13:54 / 11.02.2020
0
2893
Dilares kompaniyasi xodimlari boshqa fuqarolarga tegishli bo‘lgan aksiyalarni o‘zlashtirgan va sotib yuborgan - Agentlik

Agentlikka aksiyadorlar va investorlar tomonidan kompaniya xodimlarining ayrim harakatlari yuzasidan shikoyatlar kelib tushgan

Foto: Shutterstock

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan Dilares MChJ xodimlarining qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi malaka guvohnomalarining amal qilish muddati tugatildi. Bu haqda agentlik xabarida aytilgan.

Qayd etilishicha, 2019 yilda agentlikka aksiyadorlar va investorlar tomonidan Dilares MChJ xodimlarining ayrim harakatlari yuzasidan shikoyatlar kelib tushgan.

“Agentlik masalani o‘rganish jarayonida Dilares MChJ rahbari va xodimlari tomonidan investitsiya vositachisi faoliyati vakolatlarini bir necha bor o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida suiiste'mol qilinganligi aniqladi.

Xususan, Dilares MChJ xodimlari o‘zlariga ishonib topshirilgan boshqa fuqarolarga tegishli bo‘lgan aksiyalarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan va sotib yuborgan. Shuningdek aksiyadorlar va investorlarga ushbu holatlar yuzasidan noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etib, ularni chalg‘itgan.

Masalan, 2018 yil oxirida Dilares MChJ xodimlari o‘zlariga saqlash uchun ishonib topshirilgan fuqaro B.R.ga tegishli oddiy aksiyalarini uning ruxsatisiz 663 mln so‘mga sotib, daromadni o‘zlashtirgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Dilares MChJ sobiq direktori A.Haydarovga, direktor o‘rinbosari A.Abdullayevga, sobiq ichki inspektor Sh.Sharaxmetovga berilgan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi malaka guvohnomalarining amal qilish muddati agentlik tomonidan 2020 yil 27 yanvar kunidan boshlab tugatildi”, - deyiladi agentlik xabarida. 

Shuningdek, Dilares MChJga qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalarning amal qilish muddatini tugatish yuzasidan sudga da'vo arizasi kiritilgani aytildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top