16:24 / 10.02.2020
3
27981
Sariosiyoda ayol mas'ullarni bolta bilan qarshi oldi. Bunga uni nima majbur qildi?

Ijtimoiy tarmoqlar va telegram-kanallarda bir qo‘lida bolta, bir qo‘lida telefon ushlab, uyi buzilishiga norozilik bildirgan ayolning murojaatnomasi tarqaldi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu ayol Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani «Gulobod» MFYda qurilgan yangi uyi buzilishiga qarshilik bildirgan Xolbibi Donayevadir.

U o‘z murojaatida avvalroq ham uyi buzilgani, ikkinchi marta uyini buzishlariga yo‘l qo‘yib bermasligini aytadi.

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati o‘z rasmiy munosabatida Xolbibi Donayevaning mulkiy huquqlari buzilganidan norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan videomurojaati yuzasidan Sariosiyo tumani hokimligining pozitsiyasini e'lon qildi.

Sariosiyo tuman hokimligi Donayeva Xolbibiga tegishli turar joy binosi va ekin maydoni buzilmaganini ma'lum qilgan.

«Sariosiyo tumani hokimining 2019 yil 11 fevraldagi №740-sonli qarori bilan «O‘zshaharsozlik LITI» DUK Surxondaryo viloyat filiali tomonidan ishlab chiqilgan «Sariosiyo shaharchasi markaziy qismining batafsil rejalashtirish loyihasi» ma'qullangan.

Xolbibi Donayeva 2019 yil 6 aprelda Sariosiyo tumani hokimi nomiga ariza bilan murojaat qilib, o‘zining arizasida unga tegishli «Lutfikor» (sobiq «Yangi turmush») mahallasida yer uchastkasi tuman bosh rejasiga asosan ko‘kalamzorlashtirish ko‘rsatilgani sababli, yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun 10 sotix yer maydoni ajratilishini so‘ragan.

Sariosiyo tumani hokimining 2019 yil 10 apreldagi 2116-sonli qarori bilan fuqaro X.Donayevaga tumanning «Gulobod» mahallasi, Chorbog‘ qishlog‘i hududidagi 7q-dala konturidan yakka tartibda uy-joy qurish uchun 1000 kv.m yer maydoni ajratish belgilangan.

Ammo, tuman hokimining mazkur qarori O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 45-moddasi (alohida qimmatga ega bo‘lgan unumdor sug‘oriladigan yerlar) talabiga zid ravishda qabul qilingani aniqlangani sababli 2019 yil 31 oktyabrda uni bekor qilish haqida Sariosiyo tumani prokurori tomonidan protest keltirilgan.

Shunga ko‘ra, tuman hokimining 2019 yil 6 noyabrdagi 6226-sonli qarori bilan 2019 yil 10 apreldagi 2116-sonli qarori bekor qilinib, prokuror protesti qanoatlantirilgan. Donayeva Xolbibiga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydoni taklif etilgan.

X.Donayevaga tegishli turar joy binosi va piyoz ekin maydoni buzilmagani, biroq, hozirda qonunga zid ravishda ajratilgan yer maydonida qurilgan ushbu turar-joy masalasida sudga da'vo arizasi tayyorlanayotgani, sud qarori asosida bu masalaga oydinlik kiritilishi aniqlandi.

Ishchi guruh a'zolarining 2020 yil 8 fevral kuni Sariosiyo tumani, «Gulobod» mahallasi, «Chorbog‘» qishlog‘iga tashrifidan ko‘zlangan maqsad 7q-konturdagi 1,20 ga suvli yer maydonida qurilgan bino-inshootlarning qonuniyligini aniqlash, shuningdek, dehqon xo‘jaligini tashkil etish uchun ajratilgan yer maydonlaridan fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan qurgan va keyinchalik buzib olgan qurilishlari qoldiqlarini daladan chiqartirish bo‘lgan», deyiladi munosabatda.

Shuningdek, hokimlik Sharg‘un shahrida ham X.Donayevaga tegishli uy-joy borligini ta'kidlaydi.

«Avvalroq Sariosiyo tumani, Sharg‘un shahar, Feruz mahallasi, Shaxtyorlar ko‘chasi hududida joylashgan, X.Donayevaga tegishli bo‘lgan 45-uy Sharg‘un shahrida olib borilgan qurilish ishlari davomida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan yo‘l hududida joylashgani sababli, buzilishga tushgan.

Ushbu uy-joy evaziga Sariosiyo tumani hokimining 2019 yil 13 iyuldagi 4116-sonli qarori bilan fuqaro X.Donayevaga Sharg‘un shahar, «Feruz» mahallasi, Hurriyat ko‘chasi hududidan 400 kv.m yer maydoni yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan va 150 mln so‘mdan ziyod kompensatsiya to‘lovi naqd pul shaklida to‘lab berilgan.

Fuqaro X.Donayeva mazkur manzilda 15,75 kv.m hajmda 1 xonali turar joy va 4,00 kv.m. hojatxona imoratlari qurgan va Sariosiyo tumani hokimining 2019 yil 28 sentyabrdagi 6065-sonli qarori bilan X.Donayevaning mazkur turar joyga egalik va mulk huquqi e'tirof etilgan», deydi hokimlik.

Tuman hokimligi X.Donayevaning onasi Tursinoy Donayevaga tegishli uy-joy ham mavjudligini ta'kidlamoqda.

Sharg‘un shahar hokimining 1993 yil 29 iyundagi 78/51-sonli qarori bilan Sharg‘un shahar, Shaxtyor ko‘chasidagi 45-uy, 9-xonadon (2 xonali, umumiy maydoni — 66,5 kv.m) fuqaro Donayeva Tursunoyning shaxsiy mulki ekanligi tasdiqlangan.

Mazkur manzilda ayni paytda hech kim yashamayotganligini ma'lum qilayotgan tuman hokimligi bu uyning fuqaro X.Donayevaga qanday aloqasi borligiga oydinlik kiritmagan.

Aytaylik, bu kvartira X.Donayevaga meros qilib qoldirish huquqi bilan o‘tganmi? Yo onasi tomonidan hadya qilinganmi? Unda bu kvartiraning mazkur masalaga qanday daxli bor? Uni tilga olib o‘tishdan murod ne? «Yashayman desa shuncha uyi bor, bu ayol o‘zi to‘ymaydi», degan xulosa hosil qilishmi?

O‘rinli savol tug‘iladi: nega suvli yerdan yer uchastkasining belgilangan qonunchilik normalariga zid tarzda ajratib, qarorni imzolagan tuman hokimi va hujjatni tayyorlagan mas'ullarga hech qachon chora ko‘rilmaydi? Qachongacha mas'ullarning mas'uliyatsizligidan oddiy fuqaro jabr chekishi kerak?

Aslida, hammaga mana shu savollarning javobi qiziq edi. X.Donayevaning onasining nomida qanaqa turar joy borligi emas…

Shuhrat ShOKIRJONOV

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top