki tegishli xulosalar taqdim etiladi.

Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan yig‘ma jild kelishilishi yoki tegishli xulosalar olingandan so‘ng besh ish kuni mobaynida o‘ringa-o‘rin berilayotgan yer uchastkasidan doimiy yoki vaqtincha foydalanish huquqini baholash bo‘yicha baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan baholovchi tashkilotga buyurtma beradi. Mazkur yer uchastkasini baholash va baholash hisobotini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha to‘lovlar baholovchi tashkilotlar bilan tuzilgan tegishli shartnomalar asosida Markaz tomonidan amalga oshiriladi.

Baholash jarayonida amalga oshirilgan ishlarning ishonchliligi va to‘g‘riligiga baholovchi mas'uldir.

Baholovchi tashkilot va tegishli boshqarmalarning ijobiy xulosalari olingandan so‘ng, ushbu yer uchastkasini buzilishga tushgan ko‘chmas mulk obekti o‘rniga mulkdorga yer uchastkasini ajratib berish to‘g‘risidagi Toshkent shahar hokimining qarori loyihasi besh ish kuni davomida Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan tayyorlanadi.

Qaror loyihasiga mazkur Nizomning 22-bandidagi hujjatlar nusxalari, tegishli tuman hokimligining komissiyasi bayonnomasi ilova qilinib, Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, Qurilish bosh boshqarmasi, Markaz, mulkdor va Toshkent shahar hokimligining mas'ul shaxslari bilan kelishiladi.

Yer uchastkasini ajratib berish to‘g‘risidagi Toshkent shahar hokimining qarori qabul qilingandan so‘ng, yer uchastkasini Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan mulkdor nomiga foydalanish huquqi bilan davlat kadastri ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top