00:55 / 09.02.2020
0
12298
O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi: «Umumiy sa'y-harakatlarimiz natijasida yuzlab talabalar mamlakatimizga salomat qaytdilar»
Foto: Uzreport TV

Ta'kidlanishicha, 15 yanvarda elchixonada tezkor shtab tuzildi va diplomatik missiyaning barcha xodimlari Xitoyning turli burchaklaridagi 2000 nafardan ortiq talabalarimiz bilan muloqotga chiqib, ularning har biri bilan yakka tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga faol kirishdi.

O‘zbekiston Respublikasining Pekindagi elchixonasi Xitoyda tahsil olayotgan vatandoshlarimizga murojaat bilan chiqdi.

“So‘nggi haftalarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qayerda bo‘lishidan, yoshi yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, Xitoyda 2019- nCoV koronavirusi yoyilgani munosabati bilan bu mamlakatdan vatandoshlarimizni yurtimizga qaytarish jarayonlarini katta hayajon bilan kuzatib bordilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy e'tibori va mamlakatimiz hukumatining qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek Tashqi ishlar vazirligi va elchixonamizning O‘zbekiston va Xitoydagi tegishli vazirlik hamda idoralar bilan birgalikdagi sa'y-harakatlari natijasida 600 nafar hamyurtimizni vatanga olib kelish bo‘yicha juda aniq va har tomonlama puxta ishlar amalga oshirildi. Qat'iy karantin sharoitida qisqa muddatda Xitoy tomoni bilan tegishli muzokaralar olib borildi, Toshkentga charter reyslarini tashkil etish bo‘yicha barcha masalalar mumkin qadar qisqa davr ichida kelishildi va hal etildi, Xitoyning o‘nlab shahar va provinsiyalaridan Uxan va Pekin shaharlariga barcha talaba yoshlarimiz safarbar qilindi.

E'tiborli tomoni, O‘zbekiston nafaqat koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahridan, balki Xitoyning qator chekka mintaqalaridan o‘z fuqarolari evakuatsiyasini tashkil qilgan kam sonli davlatlardan biri bo‘ldi. Yurtdoshlarimizni kerakli manzilga yetkazish ishlari Xubey provinsiyasining alohida karantin tartibi joriy etilgan boshqa shaharlaridan (Xuanshi, Tszyanan, Ichan, Lichuan, Tszinmen) ham amalga oshirildi”, deyiladi unda.

Murojaatda qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolarini Uxan shahridan olib chiqib ketish maqsadida elchixona Xubey provinsiyasi hamda mahalliy oliy o‘quv yurtlari ma'muriyatlari bilan birgalikda ushbu provinsiyaning Uxan va yana beshta boshqa shahridagi 14 ta universitetda tahsil olayotgan salkam 80 nafar talabani evakuatsiya qilish bo‘yicha bir necha bosqichli reja ishlab chiqdi. Unga muvofiq, fuqarolarimizning shaxsini va boshqa ma'lumotlarni aniqlashdan tortib, ularning ro‘yxatini tuzish va mahalliy transport kompaniyasini jalb qilgan holda talabalarni Uxan shahri aeroportiga olib kelishgacha bo‘lgan kompleks tadbirlar amalga oshirildi.

Ta'kidlanishicha, 15 yanvarda elchixonada tezkor shtab tuzildi va diplomatik missiyaning barcha xodimlari Xitoyning turli burchaklaridagi 2000 nafardan ortiq talabalarimiz bilan muloqotga chiqib, ularning har biri bilan yakka tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga faol kirishdi.

“Obektiv sabablarga ko‘ra bunday nostandart sharoitlarda mazkur vazifalarni hech bir muammolarsiz hal qilish mumkin emasligi ham tabiiy holatdir. Ammo yengib bo‘lmas to‘siq bo‘lib ko‘ringan muammolar ham bartaraf etildi.

Eng asosiysi, umumiy sa'y-harakatlarimiz natijasida yuzlab talabalar mamlakatimizga salomat qaytdilar. Bu esa kelgusida ular o‘z o‘qishlarini davom ettirish maqsadida yana Xitoyga qaytishlarining muhim kafolati hisoblanadi. Ular bu yerda Vatanimizning yanada taraqqiy etishi uchun zarur bo‘lgan zamonaviy bilimlarni o‘qib-o‘rganib, yosh istiqbolli mutaxassislar sifatida O‘zbekistonga qaytishadi”, deyiladi murojaatda.

Xukumat komissiyasi qarori bilan 4-6 fevral kunlari O‘zbekistonga Pekin shahridan 2 ta hamda Uxan provinsiyasidan 1 ta charter reyslar orqali jami 584 nafar fuqarolarimiz olib kelindi. Fuqarolarning barchasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi va 14 kun muddat davomida (kasallikning yashirin davri davomida) tibbiy nazoratga olindi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top