11:13 / 10.02.2020
0
1818
Singapur O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etishi mumkin

Singapur xususiy biznesi O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdorligi ma'lum qilindi

Foto: American Public Power Association

O‘zbekiston Energetika vazirligida 2020 yil 7 fevralda Singapur Respublikasining savdo va sanoat bo‘yicha katta davlat vaziri Kun Ko Po boshchiligidagi delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. 

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, tomonlar Singapur kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni hamda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Qayd etilishicha, hozirgi paytda «Indorama» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Qo‘qon superfosfat zavodi» AJni yanada modernizatsiya qilish va mavjud quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha loyihani amalga oshirilishi davom ettirilmoqda. Singapur kompaniyasining investitsiyaviy majburiyatlari 67,0 mln dollarni tashkil etadi. Birinchi bosqichda superfosfat ishlab chiqarish quvvatlarini 350 ming tonnaga yetkazish, ikkinchi bosqichda – zavod tomonidan o‘g‘itlarning yangi turlarini ishlab chiqarish konsepsiyasini tayyorlash rejalashtirilgan.

Shuningdek «Indorama» paxtachilik-to‘qimachilik sohasiga faol investitsiyalar yo‘naltirmoqda va boshqa istiqbolli loyihalarda ishtirok etish masalalarini ishlab chiqmoqda. 

Singapur tomoni Singapur xususiy biznesining quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdorligini ta'kidladi. 

Muzokaralar davomida tomonlar o‘rtasida energetika va kimyo tarmog‘idagi istiqbolli loyihalarni, xususiylashtirish obektlarini o‘rganish, shuningdek O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, shu jumladan, Singapur tajribasidan foydalangan holda tashqi bozorda sotish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top