10:59 / 11.02.2020
0
2565
O‘zbekistonda ayrim bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha jamg‘arma tashkil etildi

Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasida gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish hamda onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilandi:

Davlat budjetiga tushadigan tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘i yig‘im summasining 7 foizi;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilanishicha:

a) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashxis qo‘yiladigan va davolanadigan onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

b) Jamg‘arma mablag‘laridan:

onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga asbob-uskunalar, dori vositalari, tibbiy buyumlar, laboratoriya reaktivlari va boshqa sarflash vositalarini sotib olishda;

onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishda;

onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarga respublika hududidagi davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarining yuqori texnologik tashxis va tibbiy yordam ko‘rsatish xizmatlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun foydalaniladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top