13:34 / 11.02.2020
0
3975

JSST va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening O‘zbekistonga tashrif doirasid O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi o‘rtasida 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan ikki yillik hamkorlik kelishuvi imzolandi. Vazirlik matbuot xizmati xabar qilishicha, ushbu hujjat o‘zaro maslahatlashuvlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, mustahkam hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tgan brifingda Xans Klyuge O‘zbekiston yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga qarshi kurashda Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlaridan biri ekani, ushbu yo‘nalishda davlat siyosati darajasida muhim qadamlarni tashlanayotganiga alohida e'tibor qaratdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda avval ham bo‘lgani, jumladan, 20 yil avval Qoraqalpog‘iston Respublikasida sil kasalligiga qarshi kurash yo‘nalishida faoliyat olib borganini qayd etib o‘tdi.

«Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan nufuzli muassasasi bo‘lib, uning tarkibiga 194ta a'zo davlatlar kiradi. Tashkilotning asosiy vazifasi dunyo aholisining sog‘liqni saqlash muammolarini hal qilishdan iborat. JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi dunyoning turli hududlarida joylashgan oltita mintaqaviy idoralardan biridir. Ushbu buyurga 53ta mamlakat, jumladan O‘zbekiston ham a'zo bo‘lib, Atlantikadan Tinch okeanigacha bo‘lgan ulkan hududni qamrab oladi. Sog‘liqni saqlashning turli yo‘nalishlarida ilmiy va texnik mutaxassislar jamoasidan iborat byuroning bosh shtabi Kopengagenda joylashgan. Uning 29ta mamlakatda 4ta filiali va idoralari faoliyat yuritib keladi.

O‘zbekistonda JSSTning vakolatxonasi mavjud bo‘lib, sog‘liqni saqlash tizimiga yaxlit yondashuv asosida barqaror sog‘liqni saqlash siyosatini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatish uning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shuningdek, umumiy yetakchilikni ta'minlash, mahalliy darajada texnik aloqalarni o‘rnatish, standartlarni belgilash va shartnomalar tuzish, inqiroz davrida sog‘liqni saqlash tadbirlarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish kabi vazifalarni ham qamrab oladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Tadbirda, shuningdek, JSST va O‘zbekiston sog‘liqni saqlashning ko‘plab muhim masalalarida yaqindan hamkorlik qilib kelinayotgani ta'kidlandi.

«Jumladan, davlat rahbarining 2018 yil 7 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni bilan tasdiqlangan 2019 — 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi yaratishda JSST ekspertlarining ulkan yordamini alohida ta'kidlash lozim. Xalqaro ekspertlarning ko‘magi tufayli sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni yaxshilash, majburiy tibbiy sug‘urta va elektron sog‘liqni saqlash tizimini joriy etish, sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, salomatlik uchun zararli bo‘lgan odatlarga qarshi kurash kabi qator vazifalar bo‘yicha samarali choralar ko‘rilmoqda.

Joriy yil 24 yanvarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasida ham Sog‘liqni saqlash sohasiga alohida to‘xtalib, jumladan, tizimni moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida majburiy tibbiy sug‘urtaga oid qonunlarni qabul qilish va uni amalga oshirish bo‘yicha barcha tashkiliy choralarni ishlab chiqilib, ushbu tizim joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida boshlanishi aytib o‘tilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge tashrifi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot brifingida Sirdaryo viloyatida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari ko‘magida tibbiy xizmatlarning yangi modellari bo‘yicha qo‘shma pilot loyihasi boshlanganligi ta'kidlab o‘tildi. Loyiha allaqachon yaxshi natijalar ko‘rsatayotgani va bosqichma-bosqich butun mamlakat bo‘ylab joriy etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, JSST va O‘zbekiston hamkorlikda umumiy sog‘liqni saqlash qamroviga erishish, ya'ni har bir fuqaroning zarur tibbiy xizmatlardan foydalanishini ta'minlashga bo‘lgan intilishlari birlashtirilgani yuqori baholandi. Buning uchun, albatta, mamlakatga kuchli sog‘liqni saqlash tizimi va birlamchi tibbiy yordam muhim o‘rin tutadi. Sirdaryo viloyatidagi tatbiq etilayotgan yuqoridagi loyiha mazkur maqsadga erishish mumkinligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inda kadrlar masalalarini hal qilishga ham katta e'tibor berilayotgani e'tirof etilib, busiz sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish mumkin emasligi aytib o‘tildi.

Press-brifing doirasida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi o‘rtasida 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan ikki yillik hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu hujjat o‘zaro maslahatlashuvlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, mustahkam hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mehmonning bir qator tibbiyot muassasalari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyati bilan ham tanishishi rejalashtirilgan», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top