10:00 / 09.02.2020
7
52520
22 yillik mantiqsiz urush. AQShning Vetnamda yo‘qotganlari haqida

Vetnamdagi urushda 2,6 million amerikalik harbiy qatnashadi, bu urush uchun AQSh 352 milliard dollar sarflaydi.

© Fotobank.ru/Getty Images

Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSR va AQSh dunyoning ikkita eng qudratli davlati bo‘lib qoladi. Urush tugagach g‘olib sifatida SSSRning obro‘si nihoyatda oshib ketadi va bu ittifoqqa dunyoda sotsializm g‘oyasini kengroq yoyishga yordam beradi. O‘z o‘rnida AQSh ham qarab turmaydi va beg‘araz yordam, imtiyozli qarz berish evaziga do‘st orttiradi.

Ikki bir-biriga teskari g‘oyadan birini qabul qilish qiyin bo‘lgan mamlakatlarda AQSh va SSSR pachakilashib o‘tirmay butun boshli davlatni ikkiga bo‘lib bo‘lib olishardi. Masalan, Koreya yarimoroli va Germaniyada shunday bo‘lgandi.

Germaniyada GFR AQSh va G‘arb dunyosining, GDR esa SSSR ta'sir doirasiga tushgan bo‘lsa, Koreya yarimorolida Janubiy Koreya G‘arb bilan, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (Shimoliy Koreya) esa sotsializm yo‘lidan ketadi. Kunlarning birida navbat Vetnamga keladi...

Bugungi Vetnam dunyo xaritasida

Vetnamni Ikkinchi jahon urushi vaqtida Yaponiya bosib olgan, ungacha esa Janubiy-sharqiy Osiyodagi ushbu mamlakat Fransiya mustamlakasi edi. Yaponiya Vetnamni bosib olgach, nguyenlar sulolasining so‘nggi imperatori Bao Day-de mamlakatning «qo‘g‘irchoq rahbari» etib tayinlanadi.

Shahzoda Nguyen Vin Tui, keyinchalik imperator Bao Day
U 1997 yil Parijdagi shifoxonada o‘z ajali bilan o‘lgan

1945 yil 13 avgustida yaponlar Vetnamdan quviladi. Kommunistik partiya rahnamosi Xo Shi Min vaqtinchalik davlat rahbari etib saylanadi.

Kommunistlar yetakchisi Xo Shi Min, 1946 yil.
U Vetnam urushi davom etayotgan vaqtda, 1969 yil sentyabrida 80 yoshida o‘z ajali bilan vafot etgan

Mamlakatda boshlangan inqilob natijasida bosqinchilar quviladi, Bao Day-dening hukmronligi tugatiladi. 1945 yil 2 sentyabrida Xo Shi Min 500 ming namoyishchi oldida mustaqillik deklaratsiyasi va Vetnam Demokratik Respublikasi tuzilganini e'lon qiladi. 1946 yilda VDR Milliy yig‘ini tomonidan mamlakat konstitutsiyasi qabul qilinadi.

1946 yil Vetnam shimolini AQSh ko‘magiga tayanadigan xitoylik sarkarda Chan Kayshi, janubini esa VDRni tan olmagan Britaniya qo‘shinlari egallab oladi. Bu tomonda Fransiya ham o‘zining sobiq mustamlakasi Vetnamdan umidini uzmagandi. Ana shunday holatda chorasiz qolgan Xo Shi Min Fransiya bilan kelishuvga erishadi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Vetnam mustaqillikdan voz kechadi va unga Fransiya tarkibida kengaytirilgan muxtoriyat beriladi.

O‘sha paytda bu kelishuv amalga oshmaydi va urushdan qochishning iloji bo‘lmay qoladi. Xo Shi Min fransuzlar bilan kelishuvga erishgan bo‘lsa-da, Vetnamda Fransiyaga qarshi ko‘plab guruhlarni birlashtirgan «Vetnam milliy ittifoqi» ham tuzilgan edi.

Sakkiz yillik urush

1946 yil noyabrida butun Hindixitoyda fransuzlarga qarshi sakkiz yillik urush boshlanadi. AQSh bu urushda Fransiyaga yordam beradi. 1951 yilda VDP «Vetnam mehnatkashlar partiyasi» deb qayta nomlanadi.

1946-54 yillardagi Xindixitoy urushi vaqtida Vetnam

Urushni to‘xtata olmagan sulh

1954 yil Hindixitoyda tinchlik o‘rnatish uchun Jyeneva kelishuvi imzolanadi. Kelishuvga ko‘ra, Fransiya Vetnam, Kamboja va Laosni mustaqil davlatlar sifatida tan olishi va bu davlatlarda demokratik saylovlar o‘tkazilishi belgilanishi kerak edi. Fransiya Jyeneva shartlarini bajaradi, ammo bu ham Hindixitoyga tinchlik olib kelmaydi. Saylovgacha Vetnam Benxay daryosidan ikkiga bo‘linadi.

Vetnamning ikkiga bo‘lingan holatdagi xaritasi

Mamlakat shimolida saylovlar o‘tkaziladi va u yerda kommunistlar g‘alaba qozonishadi. Keyinroq Shimoliy Vetnam sotsializm yo‘lidan ketishini e'lon qiladi va SSSR bilan yaqin munosabatlar o‘rnata boshlaydi. Janubiy Vetnamda esa saylov o‘tkazilishiga xalaqit berishadi, AQSh yordamida bu yerda Vetnam Respublikasi tuziladi. Uning rahbari Ngo Din Zem bo‘ladi.

1955 yil 16 iyulida Zem Janubiy Vetnamda saylov o‘tkazilmasligini va antikommunistik tuzum o‘rnatilishini malum qiladi.

AQSh prezidenti Duayt Eyzenxauer Ngo Din Zemni Vashington aeroportida kutib olyapti

Xitoy va SSSR yordami bilan mamlakat shimolida kommunistlar tomonidan Vetnam Demokratik Respublikasi tuzilgani qayta e'lon qilinadi. Xo Shi Min unga rahbar bo‘ladi.

1959 yilda VDR mamlakat janubini kuch bilan bosib olish uchun harakat boshlaydi. 1960 yilda Zem boshqaruviga qarshi va kommunistlarga xayrixoh guruhlar janubda «Janubiy Vetnamni ozod qilish milliy fronti»ni tuzishadi.

AQSh Janubiy Vetnam tomonda

1961 yil Janubiy Vetnamga AQSh qurolli kuchlariga tegishli ikkita vertolyot rotasi kiritiladi. Shundan so‘ng Janubiy Vetnam armiyasiga harbiy ta'lim berish uchun AQShdan ko‘plab harbiy mutaxassislar yuboriladi.

O‘sha paytda Kennedi administratsiyasi Janubiy Vetnamdagi ittifoqchilarni «kommunistlar agressiyasidan saqlab qolish uchun» AQSh barcha choralarni ko‘rishi haqida bayonot beradi. Shu tariqa,butun dunyo AQShning Vetnamdagi harbiy harakatlarda ishtirok etayotganidan xabar topadi.

1963 yilda AQSh hukumati Janubiy Vetnamda Zemga qarshi davlat to‘ntarishiga hozirlik ko‘rilayotgani haqida xabar topadi va to‘ntarish tashkilotchilari bilan aloqa bog‘laydi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, to‘ntarish sodir etiladi va Ngo Din Zem qo‘lga olinib, ertasi kuni akasi bilan birga qatl etiladi. Zemning o‘rniga kelgan harbiy xunta siyosiy tarafdan juda kuchsiz ekani va mamlakatni boshqara olmasligi ma'lum bo‘ladi. Buning natijasida partizanlar yanada ko‘proq hududlarni o‘z nazoratiga olishadi. AQSh Janubiy Vetnam armiyasiga yordam tariqasida tobora ko‘proq harbiylarini kirita boshlaydi.

AQSh dengiz-piyoda qo‘shinlari Vetnam hududiga tushirilyapti © Foto : Public domain

Janubiy Vetnamni qo‘lga kiritib, mamlakatni yaxlit kommunistik davlatga aylantirishni reja qilgan shimolliklar ham qarab turishmaydi va 1964 yil janubga 24 minglik qo‘shin kiritiladi. O‘sha yili Tonkin ko‘rfazida AQSh esminetsi bilan Shimoliy Vetnamga tegishli katerlar o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi. Qiruvchi samolyotlar yordamga kelgach, esminets katerlarni chekinishga majbur qiladi.

Bu orada 1964 yil noyabrda Lindon Jonson AQShning 36-prezidenti etib saylanadi (1963 yil Jon Kennedi o‘ldirilgandi). AQSh Kongressi yangi saylanadigan prezidentga lozim bo‘lganda Janubiy-sharqiy Osiyoda harbiy kuch ishlatish huquqini beradi.

AQShning 36-prezidenti Lindon Jonson Foto: Vikipediya

Bu paytga kelib, Janubiy Vetnamda holat AQSh uchun tobora yomonlashayotgandi. Mahalliy harbiylar partizanlar bilan janglarda yengilayotgan va u yerdagi amerikalik harbiylar og‘ir vaziyatda qolayotgandi. 1965 yil 7 fevralda partizanlar AQShning Janubiy Vetnamdagi harbiy bazasiga hujum qiladi. Bu voqea AQSh Vetnamga katta qo‘shin olib kiritishi jarayonini tezlashtirib yuboradi. 1965 yil 2 martdan AQSh harbiy samolyotlari Shimoliy Vetnamni bombardimon qila boshlaydi.

1965 yil 8 mart kuni AQSh uchun muhim bo‘lgan Danang aerodromini himoya qilish uchun ikkita dengiz piyoda qo‘shinlari bataloni Janubiy Vetnamga jo‘natiladi. Shu bilan AQSh rasman Vetnam urushi ishtirokchisiga aylanadi. 1965 yil oxiriga kelib Janubiy Vetnamda AQShning 185 000 nafar harbiysi bor edi. 1968 yilda esa ularning soni 540 000 nafarga yetadi.

Vetnam urushi AQSh tarixidagi barcha urushlar orasida eng uzoq vaqt davom etganidir.
Amerikalik harbiylar halok bo‘lishi bo‘yicha Fuqarolar urushi,
Ikkinchi jahon urushi va Birinchi jahon urushidan keyingi to‘rtinchi o‘rinda turadi.

1965 yildan 1969 yilgacha AQSh harbiylari Janubiy Vetnamdagi partizan guruhlari va Shimoliy Vetnam qo‘shinlariga qarshi ko‘plab harbiy amaliyotlarda qatnashadi. Ularning aksariyati muavaffaqiyatsiz tugaydi.

1967-68 yillarga kelib AQShda bu urushga qarshi bo‘lganlar soni sezilarli darajada oshadi.

Urushga qarshi namoyishlarda Jon Lennonning Give Peace a Chance qo‘shig‘i madhiyaga aylanadi.

Qolaversa, urushga sarflanayotgan hisobsiz mablag‘lar AQSh iqtisodiyoti uchun katta zarar keltira boshlaydi. 1968 yil 31 mart kuni prezident Jonson AQSh aholisiga Vetnamda tinchlik sulhiga erishish uchun muzokaralar o‘tkazilishini ma'lum qiladi. Bu bayonot Jonsonga xalqning ishonchini qaytara olmaydi va 1968 yil noyabr oyida o‘tkazilgan prezident saylovida u yutqazadi. «Urushni sulh bilan tezroq tugatish» rejasini ilgari surgan Richard Nikson AQShning 37-prezidenti etib saylanadi.

Richard Nikson Foto: Vikipediya

1969 yil iyul oyida AQSh harbiylarini Vetnamdan bosqichma-bosqich chiqarish ishlari boshlanadi. Vetnamda qolayotgan AQSh harbiylari esa jangovar harakatlarni davom ettiraveradi. 1971-72 yillarda AQSh harbiylari tomonidan bir nechta yirik harbiy amaliyot o‘tkaziladi, ammo ularning aksariyati muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi.

1972 yil 30 mart kuni Shimoliy Vetnam janubda 125 minglik armiya bilan keng qamrovli harbiy harakatlarni boshlaydi. Janubiy Vetnam armiyasi AQSh harbiy aviatsiyasi yordamida bu hujumni bartaraf etadi. Aynan ana shu yirik harbiy amaliyotdagi muvaffaqiyatsizlik Shimoliy Vetnam rahbariyatiga AQSh taklif etgan tinchlik sulhi uchun muzokaralar boshlashga turtki bo‘ladi.

«Parij sulhi»

1972 yil oxirigacha Shimoliy Vetnam bir necha bor sulh muzokaralarini to‘xtatib qo‘yadi. Nihoyat 1973 yil 27 yanvar kuni tomonlar «Parij tinchlik kelishuvi»ni imzolashadi. Aslida, bu bitim imzolangunicha AQSh Janubiy Vetnamdan qo‘shinlarining asosiy qismini olib chiqib ketib bo‘lgan, «atigi» 24 ming harbiy qolgandi. «Parij sulhi»ga ko‘ra, o‘sha yil 29 martgacha AQSh Janubiy Vetnamdan barcha harbiylarini olib chiqib ketadi, ammo undan keyin yana ikki yil Janubiy Vetnamda harbiy harakatlar davom etadi.

1974-75 yillarda Shimoliy Vetnam armiyasi nochor ahvolda qolgan Janubiy Vetnam armisini yengib, janubni to‘laligicha egallaydi. 1975 yil mart oyida shimolliklar Janubiy Vetnam poytaxti Saygon shahrini qo‘lga kiritadi. Poytaxt qo‘ldan ketgach, janubliklar armiyasining besh nafar generali o‘z joniga qasd qiladi.

Kommunistlar Saygondagi mustaqillik saroyiga o‘z bayrog‘ini ilishadi. Shu tariqa urush Shimoliy Vetnam g‘alabasi bilan tugaydi. Shundan so‘ng shimollik kommunistlar Janubiy Vetnamda «katta tozalash» ishlarini o‘tkazishadi.

AQSh va Janubiy Vetnam harbiylari bilan hamkorlik qilganlarning aksariyati «qayta tarbiyalash lagerlari»ga jo‘natiladi. Mamlakatda tinchlik o‘rnatilgach ko‘plab qochoqlar o‘z uylariga qaytib kela boshlaydi.

Vetnamlik qochoqlar © Fotobank.ru/Getty Images

Vetnam urushida qatnashgan davlatlar

Vetnam urushida AQSh harbiylaridan tashqari yana ko‘plab davlat harbiylari qatnashadi. Jumladan, Janubiy Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Tailand, Filippin, Tayvan, Yaponiya, Belgiya harbiylari Janubiy Vetnamga yordam bergan. SSSR, Xitoy, Shimoliy Koreya, Mo‘g‘uliston harbiylari esa Shimoliy Vetnamni qo‘llagan.

Londonda Vetnam urushiga qarshi namoyish. 1966 yil 29 iyun

Vetnam urushida SSSR ishtiroki

1965 yilda SSSR hukumati Vetnam Demokratik Respublikasiga harbiy-texnikaviy yordam berish haqida qaror qabul qiladi. Vazirlar Kengashi raisi Kosiginning baho berishicha, o‘sha paytda Vetnamga berilgan yordam miqdori kuniga 1,5 million rublni tashkil etgan. AQSh aviatsiyasi va SSSR zenitchilari o‘rtasidagi ilk to‘qnashuv 1965 yil 24 iyulida sodir bo‘ladi.

Urush tugaguncha SSSR Vetnamga 95ta zenit-raketalar majmuasi, 7,5 ming dona boshqa turdagi raketalar, 687ta tank, 316ta harbiy samolyot yetkazib beradi.

Sovet harbiy injyenerlari Vetnamda

SSSRning Vetnamga qilgan yordami rasmiy manbalarda ko‘rsatilgandan ko‘proq bo‘lganini aytiladi. Jumladan, sobiq sovet ofitseri, Turkiston harbiy okrugida xizmat qilgan va sovet armiyasi safida Vetnam urushida qatnashgan amerikalik jurnalist Mark Shternberg Vetnam urushida SSSRning to‘rtta aviadiviziyasi qatnashgani haqida yozgandi.

Vetnam urushidagi harbiy jinoyatlar

Vetnam urushida barcha tomonlar harbiy jinoyatlarga qo‘l urgan. Har ikki tomon, Shimoliy va Janubiy Vetnam harbiylari o‘zlarini qo‘llamagan tinch aholi vakillarini, erkaklarni otib tashlagan, ayollarni zo‘rlagan, hatto bolalarni ham ayamagan. Harbiy jinoyatlarni xorijlik harbiylar, shu jumladan, SSSR va AQSh harbiylari, ularning ittifoqchilari ham sodir etadi.

AQSh askari kommunistlarga yordam bergan janublik qariyani olib ketmoqda

Vetnam urushidagi yo‘qotishlar

Janubiy Vetnam tomoni bu urushda 250 ming nafar harbiy  yo‘qotadi. 1 million nafar harbiy yarador bo‘ladi. Shimoliy Vetnam va uni qo‘llagan janublik partizan guruhlardan bu urushda 1 million nafardan ortiq harbiy halok bo‘ladi, tinch aholi vakillaridan esa jami 2 million nafar odam qurbon bo‘lgan.

Vetnam urushida AQShning 2,6 million nafar harbiyci ishtirok etib, ulardan 60 ming nafari halok bo‘ladi. Halok bo‘lgan harbiylarning 64 foizi 21 yoshgacha bo‘lgan yigitlar edi. Shuningdek, mazkur urushda 303 ming nafar harbiy yarador bo‘lgan.

1953 yildan 1975 yilgacha AQSh Vetnamdagi harbiy harakatlarda umumiy hisobda 168 milliard dollar mablag‘ sarflagan. Yana bir manbaga ko‘ra, AQSh bu urushda 352 milliard dollar pul sarflagan, 9 ming samolyot va vertolyotlaridan ayrilgan.

Bugungi AQSh-Vetnam munosabatlari

AQSh Vetnamdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan so‘ng, 1975 yilda Vetnamdan AQSh elchisini quvib yuborishadi. AQSh bu yerdagi elchixonasini yopadi va har ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar uziladi. 1990-yillarda dunyo sahnida ro‘y bergan o‘zgarishlar ortidan har ikki davlat o‘zaro hamkorlikni to‘xtatib qo‘yish ikki taraf uchun ham manfatli emasligini tushunib yetadi va o‘zaro hamkorlikni boshlash haqida muzokaralar o‘tkaza boshlaydi.

1995 yildan boshlab ikki davlat yana qaytadan diplomatik aloqalar o‘rnatadi, o‘zaro hamkorlik qayta tiklanadi. O‘shandan beri ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib kelmoqda. 2015 yil tomonlar diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 20 yilligini tantanali nishonlashadi. Bugungi kunda Vetnam AQShning muhim savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi.

1995 yil, diplomatik aloqalar o‘rnatilgan ilk yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 451 million AQSh dollariga teng bo‘lgan, 2014 yilga kelib bu ko‘rsatkich 35 milliard dollarga yetdi. Bugun amerikalik investorlar Vetnam bozoriga jadallik bilan investitsiya olib kirishda davom etmoqda. Vetnam esa AQShga ko‘plab iste'mol tovarlarini yetkazib bermoqda.

Bugun, har ikki davlat ham bir paytlar bo‘lib o‘tgan urush haqida eslamaydi. Aksincha, o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish payida bo‘ladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top