15:29 / 11.02.2020
0
26999
«Teatrimizni hech kimga xafa qildirib qo‘ymaymiz!». Saida Mirziyoyeva «Ilhom» teatri bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi

O‘zbekiston prezidentining qizi Saida Mirziyoyeva «Ilhom» teatri bilan bog‘liq vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: KUN.UZ

«Ilhom» teatri bilan bog‘liq vaziyatga izoh bermoqchiman. Men o‘zim teatr san'ati muxlisiman. Ushbu masala atrofida aytilayotgan tashvishli gap-so‘zlarni eshitib, sizni ishontirib aytamanki, biz teatrimizni hech kimga xafa qildirib qo‘ymaymiz! «Ilhom» - madaniy hayotimizning faxri!» - deb yozdi S. Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Avvalroq, «Ilhom» teatri o‘zi joylashgan Shodlik Palace mehmonxonasining yangi mulkdoridan binoning egallab turgan qismini bo‘shatish haqida ogohlantirish xati olgani xabar berilgandi.

Xatda mehmonxona binosi tashqi ko‘rinishi yoqimsiz holga kelib qolgani sababli Shayxontohur tumani hokimligi talabi bilan joriy yilda uning to‘liq rekonstruksiyasi rejalashtirilgani aytilgan va shu sababli «Ilhom» rahbariyatidan teatr uchun yangi joy topish so‘ralgan. 

Teatrning Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilinishicha, «teatr asoschisi Mark Vaylga 1976 yilda davlat tomonidan ajratilgan hududning yo‘qotilishi «Ilhom» teatriga chiqarilgan o‘lim hukmini anglatadi». Ta'kidlanishicha, joy teatrga tegishli bo‘lmagani sababli huquqiy tomondan «u bu masalada kuchsiz».
  
1994 yilda mehmonxona xususiylashtirilgandan keyin teatr unga ajratilgan joydan beg‘araz asosda foydalanib kelgan. Teatr va mehmonxonaning avvalgi egasi “Shodlik” OAJ o‘rtasida 2023 yilgacha avtomat tarzda 10 yilga uzaytirish imkoni bilan ijara shartnomasi imzolangan.

Biroq 2017 yilda sud mehmonxonaning xususiylashtirilishi haqidagi qarorni bekor qilgach, bino davlat nazoratiga o‘tgan.

O‘z navbatida, Toshkent hokimligi bu masalaga izoh berib, Shodlik Palace mehmonxonasi binosi hokimlik balansida turmasligini va xususiy tadbirkorlik sub'yektiga tegishli ekanini ma'lum qilgan.

Hokimlikda ta'kidlanishicha, binodan foydalanish bilan bog‘liq barcha harakatlar uning egasi tomonidan hal qilinadi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top