08:24 / 11.02.2020
1
32159

Milliy gvardiya xodimi cho‘kayotgan ayolni qutqardi, biroq uning o‘zini kuchli oqim olib ketib qoldi

Namanganda Milliy gvardiya xodimi daryoga o‘zini tashlagan ayolning hayotini qutqarib qoldi, biroq uning o‘zini kuchli oqim olib ketib qolgan

Foto: Norma.uz

Joriy yilning 10 fevral kuni soat 10:00larda Namangan viloyati Uychi tumani hududidan oqib o‘tuvchi Norin daryosi (Farg‘ona halqasi avtoyo‘lining 98-km.dagi) ko‘prigida xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati xodimi daryoda cho‘kayotgan ayolga ko‘zi tushib, uni qutqarish maqsadida zudlik bilan o‘zini suvga tashlagan. 

Milliy gvardiya xabariga ko‘ra, u ayolni kuchli oqim domidan olib chiqib, qirg‘oqdagi sherigi qo‘liga topshirgan holda, uning hayotini saqlab qolgan. Ammo qish faslidagi suv harorati hamda unda ko‘p vaqt qolib ketganligi natijasida xodimning tomirlari tortishib qolishi mumkinligi sababli daryoning kuchli oqimi uni olib ketib qolgan. Ayol esa zudlik bilan shifoxonaga yetkazildi.

Ma'lum bo‘lishicha, qutqarilgan ayol 1994 yilda Namangan tumanida tug‘ilgan, Ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turuvchi N.O. bo‘lib, joniga suiqasd qilish maqsadida daryoga o‘zini tashlagan. Holat yuzasidan tegishli organ xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Milliy gvardiya xodimining qidiruv-qutqaruv ishlari hamon olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top