16:33 / 11.02.2020
0
4679

O‘zAga davlat budjetidan 5,4 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilmoqda

Moliya vazirligi texnika vositalarini xarid qilish uchun 5,4 mlrd so‘mni O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga ajratishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining axborot portalini yaratish to‘g‘risida hukumat hujjati loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, hujjat prezidentining “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 2 dekabrdagi PQ-4541-son qarorining 10-bandi ijrosini ta'minlash, shuningdek O‘zbekiston Milliy axborot agentligining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish maqsadida qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining axborot portalini yaratish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun xarid qilishini belgilangan texnika vositalari ro‘yxati tasdiqlanadi.

Moliya vazirligi texnika vositalarini xarid qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetini 2020 yil 1-chorak yakuni bo‘yicha daromadlar rejasini orttirib bajarilgan qismi hisobidan 5,4 mlrd so‘mni O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga 2020 yilning aprel oyida ajratishi mo‘ljallangan.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi:

hujjat ilovasida ko‘rsatilgan texnika vositalarini sotib olish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tender savdolarini o‘tkazadi;

o‘tkazilgan tender savdolari yakunlari bo‘yicha iqtisod qilingan mablag‘ni tegishli tartibda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetiga qaytarilishini ta'minlaydi.

Ajratilgan budjet mablag‘laridan:

maqsadli foydalanish yuzasidan shaxsiy javobgarlik O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori (A.Ko‘chimov)ga;
             
davlat xaridlari bo‘yicha tender (tanlov) savdolarining to‘g‘ri o‘tkazilishi ustidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish hamda maqsadli sarflanishini nazorat qilish Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorat departamenti zimmalariga yuklanadi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top