22:03 / 10.02.2020
0
10592
Alisher Usmonov 8,8 mln dollarlik Olimpiya manifesti qo‘lyozmasining «sirli» xaridori bo‘lib chiqdi

Zamonaviy Olimpiya o‘yinlarining asoschisi Per de Kubertenning Olimpiya manifesti qo‘lyozmasi 2019 yil 18 dekabrda Sotheby's auksion uyidagi savdolar vaqtida 8,8 mln dollarga sotilgandi. Biroq uni aynan kim sotib olgani o‘shanda oshkor qilinmagandi.

Foto: Mixail Klimentev/TASS

Endilikda ma'lum bo‘lishicha,  qo‘lyozmaning «sirli» xaridori rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bo‘lib chiqdi. Aynan u qo‘lyozmani Lozannadagi Olimpiya muzeyiga tuhfa qildi. 

“Bu qo‘lyozma zamonaviy Olimpiya o‘yinlarining manifesti hisoblanadi. Per de Kuberten ixtiloflar va urushlar bilan parchalangan emas, sport bellashuvlari bilan birlashgan dunyoni ko‘rishni istagan. Fikrimcha, Olimpiya muzeyi bu nodir qo‘lyozma saqlanishi uchun eng munosib joydir”, deb aytgan Usmonov.  

Qo‘lyozmani qabul qilib olgan XOQ prezidenti Tomas Bax uning qaytarilishini tarixiy hodisa deb atagan. Noyob qo‘lyozma keng jamoatchilikka ilk bor taqdim etiladi. 

Ushbu 14 sahifalik qo‘lyozma fransuz jamoat arbobi, tarixchi va adib baron Per de Kuberten tomonidan 1892 yilda Parijdagi Sorbonna universitetida Fransiya yengil atletika ittifoqi tashkil etilganining 5 yilligida so‘zlagan nutqi matnining yagona ma'lum nusxasi hisoblanadi. Ittifoqning bosh kotibi lavozimini egallagan Kuberten o‘shanda 29 yoshda bo‘lgan. 1889 yilda yozilgan qo‘lyozmada Kuberten tomonidan kiritilgan izohlar va ustidan o‘chirilgan iboralar bor.

Manifestda zamonaviy Olimpiya o‘yinlarining asoslari bayon etilgan. Kuberten unda “xalqlar o‘rtasidagi kurash faqat sportda bo‘lishi kerakligi”ni ta'kidlab o‘tgan.

Lozannadagi Olimpiya muzeyi 1993 yilda XOQning 7-prezidenti Xuan Antonio Samaranch tashabbusi bilan tashkil etilgan. Muzey kolleksiyasida 10 mingdan ko‘proq eksponat mavjud bo‘lib, u Olimpiya o‘yinlariga bag‘ishlangan dunyodagi eng katta muzey hisoblanadi. Muzeyga har yili 250 mingdan ko‘proq kishi tashrif buyuradi.

XOQ esa Kuberten tashabbusi bilan 1894 yilda tashkil etilgan va uning birinchi prezidenti gretsiyalik Demetrius Vikelas bo‘lgan. Kubertenning o‘zi XOQga 1896-1916 va 1919-1925 yillarda rahbarlik qilgan. Birinchi zamonaviy Olimpiya o‘yinlari esa 1896 yilda Afinada bo‘lib o‘tgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top