18:05 / 10.02.2020
0
11975

Toshkent viloyati yo‘llarida innovatsion ustunchalar o‘rnatilyapti

Yangi ustunchalar transport vositasi biror-bir sabab bilan yo‘ldan chiqib ketib, unga kelib urilganida egilib qoladi va transport vositasiga jiddiy shikast yetkazmaydi

Harakatlanish xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish maqsadida Toshkent viloyati avtomobil yo‘llarida yana bir yangilik joriy etildi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB YHXB axborot xizmati.

Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan kiritilgan taqdimnomalar asosida viloyatning Bo‘stonliq tumani (tog‘li hudud)da haydovchilarga tungi vaqtda, shuningdek yog‘ingarchiliklar vaqtida ham avtomobil yo‘li qatnov qismining chegarasini ko‘rsatib turuvchi zamonaviy, innovatsion, nur qaytaruvchi, elastik egiluvchan bo‘lgan ogohlantiruvchi ustunchalar o‘rnatish boshlandi.

Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan bu ustunchalar avvalgi beton ustunchalarni o‘rnini egallamoqda. Sababi, bu yangi ustunchalar transport vositasi biror-bir sabab bilan yo‘ldan chiqib ketib, unga kelib urilganida egilib qoladi va transport vositasiga jiddiy shikast yetkazmaydi. Transport vositasi olingach esa u yana asl holatiga qaytadi.

Mazkur yangilikni viloyatning barcha shahar va tumanlarida joriy etish rejalashtirilmoqda. Ustunchalardagi nur qaytaruvchi moslama yoritilmagan yo‘llarda ham harakatlanish xavfsizligini ta'minlashga ijobiy hissa qo‘shadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top