20:54 / 10.02.2020
0
13591
Navoiy viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Navoiy viloyatida ikkita lavozimga yangi rahbarlar tayinlandi. Viloyat hokimiga yangi o‘rinbosar va Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasiga rahbar tayinlandi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, Odil Ravshanovich Hasanov viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat hokimligi axborot xizmati ma'lum qildi.

Odil Hasanov

Odil Hasanov 1975 yilda Navoiy viloyati Karmana tumanida tug‘ilgan. 1994 yilda Navoiy sanoat texnikumini, 2006 yilda Navoiy Davlat konchilik institutini tamomlagan.

U mazkur lavozimga qadar Navoiy viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i, Navoiy viloyatidagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi boshlig‘i, Navbahor tumani hokimining o‘rinbosari, Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi direktori, Navoiy viloyati Davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Shuningdek, Islombek Farmonovich Saidov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Navoiy viloyati Bosh boshqarmasiga yangi rahbar etib tayinlandi.

Islombek Saidov

Islombek Saidov 2002 yilda Navoiy davlat konchilik instituti hamda 2006 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan.

U bungacha Navoiy viloyati markaziy banki bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top