12:18 / 09.02.2020
0
41581
Xitoy va Britaniya orasida arosatda: Koronavirus oilalarni qanday ayirmoqda?

Dunyo bo‘ylab koronavirus epidemiyasi xavfi paydo bo‘lishi bilan ko‘plab mamlakatlar rasmiylari o‘z fuqarolariga Xitoyni iloji boricha tezroq tark etishni maslahat berishdi.

AFP/GETTY IMAGES

Jyeyn (ism o‘zgartirilgan) - Xitoy fuqarosi, lekin Buyuk Britaniyada yashaydi va ishlaydi. U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xalqaro favqulodda holatni e'lon qilishidan oldinroq Xitoy yangi yili munosabati bilan uyiga borgandi. 

Bu vaziyatda u og‘ir ruhiy ziddiyat qarshisida qoldi: keksa ota-onasini shunday daqiqalarda tashlab keta oladimi va umuman olganda ko‘pgina parvozlar bekor qilingan bu vaqtda Xitoydan chiqishning ilojisi bormi o‘zi?

Quyida uning o‘zi vaziyat haqida hikoya qiladi va his-tuyg‘ularini tasvirlaydi. 

Virus yoyilmoqda

Avvaliga Xitoydagi uyimda bo‘lish juda yoqimli edi. Hamma narsa odatiy ko‘rinardi, supermarketlar oy taqvimi bo‘yicha Yangi yilni nishonlash uchun xaridlar qilishga shoshilayotgan odamlar bilan gavjum edi. Hech kim niqob kiymasdi. 

Ota-onam bilan tuxumli chuchvara, nilufar ildizidan kotlet, ziravorli go‘sht va odatda Yangi yil arafasida iste'mol qilinadigan boshqa mazali taomlarimizni tayyorlardik. 

Ammo virus tarqala boshlaydi, odamlar xavotirga tushadi. 

Koronavirus simptomlari - yuqori harorat, keyin quruq yo‘tal boshlanadi

Men o‘tgan yili Pekinda farzandli bo‘lgan do‘stimning ahvolini bilish uchun unga qo‘ng‘iroq qildim.

«Haroratim bor, — deb javob berdi u.  - Men juda xavotirdaman. Kasalxona hozircha tahlillar o‘tkaza olmayapti, shuning uchun uyda karantinda o‘tiribman. Erim ovqatni yotoqxonaning eshigi oldida qoldiryapti va men o‘zimni yomon his qilyapman». 

Men uni tinchlantirishga harakat qildim, lekin, ehtimol, bu soxta va ishonarsiz chiqdi. 

Iloji boricha ko‘proq niqob

Bizning shaharda koronavirus yuqtirish holati tasdiqlangandan so‘ng juda muhim ehtiyoj tug‘ilmaganda uydan chiqmaslikka qaror qildik. Tongdan kechgacha televizor yoniq turadi — biz yangiliklarni tinglaymiz. 

Ijtimoiy tarmoq koronavirusdan himoyalanish choralari haqidagi postlar bilan to‘lgan

Ota-onamga ko‘ngillarini ko‘tarish uchun Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi ko‘plab memlarni ko‘rsataman. U yerda odamlar qo‘lga tushgan narsadan himoya niqoblarini tayyorlashgani aks etardi: mevalar, sabzavotlar, ichki kiyimlar, hatto sanitariya tagliklari. 

Keyin internet orqali buyurtma bergan mahsulotlarim yetib kelgani haqida qo‘ng‘iroq bo‘ldi. 

«Men yaqin kelib qoldim, — deydi u, — lekin shamollaganman, shuning uchun men yuqoriga ko‘tarilmayman, umid qilamanki, siz to‘g‘ri tushundingiz. Men jo‘natmani seyfga qo‘yib, kodni sizga yuboraman».

«Endi bizda yana 50ta tibbiy niqob bor» — deyman otamga g‘urur bilan qadoqni olib qo‘llarimni yaxshilab yuvib tashlaganimdan so‘ng, chunki mutaxassislarning ta'kidlashicha, virus yuqtirgan odamlar tegingan buyumlar ham infeksiya tashuvchisi bo‘lishi mumkin.

Men ikki hafta oldin niqoblarga birinchi marta buyurtma berganimda otam ustimdan kulib, meni paranoyyada ayblagandi. Hozir uning fikri o‘zgargan. 

Odamlar niqoblarni g‘amlab qo‘yishmoqda, qancha ko‘p bo‘lsa shuncha yaxshi

Weibo foydalanuvchilari Plague Inc strategik o‘yinidan skrinshotlarni baham ko‘ra boshladilar, unda qatnashuvchilardan butun dunyo bo‘ylab halokatli virusni tarqatish so‘raladi. Dasturchilar yoki koronavirus xatti-harakatlarini nusxalashgan, yo kompyuter g‘alaba qozonishi uchun ataylab shunday qilishgan.

Men ham ushbu o‘yinni telefonimga yukladim, lekin unga qarashni ham xohlamadim. 

Reyslar bekor qilinishi

Britaniyaga ketishimdan ikki kun oldin ertalab soat 5: 30 da uyg‘ondim. 

Birinchi qiladigan ishim virus yuqtirish holatlari haqida yangiliklarni tekshirish bo‘ldi. O‘sha vaqtda ularning soni 15 mingdan oshgandi. 

Aviakompaniyalar Xitoyga va undan bo‘lgan reyslarni bekor qilayotgandi. Parvozimni tekshiraman: u ham bekor qilingan.

Xitoyda o‘ylaganimdan ko‘ra ko‘proq vaqt qolib ketishim mumkinligini angladim. Ishdagi xo‘jayinimga xabar yubordim va Xitoyda qolib ketishim ehtimoli bo‘lgan kelgusi haftalar va hatto oylar uchun rejalar tuza boshladim. 

Bir necha aviakompaniyalar bir qator yirik shaharlardan Buyuk Britaniyaga parvozlar amalga oshirishni davom ettirmoqda, shuning uchun bu yerda qolishimga asos yo‘q. Men boshqa reysga chipta buyurtma qildim. 

Parvozimni har besh daqiqada tekshirib turdim, lekin ichimdan uning bekor qilinishi va ota-onamning yonida qolishga umid qilayotgandim. Ammo u bekor qilinmayotgandi. 

Ota-onamdan uydan chiqmasliklarini o‘tinib va qayta-qayta so‘rayman.

Virus o‘chog‘i bo‘lgan Uxan karantin holatida Foto: EPA

Onam uchun internet orqali bir necha o‘nlab qadoq hattotlik qog‘ozi sotib oldim, ota-onamning onlayn video saytlariga obunasini yangiladim va hatto ular uchun yugurish yo‘lakchasi sotib olish haqida o‘ylay boshladim. 

Har yili yangi yilni nishonlashdan keyin Britaniyaga qaytishim ko‘z yoshlar to‘kilishiga sabab bo‘ladi. Men oilada yagona farzandman va uydan 9 ming kilometr uzoqlikda yashayman. Ammo bu safar biz mutlaqo boshqacha tuyg‘ularni boshdan kechirdik. 

«Hech qayerga bormang» 

Men jo‘nab ketadigan kun ertalab otam nonushtaga men uchun sevimli taom — qovurilgan guruch tayyorlash uchun erta turdi. 

«Agar aeroportda qorning ochsa, tez tayyorlanadigan lapsha yeb ol, faqat restoranga kirma», — menga guruchning katta qismini solib ogohlantiradi u. 

Aeroportga keluvchilarning barchasida niqob bo‘lishi shart Foto: REUTERS

Ertalab soat 7da Chenduga uchadigan kichik mahalliy aeroportga bordik. 

Aeroport deyarli bo‘sh. Faqatgina bir necha eshik ochiq — odamlarning haroratini tekshirish shu yo‘sinda osonroq. Eshikdan o‘tib ketayotganimda ota-onam binoga kira olmasligini tushundim. 

«O‘zingizni ehtiyot qiling, har kuni qo‘ng‘iroq qilaman. Ko‘chaga chiqmang!», — deyman va ularga oyna orqali ishoralar qilaman. Va yig‘lay boshlayman. 

Har yangi yilda buvim va bobom meni ota-onamni Xitoyda tashlab ketganim uchun hissizlikda ayblashadi. 

Ilgari men ularning fikriga hech qo‘shilmasdim: ota-onam nisbatan yosh va sog‘lomligida ko‘proq narsaga erishib olishim kerak deb hisoblardim. Ammo endi, virus haqida qancha ko‘p o‘qiganim sari mendagi ishonch shunchalik kamayib borardi.

Ota-onamdan xavotirdaman. Uchishdan avvalgi so‘nggi daqiqada onamga qo‘ng‘iroq qildim. Uning ko‘zlari yoshlangandi. 

Chenduga uchayotgan samolyotda bo‘sh joy qolmagan. Hamma tibbiy niqobda. Styuardessalarning qo‘lidagisi tibbiy ham emas, balki odatda ko‘chada oziq-ovqat sotuvchilar kiyadigan plastik qo‘lqoplar. Aftidan, hamma himoya vositalari bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. 

Tez tayyorlanadigan lapsha

Chendu aeroportining tranzit zonasidagi ishchilar to‘liq himoyalangan kiyim-boshda dezinfeksiyalash vositalari sepishmoqda. Ota-onalar niqobni noto‘g‘ri kiygan farzandlarini urishayotganini eshitaman. Ammo ularda nima ayb? Kim ham soatlab niqob kiyishni xohlaydi?

Yuklarimizni topshirishdan oldin biz sog‘ligimiz holati haqidagi anketani to‘ldirishimiz kerak va shundan keyingina xavfsizlik va chegara nazorati tomon yuramiz. 
Uchishgacha hali ko‘p vaqt bor va men Londondagi do‘stlarimga sovg‘a sifatida choy sotib olish uchun do‘konga kirdim. Sotuvchi ayol niqoblarni ikki qavat qilib kiyganini ko‘rdim. 

«Televizorda bir vaqtning o‘zida ikkita niqob kiyish unchalik yaxshi emasligini eshitdim, chunki bunda chuqurroq nafas ola boshlaysiz va bu infeksiya xavfini oshiradi», — deb aytdim. 

«Bilaman, — deb javob berdi sotuvchi, — lekin men N95 respiratori ustidan bir martalik niqob kiydim. Chunki respiratorni tez-tez almashtirishni xohlamayman, sababi hozir uni topish juda qiyin». 

Himoya vositalari tanqisligi tufayli odamlar vaziyatga moslashmoqda Foto: EPA

Men bemalol tushlik qila olardim, lekin otamning maslahatlariga amal qilib tez tayyorlanadigan lapsha sotib olishga qaror qildim. Restoran butunlay bo‘m-bo‘sh. 

Samolyotga chiqish boshlandi. Samolyotgacha avtobusda borish kerak.

«Ajoyib», — deyman shiftga qarab. 

Avtobus liq to‘lgan, ammo hamma atrofdagilarga tegib ketmaslikka harakat qilmoqda. Yonimdagi qizning qo‘lidagi kalitlarga qo‘l yuvish vositasi to‘ldirilgan shisha idish bog‘langandi. 

O‘z joyimga yetib birinchi qilgan ishim o‘rindiq va interaktiv ekrandan dezinfeksiyalash vositasini artish bo‘ldi.

Karantin

Yerga qo‘nishimiz bilan men onamning telefoniga xabar yubordim va darhol javob oldim: «Uyga yetishing bilan menga xabar ber». Xitoyda hozir chuqur tun. 

Britaniyada esa umuman boshqacha holat. Ha, devorlarda koronavirus haqida ogohlantiruvchi plakatlar mavjud, ammo aeroport xodimlarining hech biri niqob kiymagan. 

Men niqobimni yechaman va chegarachilarga  pasportimni uzataman. 

«Sizdan so‘rasam maylimi? Nima deb o‘ylaysiz, men niqob kiyishim kerakmi?» — u menga murojaat qildi. 

«Ha, albatta, — deb javob beraman men. — Siz niqob kiyishingiz kerak va ehtimol ma'murlarga bunga e'tibor berishlari kerakligi haqida xabardor qilishingiz lozim». 

Keyingi ikki hafta davomida men karantinda bo‘ladigan kvartiraga qaytdim. 

Men yotishdan oldin, ota-onam chamadonimga solib qo‘ygan yangi yil bezaklarini oldim. Men ularni kvartira eshigining tashqi tarafiga ilmoqchi bo‘ldim. Ammo bu qo‘shnilarni qo‘rqitmaydimi?

«Ehtimol, buni kelasi yilga qoldirarman», —  bezaklarni ichki devorga osayotib o‘zimga shunday dedim.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top