08:00 / 10.02.2020
0
45047
Koronavirusdan vafot etganlar soni MERS qurbonlari sonidan oshib ketdi

Xitoyda vaqtinchalik NCP nomini olgan yangi turdagi koronavirusdan bir oydan sal ko‘proq vaqt ichida 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromidan (MERS-CoV) vafot etganlardan ko‘proq odam hayotdan ko‘z yumdi.

Foto: REUTERS

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirus qurbonlari soni bir kunda 97 nafarga ko‘payib, umumiy soni 908 nafarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, kasallanganlar soni 40171 nafarga yetdi.    

Ayni vaqtda Xitoy shifoxonalarida 36 ming kishi davolanmoqda, ulardan 6,5 ming nafarining ahvoli og‘ir deb baholangan. 3,3 ming kishi sog‘ayib ketgan. Bundan tashqari, 187,5 ming kishi virus yuqtirganlikka gumon qilinmoqda.

Avvalroq yangi koronavirus qurbonlari soni 2002-2003 yillarda kuzatilgan atipik zotiljam (SARS) vaqtidagidan oshib ketgani ma'lum qilingandi.  

MERS koronavirusi ilk bor 2012 yilda Saudiya Arabistonida qayd qilingan. 2012 sentyabrdan dunyoning 27 davlatida MERS bilan 2494 ta kasallanish holati qayd etilgan, undan 858 kishi vafot etgan. Joriy yil yanvarida Saudiya Arabistonida MERS bilan oxirgi kasallanish holati qayd etilgan. 

Xitoy va JSST mutaxassislari SARS ham, MERS ham joriy koronavirusdan xavfliroq ekanini ta'kidlashmoqda. Chunki SARS’dan o‘lish darajasi 9,56 foizni, MERS’dan 34,4 foizni, yangi koronavirusdan esa 2,2 foizni tashkil qilmoqda. 

Bu orada JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus tashkilot xodimlarining ilg‘or guruhi Xitoyga koronavirus bilan kurashishda ko‘maklashish uchun jo‘natilganini ma'lum qildi. 

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top