15:48 / 11.02.2020
0
4025

Xans Klyuge: O‘zbekiston silga qarshi kurash tajribasini OIVga qarshi kurashda ham qo‘llashi kerak

JSST Yevropa mintaqaviy byurosining yangi rahbari xorijga ilk tashrifini O‘zbekistondan boshlab, mamlakatning silga qarshi kurashda erishgan natijalarini yuqori baholadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge 11 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi.

Mutaxassis jurnalistlarga bergan intervyusida O‘zbekistonning sil kasalligiga qarshi kurashda erishgan natijalarini e'tirof etdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Shaxsan o‘zim 20 yil muqaddam silga qarshi kurashish loyihasi doirasida Qoraqalpog‘istonda, aynan Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irotda ish olib borganman. Oradan 20 yil o‘tdi. Natijalar juda ajoyib. O‘ylaymanki, xuddi shunday tajribani endilikda OIV profilaktikasi va unga qarshi kurashishda qo‘llash lozim», – dedi Xans Klyuge.

Ma'lumot uchun, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda sil kasalliklaridan (tuberkulyoz) o‘lim holatlari 5 barobarga, silga chalinish hollari esa deyarli 2 barobarga kamaygan. 2019-2025 yillar ichida sil bilan kasallanish holatlarini deyarli 20 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda 42 mingdan ortiq kishi OIV infeksiyasi bilan yashab kelmoqda, ulardan 28 ming nafari antiretrovirus davo olmoqda. Mamlakatda yiliga 4000-4200 kishi OITSga chalinyapti – bu qo‘shni respublikalarga taqqoslaganda ancha past ko‘rsatkich. Shuningdek, O‘zbekiston OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga to‘la barham berilgan davlatlar qatoriga kirish arafasida turibdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top