18:58 / 10.02.2020
1
16623
Kosmosda ilk mehmonxona qurilishi bo‘yicha kelishuv imzolandi

2025 yilga borib, Yer orbitasida ilk mehmonxona paydo bo‘lishi mumkin. Bu borada NASA va Axiom Space xususiy kompaniyasi o‘rtasida kelishuv tuzilgani e'lon qilindi.

Xalqaro kosmik stansiya / Foto: NASA

Mehmonxona Xalqaro kosmik stansiyada joylashadi va unga ilk mehmonlar 2024 yilning ikkinchi yarmidan boshlab ham tashrif buyurishlari mumkin.

Loyiha bosh pudratchisi – Axiom Space xususiy kompaniyasi bo‘lib, kompaniyaga NASAning sobiq xodimi Maykl Suffredin tomonidan 2016 yilda asos solingan.

U 2018 yili The New York Times`ga bergan intervyusida «kelajak mehmonxonasi» uchun chipta narxi 50 million dollar atrofida bo‘lishini aytgandi.

Bu to‘lov ichiga – orbitadagi mehmonxonada 8 kun yashab, Yerni to‘siqsiz ko‘rish va gravitatsiya nol bo‘lgan sharoitda turli ko‘ngilochar takliflar kiradi. Bundan tashqari, otelda yuqori tezlikdagi internet ham bo‘ladi: mehmon sayyora atrofida uchib yurgani aks etgan selfi suratlarini bemalol ijtimoiy tarmoqlarga joylab borishi mumkin.

Foto: Axiom Space

Ma'lumot uchun, Xalqaro kosmik stansiya – tadqiqotlar o‘tkazish uchun boshpana vazifasini bajaruvchi turar-joy moduli. Stansiya 1998 yilning 20 noyabrida dunyoning 19 mamlakati vakillari tomonidan Yer orbitasiga chiqarilgan.

Hi-News.ru saytining qo‘shimcha qilishicha, XKS yangi modullari va mehmonxona qurilishiga stansiya egalari bo‘lgan mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyatli munosabatlar xalaqit berishi ehtimoldan xoli emas. Jumladan, AQSh va Rossiyaning stansiyadan hamkorlikda foydalanishi to‘rt yildan keyin yakuniga yetishi mumkin. Hozircha tomonlar o‘rtasida XKSning ekspluatatsiya muddatini 2024 yilgacha uzaytirish bo‘yicha kelishuv bor.

Lekin Axiom Space kompaniyasi voqealarning bunday rivojiga ham tayyorligi aytilmoqda. Hatto AQSh XKSdagi ishtirokini to‘xtatish haqida qaror qabul qilgan taqdirda ham, kompaniya kosmik stansiya tashqarisida joylashadigan alohida mustaqil platformasiga o‘tishi mumkin.

Axiom kosmik stansiyasi loyihasi
Foto: Axiom Space

Buning natijasida XKS yaqin yillarda hech kim yashamaydigan joyga aylanishi mumkin. «Roskosmos» xalqaro dasturdan qadam-baqadam chiqishni ta'minlash uchun Rossiya orbita stansiyasi (ROS) ustida ish olib bormoqda. U 5ta multifunksional modullardan iborat bo‘ladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top