22:12 / 10.02.2020
0
5079
AQSh koronavirus sababli Xitoyda viza berishni to‘xtatdi

AQSh yangi turdagi koronavirus tarqalishi sababli 10 fevraldan Xitoyda viza berishni to‘xtatdi. 

Foto: WeChat

Bu haqda AQShning Pekindagi elchixonasi saytida ma'lum qilingan.

Xabarda ta'kidlanishicha, 10 fevraldan AQShning Pekindagi elchixonasi hamda Chendu, Guanchjou, Shanhay va Shenyandagi bosh konsulxonalari viza xizmatlari ko‘rsatishni to‘xtatadi. Koronavirus bilan bog‘liq holda yuzaga kelgan vaziyat va “xodimlar soni cheklanganligi” sababli AQShning diplomatik vakolatxonalari viza xizmatlari ko‘rsatilishi borasidagi so‘rovlarga javob bera olmasligi ma'lum qilingan. Shu bilan birga, diplomatlar “favqulodda vaziyat” yuzaga kelsa, yordam berishga tayyorliklarini bildirganlar. 

AQSh koronavirus sababli 2 fevraldan amerikaliklarga Xitoyga borishga cheklov va oxirgi 14 kun ichida Xitoyda bo‘lgan xorijliklarga AQShga kirishga taqiqlov joriy qilgandi. Shuningdek, AQSh davlat departamenti Xitoydagi diplomatik idoralari xodimlarining qisman evakuatsiya qilinishiga ruxsat bergan.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top